» » Kambag‘allikka qarshi kurashayotgan so‘zana. Nurotalik hunarmand bilan suhbat

Kambag‘allikka qarshi kurashayotgan so‘zana. Nurotalik hunarmand bilan suhbat


Bugun O‘zbekiston hunarmandlari nafaqat o‘z sohasini rivojlantirish, balki oilalarni kambag‘allikdan chiqarishga ham astoydil harakat qilmoqda. Nurotalik ustazoda kashtachi Gulmira Islomova ham o‘z hunar sir-asrorlarini o‘rgatish orqali “ustoz-shogird” an’anasini davom ettirishdan tashqari, ko‘plab yangi ish o‘rinlarini ham yaratmoqda. “Daryo” muxbiri Navoiy viloyatiga qilgan safari mobaynida hunarmand boshqarib kelayotgan “Nur so‘zana” milliy kashtachilik korxonasida bo‘lib, reportaj tayyorladi.

Momomeros hunar davomchisi

Nurota kashtachiligi azaldan keng rivojlanib, Yevropada ham dovrug‘ qozongan. Bu tumanda momomerosni ardoqlab kelayotgan sulola vakillari ko‘pchilikni tashkil etadi. Gulmira Islomovaga ham so‘zana tikish momomeros hunar. U Nurota kashtachiligi an’anasini davom ettirayotgan beshinchi avlod vakili.

“Aqlimni tanibmanki, qo‘limda igna bilan mehnatdaman, izlanishdaman. Kichkinaligimdan buvim va onamning ko‘magida kashtachilikning o‘ziga xos nozik hamda murakkab sirlarini o‘rgandim. Maktab davrida ham dars mashg‘ulotlaridan so‘ng tikish bilan shug‘ullanardim. Yoshim ulg‘aygan sari bu maftunkor olamsiz yasholmasligimni tushundim. Chunki milliy hunarmandchiligimizning ushbu yo‘nalishi menga zavq bag‘ishlaydi, ishlagan sayin ilhom kelaveraman.

Sulola davomchisi sifatida kashtachilikni yanada keng ommalashtirish niyatida tadbirkorlik faoliyatini boshlashga qaror qildim. 2017-yili “Nur so‘zana” milliy kashtachilik korxonasiga asos soldik. Hozir bu yerda o‘ttizdan ziyod turdagi mahsulot ishlab chiqarilmoqda. Ayollar kostyumi, dasturxon, yostiq, ko‘ylak, so‘zanalarni deyarli buyurtma asosida tikamiz. Mahsulotlarimizning barchasi qo‘l mehnati bilan yaratiladi. Kashtalarga ishlatiladigan iplarni ham qadimiy uslubda o‘zimiz tayyorlaymiz.

Onam “So‘zanalaring chiroyli chiqishini istasang, faqat yaxshi narsalar haqida o‘yla, a’lo kayfiyatda ish boshla, unga qalb qo‘ringni, bor mehringni ber, shunda tikkan kashtalaring insonlar qalbini zabt etadi”, deb tez-tez takrorlaydilar. Bu esa menga kuch berib, yanada ziyrak bo‘lishga chorlaydi, dedi hunarmand.

“Yuzlab xotin-qizlarni ishli qildik”

Milliy hunarmandlik san’atining faol targ‘ibotchisi hisoblangan “Hunarmand” uyushmasi a’zosining kashtalarida nafislik, o‘tkir va yorqin ranglar aks etadi, naqshlar xilma-xilligi kishini to‘lqinlantiradi. U o‘z mehnat mahsullarida milliy kashtachilik va so‘zana san’atida o‘simliksimon va gullar tasviri tushirilgan naqsh kompozitsiyalarini keng qo‘llaydi, anor, anorgul, bodomgul singari oftoba naqshlar bardavomligini ta’minlashga e’tibor qiladi. Uning aytishicha, kashtalardagi anor, bodom shaklli naqshlar serfarzandlik, baxt, mehr-muhabbat, totuvlik ma’nolarini anglatadi.

“Oilaviy korxonamizda 250 nafarga yaqin xotin-qizlar ish bilan band. Ishchilarim orasida 5 yoshli qizaloqlar-u 70 yoshli momolar ham bor. Aksariyati mahsulotni uyida tayyorlaydi. Har bir mahalladagi ishonchli vakilimizga xomashyolarni ham, oylik maoshlarni ham hisob-kitob asosida topshiramiz. Ular esa hududidagi ishchilarimizga vaqtida tarqatib chiqadi.

Har bir ishchi harakatiga, qilgan ishiga yarasha mablag‘ topadi. Hunar o‘rganishni endi boshlaganlar, qizchalar va keksa onaxonlar bir oyda 600-700 ming so‘m, o‘rta yoshdagi chaqqon tikuvchilar esa bir million so‘mdan ko‘proq maosh oladi. Ulardagi oila budjetiga qo‘shimcha daromad qo‘shishga qiziqish, intilishni ko‘rib, juda xursand bo‘laman. Eng asosiysi, kashtachilik avloddan-avlodga an’ana bo‘lib kelmoqda, qadriyatlarimiz qadrlanyapti”, — dedi u.

Yiliga 5-6 ming AQSh dollar sof foyda

“Nur so‘zana” korxonasida ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarga ichki va tashqi bozorda ehtiyoj yildan yilga o‘sib boryapti. Ayniqsa, keyingi yillarda tabiiy buyumlarning jahon bozorida savdosi ancha chaqqon. Xorijdan kelayotgan sayyohlar orasidan ham aynan shunday bejirim milliy mahsulotlarni so‘rovchilar ko‘paymoqda.

“Turkiyada sayyohlar uchun jahon bozori borligi uchun asosan, shu davlatga eksport qilamiz. Amerika, Rossiya, Arabiston kabi mamlakatlarga ham buyurtma mahsulotlar yetkazib beramiz. Xorijdan tashrif buyurayotgan turistlarga qulaylik yaratish maqsadida Toshkent shahrida korxona filialini tashkil etganmiz. Yaqinda Samarqand shahrida ham yana bir do‘kon ochmoqchimiz. Nurotadagi bu xonadonimizga ham chet elliklar tez-tez kelib, mahsulot xarid qilishadi.

Sayyohlar qo‘l kuchi va yuksak did bilan tikilgan nafis buyumlarimizdan o‘zgacha taassurot olganini minnatdorlik orqali ko‘p ta’kidlashadi. Ularga so‘zana palaklari, yostiq jildlari, dasturxon, chopon, ayollar liboslari, ayollar qo‘l sumkasi kabi mahsulotlarni zamonaviy ko‘rinishda tayyorlaganlarimiz ham ma’qul kelmoqda. Tadbirkorlik ortidan yiliga o‘rtacha 5-6 ming AQSh dollari miqdorda sof daromad topamiz”, dedi Gulmira Islomova.

“Hunarim ortidan dunyo kezyapman”

Hali yosh bo‘lishiga qaramay, ko‘plab shogirdlar yetishtirib, kashtado‘zlik san’atini yanada ommalashtirayotgan hamda yuzlab “temir daftar”dagi oilalarni farovon hayot kechirishiga sababchi bo‘layotgan hunarmand ko‘plab yutuqlarni qo‘lga kirib kelmoqda.

“Ochig‘ini aytish kerak, hunarmandlarni qo‘llab-quvvatlash va sohani rivojlantirishga oxirgi yillarda kuchli e’tibor qaratilmoqda. Faoliyatini kengaytirish istagidagi hunarmandlarga kredit, yoshlarga esa subsidiyalar ajratilyapti. Hunarimiz ortidan dunyo ko‘ryapmiz, mahsulotlarimizni eksport qilyapmiz...

O‘zim kashtachilik tufayli Hindiston, Rossiya, Turkiya, Tojikiston, Isroil kabi davlatlarda o‘tkazilgan xalqaro ko‘rgazmalarga qatnashdim, biznes hamkorlar bilan shartnoma tuzishga muvaffaq bo‘ldim.

O‘tgan yili “Tashabbus-2019” ko‘rik-tanlovining Respublika bosqichida ikkinchi o‘rinni qo‘lga kiritdim. Shu yilning fevralida Hindistonning Xaryana shtatida o‘tkazilgan 34-xalqaro hunarmandchilik festivalida ishtirok etdim. Boshqa yurtlardagi hunarmandlar va mezbon mamlakat amaldorlari ishlarimni ijobiy baholashdi hamda kelgusi yili ham festivalda qatnashishga taklif qilishdi. Mart oyida esa O‘zbekiston Prezidentining farmoniga asosan “Shuhrat” medali bilan taqdirlandim. Bunday yutuqlar menga, albatta, kuch bag‘ishlaydi, yangi rejalarni amalga oshirishga undaydi”, dedi Islomova.

“Ipak gilamchilikni yo‘lga qo‘ymoqchiman”

Gulmira Islomova hamisha yangi g‘oyalar ustida izlanib, kashta bilan bezatilgan esdalikbop mahsulotlar sonini ko‘paytirishga harakat qiladi. U joriy yil yakuniga qadar navbatdagi loyiha: ipak gilamchilikni yo‘lga qo‘yishga hozirlik ko‘rmoqda.

“Yaqinda Nurota tajribasini Surxondaryo viloyatida ommalashtirish, nurotalik kashtado‘zlar amaliy tajribasini o‘rgatish va surxon kashtado‘zlik san’atini rivojlantirish maqsadida viloyatning bir qancha tumanlarida ikki oy davomida biznes-trening o‘tkazdik hamda kashtachilik maktabini ochdik. Surxondaryolik shogirdlarim saralab olingan hunarmand ayollarga bosh-qosh bo‘lishmoqda. Bu loyiha orqali yangi ish o‘rinlarini tashkil etish, kambag‘al oilalardagi xotin-qizlar bandligini ta’minlash, kashta tikish va uni tayyor mahsulot holiga keltirib, savdosini yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan.

Shuningdek, yaqin bir, ikki oy ichida ipakdan gilam tayyorlash jarayoniga kirishamiz. Mazkur loyihani Nurota va Zarafshon tumanlarida rivojlantirib, yuzlab qizlarga ish o‘rni yaratmoqchimiz. Kashtachilik ham davom etaveradi, uni hech qachon to‘xtatmaymiz”, dedi hunarmand.



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (15-09-2020, 08:25)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Сколько времени в день вы проводите в социальных сетях?

КТО НА САЙТЕ?
( 94) ( 0) ( 93) ( 1)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют