» » Rossiyada aholining yarmi koronavirus vaksinasini qabul qilishga qarshi chiqmoqda

Rossiyada aholining yarmi koronavirus vaksinasini qabul qilishga qarshi chiqmoqda


Rossiya Oliy iqtisodiyot maktabi tadqiqoti 2020-yilning yozida koronavirus vaksinalariga qarshi bo‘lgan kishilar soni 8 foizga o‘sganini ko‘rsatdi. Odamlarning aksar qismi epidemiya o‘ylab topilgan fitna ekanini ta’kidlagan. Bu haqda “RBK” xabar berdi.

Rossiyaliklarning deyarli yarmi (45,6 foiz) bu Rossiya vaksinasi yoki xorijda ishlab chiqilgan vaksina bo‘lishidan qat’i nazar, hech qachon emlanmaslikni afzal ko‘rgan. So‘rovnoma Oliy iqtisodiyot maktabining ekspert-tahlil direksiyasi tomonidan o‘tkazilgan.

Vaksinadan foydalanishni istamayotgan kishilarning 24,6 foizi ommaviy vaksinatsiya qilish jarayonini kuzatishga qaror qilgan, ular emlashning samaradorligi va xavfsizligini aniq bilishni istaydi. Yana 25 foiz respondentlar esa har qanday turdagi vaksinaga qarshi chiqqan.

Yoz davomida koronavirus vaksinasiga qarshi rossiyaliklar soni 8 foizga oshgan.

5 – 7-sentabr kunlari bir nechta elektron resursda internet-so‘rovnoma o‘tkazilgan. Unda 18 yoshdan 75 yoshgacha bo‘lgan 9 ming nafar rossiyalik ishtirok etgan.

Iyun o‘rtalarida o‘tkazilgan xuddi shunday so‘rovnoma bilan taqqoslaganda koronavirus infeksiyasiga qarshi vaksina yaratilganidan keyin uni qabul qilishni istamaydiganlar soni 13,2 foizga kamaygani ma’lum bo‘lgan. Ovoz beruvchilarning 18,6 foizi bu yil emlanishni istamaydi va kelasi yili bu borada bir to‘xtamga kelishi mumkin.

Rossiyada pandemiya boshlanganidan beri epidemiyaning xavflilik darajasi oshirib yuborilayotgani manfaatdor shaxslar tomonidan o‘ylab topilgan deb hisoblovchilar soni oshib bormoqda. May oyida rossiyaliklarning 32,8 foizi shunday fikrda edi, endilikda ushbu ko‘rsatkich 43,4 foizga yetgan. So‘rovnomada qatnashgan har beshinchi respondent Rossiyada epidemiyaning ikkinchi to‘lqini davom etayotganini bildirgan.

Rossiyaning Uzoq Sharq federal okrugi (54,4 foiz), Sibir (46,5 foiz) va Markaziy federal okruglarida (46,5 foiz) odamlar shunday fikrda ekanini aytgan.

Tadqiqot mualliflarining qayd etishicha, Moskvada koronavirusga ishonmaydiganlarning soni minimal darajada past (34,7 foiz). Rossiya poytaxti aholisi koronavirus tarqalishining ikkinchi to‘lqiniga tayyorgarlik ko‘rmoqda.

“Moskvada har uchinchi fuqaro koronavirus pandemiyasining ikkinchi to‘lqini davom etayotganini bildirgan”, — deyiladi tadqiqotda.

Mavzuga doir: Moskvada ko‘ngillilarni COVID-19’ga qarshi emlash boshlandi

“Rossiyada koronavirus bilan kasallanish holatlari keskin kamaygani tufayli kasallikka ishonmaydigan odamlar soni yana orta boshlagan”, — deydi tadqiqot mualliflaridan biri Ruslan Artamonov.

“Ko‘pchilikka virus nazariy jihatdan axborot maydonida tahdid qilgan, lekin odamlar iqtisodiy qiyinchiliklarga duch kelgan, o‘z-o‘zini yakkalash tartibida esa turli cheklovlar bo‘lgan”, — deydi Artamonov.

Mart oyi oxirida Moskvada va keyinchalik boshqa hududlarda karantin tartibi joriy etilgan. 31-mart kuni koronavirus bo‘yicha Rossiya tezkor shtabi 73 ta hududda koronavirus yuqtirib olganlar soni 2 ming nafardan oshganini xabar qilgan. 11-maydan Rossiya prezidenti Vladimir Putin qaroriga ko‘ra cheklovlar bosqichma-bosqich bekor qilina boshladi. O‘sha vaqtda 85 ta hududda COVID-19’ga chalinganlar soni 200 ming nafardan ko‘proq edi. Sentabr boshiga kelib Rossiyaning bir nechta hududlarida turli cheklovlar bekor qilindi, mamlakat bo‘yicha koronavirus bilan kasallanganlarning umumiy soni 1 million nafardan oshib ketgan.

Artamonovning fikrlariga Xalqaro tibbiyot klasteri bosh direktorining maslahatchisi Yaroslav Ashixin ham qo‘shilmoqda.

“Odamlar koronavirusning u qadar xavfli emasligiga baho bera boshladi. Bundan tashqari, olimlar chegaralar ochilganidan keyin kasallanishlar soni oshib ketishi va ikkinchi to‘lqin bo‘lishi borasida tushuntirish bera olmayapti. Shuningdek, klinikalar bemorlarga to‘lib ketmagan, shu sababli ham kasallikka ishonmaydiganlar soni keskin ortdi”, — degan Ashixin.

U vaziyatga to‘g‘ri baho berish uchun ko‘proq ilmiy anjumanlar va tadqiqotlar o‘tkazish lozim deb hisoblamoqda.

“Barchaga ma’lum axborotlar bor. Rossiyada 18 ming nafardan ortiq kishi kasallik asoratlari oqibatida vafot etgan, butun dunyoda COVID-19 oqibatida kuzatilgan o‘limlar soni esa 900 mingtadan oshib ketdi. Pandemiya butun dunyoni qamrab olgan. Deyarli har bir oilada muammolar kuzatilgan, ko‘plab odamlar kasallikka chalinib, undan tuzalgan ayni vaziyatda mavjud narsalarga ishonmaslik absurdga o‘xshaydi”, — degan Rossiya sog‘liqni saqlash vazirligining yuqumli kasalliklar bo‘yicha mutaxassisi Vladimir Chulanov.

Pandemiyaning Rossiyadagi ikkinchi to‘lqini haqida

Rossiyaliklarning chegaralar ochilishi koronavirus pandemiyasining ikkinchi to‘lqini boshlanishiga sabab bo‘lishi haqidagi fikrlari deyarli 50 ga 50. 45,3 foiz ishtirokchi chegaralarning ochilishi, 45,3 foiz odam esa fuqarolarning kurortlarda hordiq chiqarishi yoki xorijga borishi kasallanishlar sonini oshirishiga ovoz bergan. Jamoat transporti faoliyatini boshlagani (17 foiz), maktab va bog‘chalarning ochilishi (15,2 foiz) ham pandemiyaga salbiy ta’sir qilishi haqida gapirgan respondentlar ham ko‘pchilikni tashkil qiladi.

So‘rovnomada qatnashganlarning deyarli yarmi, ya’ni 47,6 foizi davlat koronavirus pandemiyasining ikkinchi to‘lqini boshlanadigan bo‘lsa, chegaralarni yopishi kerakligini aytgan. 26,2 foiz respondentlar jamoat joylarini yopish, har beshinchi ishtirokchi esa (22,15) bahordagi kabi o‘zni yakkalash tartibini joriy qilish javobini tanlagan.

Respondentlarning 45,3 foizi bahordagi kabi tartib joriy qilinsa unga rioya etishga tayyor. 18 foiz ishtirokchilar esa o‘z xohishiga ko‘ra mazkur tartibga bo‘ysunmaslikni afzal ko‘rgan, har o‘ninchi rossiyalik (9,9 foiz) esa faqat jarima tayinlanishiga sabab bo‘ladigan qoidalarga amal qilmoqchi.

Koronavirus va maktab

Maktablar Rospotrebnadzor talablariga qat’iy amal qilib kelmoqda, deyiladi tadqiqotda (so‘rovnomada bolalari maktabga qatnaydigan ota-onalar ishtirok etgan). Maktablarning 75 foizida muassasaga kiraverishda tana harorati o‘lchanadi, yarmidan ko‘pida bitta sinfda ta’lim olish tartibi ishlamoqda. Shunga qaramay, har o‘ninchi maktabda o‘qituvchilar koronavirusga test qilinmoqda. Ishtirokchilarning 57,7 foizi amalga oshirilgan ishlar koronavirus bilan kasallanish holatlarining kamayishiga ta’sir ko‘rsatmasligini bildirgan.

Mavzuga doir: AQSh davlat kotibi Rossiya va Xitoyni koronavirusga qarshi vaksinani piar qilishda aybladi

Eslatib o‘tamiz, Rossiyaning Gamaleya instituti tomonidan yaratilgan koronavirusga qarshi ikki komponentli vaksina 11-avgust kuni vaqtinchalik ro‘yxatdan o‘tish guvohnomasini olgan. Vaksina to‘liq samaradorlik tadqiqotini o‘tkazish sharti bilan ro‘yxatdan o‘tkazilgan va guvohnoma 2021-yil 1-yanvarga qadar amal qiladi.

Vaksinani yaratish va tadqiq qilish ishlarini moliyalashtiruvchi Rossiyaning to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiyalar jamg‘armasi rahbari Kirill Dmitriyev Rossiyada koronavirusga qarshi ommaviy emlash 2020-yil oktabr oyidan boshlanishini aytgan. Keyinchalik Rossiyada xavf guruhiga kiruvchi kishilarni koronavirusga qarshi ommaviy emlash 2020-yilning noyabr—dekabr oylarida boshlanishi haqida xabar berildi.



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (12-09-2020, 12:10)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Сколько времени в день вы проводите в социальных сетях?

КТО НА САЙТЕ?
( 65) ( 0) ( 64) ( 1)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют