» » AQSh—Buyuk Britaniya hamda AQSh va Xitoy munosabatlari. COVID-19 xavfli pandemiyalarning so‘nggisi emasmi? Jahon matbuoti sharhi

AQSh—Buyuk Britaniya hamda AQSh va Xitoy munosabatlari. COVID-19 xavfli pandemiyalarning so‘nggisi emasmi? Jahon matbuoti sharhi


“Daryo” o‘tib borayotgan haftada dunyo matbuotida e’lon qilingan va muhokama markazida bo‘lgan maqolalar sharhi bilan tanishtiradi.

AQSh va Buyuk Britaniya o‘rtasidagi diplomatik munosabatlar bir nechta urushlarga qaramasdan Ikkinchi jahon urushidan keyingi davr mobaynida liberalizm va demokratiyaning o‘ziga xos etaloni sifatida namuna bo‘ldi, deb yozadi The Project Syndicate nashri.

AQSh va Buyuk Britaniyaning dunyo jamiyatidagi nufuzi bundan 70 yil avval o‘ta yuqori edi. Ikki mamlakat birgalikda nasizmi va yapon militarizmini liberalizm va demokratiyani himoya qilish maqsadida yakson qildi. Stalin rahbarligida Sovet Ittifoqi ikki ingliz tilida so‘zlashuvchi mamlakatlarning muvaffaqiyatiga esa boshqacha ko‘z bilan qaragan bo‘lsa-da, aynan AQSh va Buyuk Britaniya Ikkinchi jahon urushidan keyingi siyosiy vaziyatni belgilab berishda asosiy o‘yinchi sifatida ishtirok etdi.

Ikkinchi jahon urushidan keyin yuzaga kelgan siyosiy tartibning asoslari 1941-yilda Uinston Cherchill va prezident Franklin Ruzvelt o‘rtasida Nyufaundlend qirg‘oqlari yaqinidagi kemada imzolanadi. Ular tuzgan bitim xalqaro hamkorlik, insonlarning erkinliklari va ozodliklari uchun xizmat qilishini nazarda tutardi. Cherchill ingliz mustamlakalariga bu qoidalarni yoyishni yoqtirmagan bo‘lsa-da, AQSh asosiy bitim imzolanishi ilinjida Cherchill xushlamaydigan mavzuda bahs yuritish mavzusida yopiq qozon yopiqligicha tursin, degan maqolga amal qilgan holda ish tutdi. Ruzvelt nazarida amerika-ingliz munosabatlari har narsadan ustun turishi lozim edi.

Biroq Britaniyadagi Brexit va AQShda hokimiyat tepasiga Donald Trampning kelishi ikki inglizcha so‘zlashuvchi mamlakatlarning istiqbolli munosabatlariga xira tortgandek. Britaniyada ham AQShda ham konservatorlar partiyasi populist siyosatchilarning panjasiga tushib qoldi. Natijada, ayrim iqtisodiy masalalarga Vashington va London turli munosabat bildira boshladi. Misol uchun, rasmiy London Huawei kompaniyasining 5G aloqa tizimi Britaniya iqtisodiyotiga katta daromad olib kelishi haqida gapirsa, Vashington Londondagi hamkasblarini Huawei ichki xavfsizlik uchun katta muammo ekaniga ishontirib kelmoqda.

Bugun Tramp yetakchiligidagi AQSh Ruzvelt butun prezidentligi davomida himoya qilgan qadriyatlarga qarshi chiqqan holda izolyatsionizm siyosatini dastak qilib olgan bo‘lsa, Boris Jonson Ser Uinston Cherchill orzu qilgan birlashgan Yevropa g‘oyalaridan chekinib, Yevropaga orqa o‘girib oldi. Bunday siyosatga nimalar sabab bo‘ldi? Sabablari esa iqtisodiy tengsizlik, eskirgan boshqaruv institutlari, o‘zidan mamnun siyosiy elita, immigrantlarga nisbatan chap ko‘z bilan qarash ham AQSh, ham Buyuk Britaniyaning ziyoniga ishlamoqda.

Trampning “Avvalo Amerika manfaatlari” shiori AQShni butun dunyodan, eng avvalo, azaliy ittifoqchilari bo‘lib kelgan g‘arbning demokratik institutlaridan ihotalab qo‘ymoqda. Tramp o‘z nutqlarida AQShning oq tanli, oliy  ma’lumotga ega bo‘lmagan, mamlakatning yuqori tabaqalaridan hafsalasi pir bo‘lgan qatlamiga murojaat qilgan holatda o‘z siyosatini yuritmoqda. Buning ildizlari esa kichik Bushning Iroqdagi avantyura urush o‘chog‘ini ochishi bilan qurbon bo‘lgan amerikaliklarning yaqinlariga yoqish bilan bog‘liq nutqlarida namoyon bo‘lmoqda.

Bir vaqtlar barcha amerikalik prezidentlar nazarida buldog monand Uinston Cherchill qiyofasi haqiqiy anglo-sakslarning chin siymosi edi. Kichik Bush ham, sobiq Britaniya bosh vaziri Toni Bler ham Cherchillga havas qilar va uning siyosatidan ilhom olardi. Bler o‘z nutqlarining birida Ikkinchi jahon urushi davrida faqatgina bir mamlakat Britaniya tarafida bo‘lganini va shu sababli ham Britaniya AQShning Iroqdagi urushi davrida amerikaliklar bilan birga bo‘lishi kerakligini uqtirgandi. Keyinchalik esa Bler tarixiy xatolikka yo‘l qo‘ygani, Blerning o‘tmishni qo‘msashi ahmoqlik bo‘lgani barchaga oshkor bo‘lib qoldi.

Bundan tashqari, 1956-yildagi Suets, 1960-yillardagi Vyetnam, 2003-yildagi Iroq urushlari AQSh va Britaniya rahbarlarining o‘tmishni qo‘msash borasidagi siyosati ularning Nevill Chemberlenning 1938-yildagi “qanoatlantirish” siyosatiga ham o‘xshab ketadi. Britaniya bosh vaziri Chemberlen mamlakati urushga tayyor emasligini bilganidanmi yoki Gitler bilan urushga kirishga jazmi yetmaganidanmi, Gitlerga Chexoslovakiyani anneksiya qilishga yo‘l qo‘yib bergandi. Cherchill esa Chemberlenning mazkur siyosatini qoralagandi. Urushdan keyingi davrda AQSh va Britaniya rahbariyati Cherchilldek qat’iyatga taqlid qila boshladi.

Biroq bunday siyosat Britaniyani bankrotlik yoqasiga olib kelib qo‘ydi. Britaniya Yevropadan o‘zini olib qochdi, chunki inglizlar nazarida faqat Britaniyagina Ikkinchi jahon urushida Gitler Germaniyasini mag‘lub qilganu, qolganlar Germaniyaning vassallariga aylangandi. Vassallarga aylanganlar oldida Britaniya teng bo‘lishi ingliz hukmron elitasining nufuziga dog‘ tushirganday edi.

Bu xato siyosat bo‘lsa-da, ingliz hukumatining siyosati toki Garold Makmillan hokimiyat tepasiga kelmagunicha rad etildi. Garold Makmillan Britaniya Yevropa qit’asiz yutqazishini ochiqladi. AQSh esa inglizlarni Yevropada o‘z “tengi” bilan munosabatda bo‘lishga undashdan tap tortmay keldi. Hattoki AQSh davlat kotibi Garold Makmillan dasturidan so‘ng Britaniya Yevropada yetakchi bo‘lish imkoniyatini boy berganlikda aybladi. Britaniya AQSh etagini tuta boshladi.

Natijada, bugun AQSh va Britaniya tobora o‘zlarini Yevropa mamlakatlaridan uzoqlashtirib bormoqda. AQSh va Britaniyaning urushda g‘olib mamlakat bo‘lgani bugunda dunyo bo‘ylab yangi siyosiy falokatlarga olib kelmoqda. G‘olib esa hozircha noma’lum.

G‘arblik yuqumli kasalliklar bilan shug‘ullanuvchi olimlarning taxmin qilishlaricha, yaqin kelajakda ommaviy epidemiyalar toboro ko‘proq takrorlana boshlaydi. COVID-19 pandemiyasi insoniyat yuzlashgan pandemiyalarning so‘nggisi emas, deb yozadi The Vice nashri.

Amerikalik yetakchi immunolog, allergiya va yuqumli kasalliklar milliy instituti direktori Entoni Fauchi va epidemiolog Devid Morens nazarida  yaqin kelajakda dunyo aholisi sonining ko‘payishi, tabiatga insonning salbiy ta’siri natijasida koronavirusga o‘xshagan pandemiyalar ko‘proq yuzaga kela boshlaydi.

The Cell ilmiy jurnalida e’lon qilingan maqolada Fauchi va Morens so‘nggi o‘n yillikda cho‘chqa grippi, Zika virusi, Ebola kabi kasalliklar ko‘p tarqalgani holatlari aniqlanganini o‘z taxminlarining asoslari sifatida dalillashadi. Olimlar nazarida 2019-yilda boshlangan koronavirus bu insoniyat to‘qnash kelgan navbatdagi pandemiyalaridan biri.

Mutaxassislar fikricha,  yangi va xavfli vaziyatning yuzaga kelishi sabablari murakkab va jiddiy izlanishlar o‘tkazilishini talab qiladi. Fauchi va Morensning izohlashlaricha, insoniyat taxminan 12 ming yil oldin neolit davri inqilobi boshlangan davrdan beri to‘xtovsiz ravishda turli yangi paydo bo‘lgan yuqumli kasalliklarga qarshi kurashib keladi. Ammo so‘nggi o‘n yillikda yuqumli kasalliklarning tez-tez takrorlanishi insoniyatni yanada jiddiyroq xavflar kutib turganidan darak.

So‘nggi paytda takrorlanayotgan aksar viruslar dastlab sutemizuvchi hayvonlarda paydo bo‘lmoqda va keyin insonlarga yuqmoqda. Aholi sonining o‘sishi, insonlarning ko‘chib yurishi va atrof-muhitning ifloslanishi yangi yuqumli kasalliklarni yuzaga kelishiga va keng tarqalishiga sabab bo‘lyapti.Globallashgan dunyoda insonlarning bir yerdan ikkinchi yerga sayohat qilishi jarayoni yengillashgani sari yuqumli kasalliklarning ham paydo bo‘lishi va tarqalishi osonlashmoqda. Bu esa insoniyatga katta xavf solmoqda, deb izoh beradi Fauchu va Morens.

Ichimlik suvini saqlash, yuqumli kasalliklarga chalingan qush bozorlarini tozalash jarayoni ham yuqumli kasalliklar tarqalishining sabablaridan biri bo‘lib qolmoqda. Ayni shunday vaziyatda yuqumli kasalliklar tarqalishining oldini olish mumkinmi? Mutaxassislar nazarida, agarda insonlar o‘z tabiatlarini va odatlarini o‘zgartira olmasa, COVID-19 insoniyatni kutib turgan xavfli yuqumli kasalliklarning navbatdagilaridan biri bo‘ladi.

Melburn universiteti mikrobiologiya professori Jeyms Jilkerson ham Fauchi va Morensning ilmiy xulosalariga monand fikrni bildirdi va insoniyat COVID-19 pandemiyasiga qarshi kurashdan tegishli xulosa chiqarishiga umid qilishini aytdi. Shuningdek, Jeyms Jilkers nazarida, mutaxassislar kelajakda kutib turgan yangi pandemiyalarga qarshi kurash, ularga qarshi antibiotiklar, virusga qarshi vaksinalar ishlab chiqarishga tayyor turishlari kerak. Bu esa ehtimoliy xavflarning oldini olishga yordam beradi.

Olimlar nazarida, vaksinalarning o‘zigina insonlarga viruslarni yengishda yordam berishga ojiz. Bugungi jamiyatda insoniyatning tabiatga ta’siri benihoya ulkan ekani, insoniyatning xatti-harakati tabiatga katta xavf tug‘dirayotgani yangi xavfli  yuqumli kasalliklarni keltirib chiqaraveradi.

Prezident Tramp 3,5 yillik prezidentligi davrida va nihoyat Xitoyga qarshi texnologik raqobatda qo‘llaniladigan strategiya ishlab chiqdi. Bu strategiya o‘z ichiga Xitoyga zarur bo‘lgan mahsulotlarni yetkazib berishni qisqartirishdan to mahsulot eksportiga qo‘yiladigan taqiqlarni o‘z ichiga oladi, deb yozadi The Foreign Affairs nashri.

Tramp ma’muriyatining Xitoyga qarshi sanksiyalari ko‘pincha yetarli darajada o‘ylanmagan va hattoki AQShning o‘ziga ham zarar keltiruvchi choralar bo‘lib qolayotgandi. Yangi strategiya esa Xitoyga texnologiyalarni yetkazib berishni cheklovchi xususiyatga ega bo‘lib, AQShning o‘zida texnologiyalarni yaratishga imkon beradi.

Rasmiy Pekin ham AQShga nisbatan siyosatini oydinlashtirib oldi. Xitoy AQShga tobe bo‘lib qolmasligi uchun o‘z yarim o‘tkazgichlari va texnologiyalarini rivojlantirishga bel bog‘ladi. Bu maqsadda Xitoy hukumati o‘zining texnologik kompaniyalarini “Bir kamar, bir yo‘l” tashabbusida qatnashishlarini rag‘batlantirmoqda. Agar innovatsion kompaniyalar Xitoy hukumati tashabbusida ishtirok etadigan bo‘lsa, bu Xitoyning AQShdan eksport qilinadigan innovatsion texnologiyalarga qaramligining oldini oladi.

Biroq texnologik urushdan kim yutadi, hozircha noaniq bo‘lib qolmoqda. Ikki qutbga ajralgan texnologiyalar olami kelajagi hozirda aytish mumkinki, rivojlanishi sekinlashadi. Deutsche Bank ma’lumotlariga ko‘ra, texnologiyalar urushi xarajatlari yaqin besh yillik istiqbolda 3,5 trillion dollarga tushishini bashorat qildi. Shunga qaramasdan, AQSh va Xitoy o‘zlarida texnologiyalarni rivojlantirishga urg‘u bermoqda. Bu esa ikki mamlakatga milliy xavfsizlik masalalariga ham ehtiyotkorona yondashishlariga asos bo‘ladi.

Tramp ma’muriyati Xitoyga qarshi texnologiyalar urushini e’lon qilar ekan, agarda AQShdagi hukumat o‘zgaradigan bo‘lsa, o‘z siyosatini yanada obdon o‘ylashiga to‘g‘ri keladi. Tik Tok, We Chat ilovalari bilan bog‘liq muammolarni hal qilish uchun AQSh hukumati o‘z huquqiy bazasini maxfiylashtirishga yordam beradigan jihatlarni qayta ko‘rib chiqishiga to‘g‘ri keladi. Yangi AQSh hukumati esa ancha kengroq o‘zgarishlarni tatbiq etishi va bu texnologik raqobatga ta’sir qilishi mumkin.

Misol uchun, Tramp ma’muriyati sun’iy intellektdan himoyalanish uchun taqriban 30 foizga texnologiyalar sohasidagi xarajatlarni oshirishni taklif qildi. Boshqa sohalar ham shunday imtiyozlarni qo‘lga kiritishi mumkin. Yana bir jihat, agar AQSh aqlli immigratsiya siyosatini yuritganda edi, ehtimol Yevropa Ittifoqi, Avstraliya, Kanada, Buyuk Britaniyadagi “aqlli miyalar” mehnatlarini Xitoyga emas, AQShning raqobatda yutib chiqishi uchun ishlatgan bo‘lardi.

Ammo ayni paytdagi AQShning immigratsiya borasidagi ksenofobiyaga asoslangan siyosati amerikaliklar uchun faqat ziyon. Xitoy ham o‘z navbatida yuqori texnologiyalar borasida AQShga tayana olmasligini tushib qoldi va yangi imkoniyatlar harakatida.

Shu maqsadda iyul oyida Xitoy rahbari Si Szinpin xitoylik texnologiya kompaniyalari rahbarlari bilan muloqot qildi va ularni vatanparvar bo‘lgan holda sun’iy intellekt, chiplar va intellektual mulk masalalarida innovatsion texnologiyalarni yaratishga rag‘batlantirdi. Hozirda Alibaba, Tencent kabi Xitoy kompaniyalari yarim o‘tkazgichlar, smart chiplar borasida izlanishlarni boshlab yubordi. Xitoy, shuningdek, AQShning sanksiyalarini chetlab o‘tadigan infratizim ustida ish olib bormoqda.

Shu maqsadda Huawei kompaniyasi Google kompaniyasining tadqiqotchilarini o‘z tarafiga og‘dirib olish uchun bir milliard dollar sarflashini e’lon qildi. Bu kompaniyalar, shuningdek, Yevropada va “Bir kamar, bir yo‘l” tashabbusiga a’zo mamlakatlar orasida o‘z xizmatlarini taklif qilish bilan ham shug‘ullanadi.  Qo‘shimcha tarzda, Xitoy hukumati AQSh va Yevropaning bir qator kompaniyalarini Xitoydagi biznes yuritishlariga to‘siq bo‘luvchi ro‘yxat tayyorlamoqda. Ayrim tahlilchilar nazarida Apple va Qualcom AQShning Huawei’ga qarshi siyosati uchun jazolanishi mumkinligini ham taxmin qilmoqda.

AQShda kim prezident bo‘lishidan qat’iy nazar, ikki mamlakatning texnologik urushi ko‘plab salbiy oqibatlarni yuzaga chiqaradi. Eng asosiysi, Xitoy AQShning savdo urushlariga ko‘z yumib kelgan bo‘lsa, texnologik urush davrida amerikaliklarga munosib javob qaytarishni ko‘zlamoqda. Bu esa rasmiy Pekin rasmiy Vashingtonning har bir siyosiy qadamiga munosib javob berishga qodirligidan darak.

Jahongir Ergashev tayyorladi.



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (13-09-2020, 08:25)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Что нужно улучшить на нашем сайте?

КТО НА САЙТЕ?
( 64) ( 0) ( 62) ( 2)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют