» » 8-sentabr – millionlar o‘qishni orzu qiladigan Garvard universiteti tashkil etilgan kun

8-sentabr – millionlar o‘qishni orzu qiladigan Garvard universiteti tashkil etilgan kun


Garvard universiteti eng mashhur, eng nufuzli, eng eski, eng boy epitetlari bilan nom qozongan obro‘li universitetlardan biri sifatida e’tirof etiladi. AQSh davlat kotibi, mashhur senatorlar, kongressmenlar, siyosatchilarning ma’ruzalarini Garvard universiteti auditoriyalaridan turib tinglashni millionlab abituriyentlar orzu qiladi. Bunday imkoniyat esa Garvard universitetida shirin tushdan voqelikka aylanadi.

Garvard oliy ta’lim dargohi nafaqat AQShdagi, balki dunyodagi eng nufuzli ta’lim dargohlari sirasiga kiradi. Universitet atrofidagi zangori chimlar, boy kutubxona, yuqori kurslarning eng dabdabali bitiruv kechalari, qadimiy an’analar bilan bog‘liq marosimlar, taniqli olimlarning ma’ruzalari Garvardda ta’lim olish istagida bo‘lgan millionlab yoshlarni o‘ziga ohanrabodek jalb qiladi. Bugun “Daryo” nashri universitet tashkil etilgani munosabati bilan uning tarixi haqida hikoya qiladi.

Garvard universiteti Amerika qit’asida dastlabki manzil koloniyalari paydo bo‘lganidan 16 yil o‘tib, 1636-yilda tashkil topgan. Universitet tashkil topgan ilk yillarda dargohda bir o‘qituvchi 9 talabaga tahsil berardi. Asosan, o‘sha kezlarda universitetda Injil asoslari, matematika va lotin tilidan dars berilardi. Ko‘pchilik o‘ylaganidek, Jon Garvard universitetning asoschisi bo‘lmay, u faqat universitetning rivojlanishi uchun universitet kutubxonasiga ulkan sarmoyasi bilan yordam bergan shaxs sifatida tarixda eslanadi. Aynan shu sababdan ham uning ismi Garvard tarixida qolgan, desa ham bo‘ladi.

Garvard ko‘p profilli oliy ta’lim markazlaridan biri sanaladi va bu yerda har qanday fanni o‘qish imkoniyati mavjud. Talabalar bakalavr, magistr, doktorlik yoki MBA (biznes boshqaruvi magistrlik darajasi)ni olish uchun qunt bilan tahsil oladi. Oliy ma’lumotga ega bo‘lganlar bakalavr darajasiga topshira olmaydi. Xorijlik talabalar esa AQSh fuqarolari bilan bir xil huquq va imtiyoz asosida universitetda o‘qish imkoniyatiga ega. E’tiborli jihati shuki, Garvardda tahsil olishda Liberal Arts yo‘nalishi ustuvor.

Boshqacha qilib aytganda, talabalar tabiiy, ijtimoiy, gumanitar va san’at yo‘nalishlarida umumlashtirilgan bilim oladi. Talabalar o‘zlariga yoqqan istalgan fanni o‘qish huquqiga ega. Deylik, siz tarix yo‘nalishida o‘qiysiz, siz geografiya, huquq, adabiyot, san’at kabi yo‘nalishlardagi darslarni ham asosiy yo‘nalishingizga qo‘shib olsangiz bo‘ladi. Hozirda Garvardda 20 ming atrofida mahalliy va xorijlik talabalar ta’lim oladi. Talabalarning aksari MBA (biznes boshqaruvi magistri) darajasini olish uchun ta’lim olayotgan aspirantlardan iborat.

Garvard universiteti unchalik ham katta emas, kichik ham emas, bor-yo‘g‘i 85 gektar maydonda qad rostlagan. Garvard hududida uchta kampus joylashgan bo‘lib, ular o‘zaro metro, avtomobil va velosiped yo‘laklari bilan bog‘langan. Garvard biznes maktabi esa daryoning narigi tarafida joylashgan bo‘lib, uning maydoni 145 gektarni tashkil qiladi.

Garvard talabalar shahri hamdir. Bu yerda supermarketlar, restoran, bar, kafelar va hattoki Garvardning o‘z jinoyat olami ham mavjud. Qoq tunda qimmatbaho Rolex soatini taqib olib ketayotgan bo‘lsangiz, sizni hech kim bu talaba ekan, deb yo‘lingizni to‘smay, tunamasligiga kafolat yo‘q. Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, 2008-yilda Garvard universiteti kampuslarida 48 holatda nomusga tegish, 10 holatda talonchilik, 15 holatda yo‘lto‘sarlik, 750 holatda o‘g‘irlik qayd etilgani ma’lum qilingan. Garvard universitetida muvaffaqiyatli tahsil olayotgan talabalar universitetga yaqinroq hududlarda yashash imtiyoziga ham ega.

Garvard universiteti boy kutubxonasi, san’at galereyasi, tabiat muzeyiga ega. Shuningdek, Garvard o‘zining ommaviy axborot nashrlariga ham ega.

Garvard nepotizmlar bilan chiqishmaydigan ta’lim muassasasi. Garchi sen kimsan Garvard rektorining o‘g‘li yoki qizi bo‘lsang-da, o‘z mehnating bilan muvaffaqiyat qozonishing kerak. Falonchining o‘g‘li yoki qizi, bahosi a’lo bo‘lsin domlasi, qabilidagi gap so‘zlar bu yerda ishlamaydi. Universitetda o‘qish uchun abituriyent oliy ta’limgacha bo‘lgan ta’limda erishgan muvaffaqiyatlarini ko‘rsata bilishi lozim. SAT imtihonidan so‘ng abituriyentlar Garvardga hujjat topshirishlari mumkin.

Garvard universiteti abituriyentning hujjatlarini ko‘rib chiqib, qabul qilishga rozi bo‘lishi uchun undan eng kamida 1 460 ball olishi talab qilinadi. Shunda ham bu qabul qilinish uchun asos bo‘lmasligi mumkin. Millioner ota-onalar ko‘pincha o‘z farzandlarining Garvardda o‘qishlari uchun universitetning moddiy texnik bazasini yaxshilash uchun ko‘mak berishga ishtiyoq bildiradi, biroq tartib barcha uchun bir degan qoida amal qiladi: avval farzandingiz testni topshirsin, moliyaviy ko‘mak qochmas.

Hozirgi taraqqiy etgan davrda hisob-kitoblarni kredit kartalarisiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Bunday tartib Garvardga ham tegishli. Kredit kartalari Garvard talabasining asosiy hamrohidir. Garvardda tahsil olish uchun talaba boshqa xarajatlarsiz o‘qishning o‘zi uchun 49 653 AQSh dollari to‘lashiga to‘gri keladi. Xona ijarasi, a’zolik badali, to‘garak va shaxsiy harajatlar qo‘shilganda universitetda o‘qish 75 ming AQSh dollaridan 80 ming AQSh dollarigacha bo‘lgan oraliqda bo‘lishi mumkin.

Yana bir qiziqarli jihat shundaki, hamma ham Garvardda 80 ming dollar to‘lab tahsil olmaydi, universitet eng iqtidorli talabalar uchun o‘qish pulining 40-100 foizini qoplaydigan grant va stipendiyalar ta’sis etgan. Bu esa eng iqtidorli talabalargina Garvardda kam xarajat bilan o‘qish imkoniga ega, deganidir. 2019/2020-o‘quv yilida Garvard 142 mamlakatdan jami besh mingdan ortiq talabani o‘z quchog‘iga qabul qildi. Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, qabul qilingan aksar talabalar Osiyo qit’asidan. Irqi, millatidan, ijtimoiy kelib chiqishidan qat’iy nazar Garvardga kelgan talabalarni faqatgina bilim olishga bo‘lgan ishtiyoq, muhabbat birlashtiradi.

Aynan shu jihati bilan ham AQSh universitetlari O‘zbekistondagi universitetlardan farq qiladi. AQShning sakkiz nafar prezidenti Jon Adams, Jon Kuinsi Adams, Rezrford Xeys, Teodor Ruzvelt, Franklin Ruzvelt, Jon Kennedi, kichik Jorj Bush va Barak Obamalar aynan Garvard universitetida ta’lim olgan. Bil Geyts, Met Deyvon, Mark Sukerberg, Uilyam Xerst kabi akademik hayotda baxtini topmagan, ammo shaxsiy hayotda muvaffaqiyatga erishgan insonlar ham o‘zlarining oliy ta’limdagi qadamlarini aynan Garvardda boshlagan.

Bugun Garvard dunyoning eng nufuzli universitetlari reytingida 3-o‘rinda turadi. Bunday natijani universitet professor-o‘qituvchilari va talabalarining o‘z bilim va tajribalarini tinmay oshirishga ahd qilganliklari bilan izohlash mumkin.

Universitet haqidagi qiziqarli faktlar:

Jahongir Ergashev tayyorladi.



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (8-09-2020, 23:40)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Что нужно улучшить на нашем сайте?

КТО НА САЙТЕ?
( 100) ( 0) ( 98) ( 2)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют