» » MIB Samarqand shahridagi nizoli binoni buzdi. Mulk egasi buzilish noqonuniy amalga oshirilganligini aytmoqda

MIB Samarqand shahridagi nizoli binoni buzdi. Mulk egasi buzilish noqonuniy amalga oshirilganligini aytmoqda


Samarqandda uch yildan beri nizolarga sabab bo‘lib kelayotgan bino buzildi. Shaharning Amir Temur ko‘chasida joylashgan uyning buzilishida OAV vakillari ham ishtirok etdi, deya xabar berdi “Daryo” muxbiri Farhod Norbo‘tayev.

Ma’lum qilinishicha, binoni buzish ishlari 2020-yilning 11-sentabr kuni bo‘lib o‘tgan.

Fuqarolik ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudining 2020-yil 3-iyundagi ochiq sud majlisida shaharning Amir Temur ko‘chasidagi 14-uyda joylashgan, shaharsozlik talabiga javob bermaydigan sobiq qahvaxona da’vogar — Samarqand shahar hokimligi foydasiga hal etilgan. Bino shahar hokimligi tomonidan buzib tashlanishi belgilangan.

MIB Samarqand viloyat boshqarmasi axborot xizmatining ma’lum qilishicha, Yelona Volovaga tegishli mazkur bino 640 million 815 ming so‘mga baholangan bo‘lib, mablag‘ni Samarqand shahar hokimligi hisobidan undirish belgilangan.

“Sud qaroriga asosan, ‘Milliy bank’da Yelona Volova nomiga hisob raqam ochilib, mablag‘ shu hisob raqamga o‘tkazilgan. Yelona Volova yoki uning ishonchli vakillari mablag‘ni olishi yoki uning talabiga ko‘ra, Isroil davlatiga konvertatsiya orqali ko‘chirib berilishi mumkin, — deydi MIB Samarqand shahar bo‘lim boshlig‘i o‘rinbosari Farruh Ibragimov. — Endi qaror ijrosini davom ettirish maqsadida shahar hokimligi bilan birgalikda binoni buzish ishlari amalga oshirilmoqda. Hozirgacha appelyatsiya instansiyasida ish ko‘rilayotgan bo‘lsa, sudning ijro harakatlarini to‘xtatish to‘g‘risida ajrim bo‘lmagunga qadar ijro harakatlarini to‘xtatishga hech qanday asos yo‘q. Appelyatsiya uchun mulk vakiliga pochta orqali muddat berilib, ishonchnoma orqali xabarnoma ham yuborilgan”.

Aniqlanishicha, ushbu noturar bino viloyat hokimining 2000-yil 14-martdagi qarori bilan madaniy meros obyektlari ro‘yxatida qayd etilgan. Ammo obyekt madaniyat va sport ishlari vazirligi madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish ilmiy-ishlab chiqarish bosh boshqarmasining 2010-yil 19-yanvardagi buyrug‘iga asosan madaniy meros obyektlar ro‘yxatidan chiqarilgan.

“2001-yilda Samarqand shahri tarixiy shahar sifatida YuNESKO ro‘yxatiga kiritilgan. Ushbu bino madaniy meros obyekti hisoblanmaydi, faqat bino tarixiy shahar hududida joylashgan. Bu borada tegishli qarorlar qabul qilingan va shaharning tarixiy hududida bajariladigan qurilish-ta’mirlash ishlari tegishli tashkilotlar va YuNESKO markazi bilan kelishgan holda olib boriladi”, — deydi Samarqand viloyat Madaniy meros boshqarmasi boshlig‘i Shuhrat Qilichev.

O‘zini Yelona Volovaning ishonchli vakili deb tanishtirgan Maqsud Abdujabborovning ta’kidlashicha, bino buzilishi noqonuniy va bu harakat xususiy mulkka tajovuz hisoblanadi. Uning fikricha, Madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish inspeksiyasi ruxsati bilangina ushbu bino buzilishi mumkin.

“Bino madaniy meros obyekti hisoblanadi. Uni buzish qonunga zid. Madaniy meros boshqarmasining xulosasi olinmagan holda buzish ishlari boshlanmoqda, — deydi Maqsud Abdujabborov. — Bino egasi Yelona Volova hozirda Isroil davlatida va karantin tufayli O‘zbekistonga kelolmayapti. Egasi ishtirok etmasdan mulkka nisbatan qaror chiqarish qonunga zid hisoblanadi. Qolaversa, biz hech qanday tovon pulini olganimiz ham, ko‘rganimiz ham yo‘q”.

MIB Samarqand viloyat boshqarmasi axborot xizmatining ma’lum qilishicha, bino allaqachon madaniy meros obyekti ro‘yxatidan chiqarilgan. Bino buzilishdan oldin sud qarorida keltirilgan to‘lov mablag‘ ham to‘langan. Binoning buzilishi bo‘yicha tegishli tashkilotlarning xulosalari mavjud.

“Daryo” voqealar rivojini kuzatishda davom etadi.



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (17-09-2020, 00:25)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Понравился ли Вам наш сайт?

КТО НА САЙТЕ?
( 84) ( 0) ( 83) ( 1)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют