» » To‘yini Tashkent City’da o‘tkazgan Vohidjon Isoqovga 4,5 mln so‘m jarima yozildi. “Avvalgi jarima” noto‘g‘ri bo‘lib chiqdi

To‘yini Tashkent City’da o‘tkazgan Vohidjon Isoqovga 4,5 mln so‘m jarima yozildi. “Avvalgi jarima” noto‘g‘ri bo‘lib chiqdi


Nikoh to‘yini 14-sentabr kuni Tashkent City’da o‘tkazib, shov-shuvlar va muhokamalarga sabab bo‘lgan xonanda Vohidjon Isoqov 19-sentabr kuni bazaviy hisoblash miqdori (BHM)ning 20 baravari (19-sentabr holatiga ko‘ra 4,46 million so‘m) miqdorida jarimaga tortildi. Bu haqda Toshkent shahar Davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati boshqarmasi (DSENB) “Daryo”ga ma’lum qildi. Avvalroq, 16-sentabr kuni Toshkent shahar IIBB matbuot xizmati xonanda BHMning besh baravari (1 115 000 so‘m) miqdorida jarimaga tortilgani haqida xabar bergan edi, biroq bu axborot noto‘g‘ri bo‘lib chiqdi.

Muhokamalarga sabab bo‘lgan va Respublika maxsus komissiyasi tomonidan o‘rnatilgan talablarga zid ravishda o‘tkazilgan to‘y 14-sentabr kuni o‘tkazilgan bo‘lsa-da, Toshkent shahar ichki ishlar organlari bunga faqat 16-sentabr kuni ochiq munosabat bildirdi. O‘shanda shahar IIBB matbuot xizmati xonanda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 54-moddasiga asosan BHMning besh barobari miqdorida jarimaga tortilgani haqida axborot bergan edi (ushbu modda bo‘yicha faqat niqob taqmaganlargina BHMning besh barobarigacha bo‘lgan miqdorda jarimaga tortilishi mumkin).

Biroq, Toshkent shahar DSENB ma’lumotlariga ko‘ra, poytaxt ichki ishlar organlaridan to‘y egasiga nisbatan qonuniy chora ko‘rish haqidagi dastlabki xat aynan 16-sentabr kuni kelib tushgan — shu kuni Mirobod tumani IIO FMB boshlig‘i, podpolkovnik Otanazarov tomonidan Toshkent shahar DSENBning Mirobod tumani filialiga shu tumanda istiqomat qiluvchi fuqaro Vohidjon Isoqovning niqoh to‘yida 40—45 nafar mehmon bo‘lganligi aniqlangani bildirilib, ushbu holat yuzasidan to‘plangan hujjatlar qonuniy qaror qabul qilish uchun №27/39-8254-sonli xat bilan berilgan.

Xatning ijrosi bo‘yicha 17-sentabr kuni Mirobod tumani filiali inspektorlari xonanda Vohidjon Isoqovga telefon qilganida, uning akasi inspektorlardan ularni bezovta qilmaslikni so‘ragan. Inspektorlar 18-sentabr kuni xonandaning uyiga borganida, xonadon egalari uning xizmat safariga ketganini aytgan; o‘zini xonandaning akasi sifatida tanishtirgan fuqaro: “Ukam qachon uyga kelsa, o‘zi bilan gaplashasizlar”, deb, tuzilayotgan ma’lumotnomaga imzo qo‘yishdan bosh tortgan.

“19-sentyabr kuni Toshkent shahar DSENB Mirobod tumani filiali tomonidan xonanda Vohidjon Isoqovga karantin qoidalarini buzgani uchun Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 54-moddasiga asosan bazaviy hisoblash miqdorining 20 baravari (4 460 000 so‘m) miqdorida jarima solish to‘g‘risida qaror imzolangan va 21-sentabr kuni qaror nusxasi Vohidjon Isoqovga taqdim etilgan”, — deyiladi shahar DSENBning “Daryo”ga taqdim etilgan axborotida.

Xonanda karantin davrida 40—45 nafar mehmon bilan nikoh to‘yini nishonlagani uchun jarimaga tortilgan. Qarorda ko‘rsatilishicha, jarima 15 kun ichida to‘lanishi lozim. Xonanda esa ushbu qaror ustidan 10 kun ichida yuqori turuvchi tashkilot yoki sudga shikoyat qilishi mumkin.

Toshkent shahar IIBB matbuot xizmati vakillari Vohidjon Isoqovni jarimaga tortish haqidagi qaror 19-sentabrda chiqarilgani, xonanda ushbu qarorga asosan BHMning 20 barobari miqdorida jarima tortilgani haqidagi ma’lumotga munosabat bildirarkan, poytaxt IIBB tomonidan 16-sentabr kuni xonanda BHMning besh barobar miqdorida jarimaga tortilgani haqidagi rasmiy xabar “birlamchi axborotga tayanib berilgani”ni, yakunda bu axborot noaniq bo‘lib chiqqanini tan oldi.

Avvalroq “Daryo” internet-nashri xonanda Vohidjon Isoqov jarimaga tortilgani haqida xabar berilgan bo‘lsa-da, u aslida jarimaga tortilmagan, jarima haqidagi xabar yolg‘on bo‘lishi mumkinligi haqida xabar bergan edi. Shundan so‘ng Bosh prokuratura matbuot xizmati ushbu vaziyat o‘rganilayotganini bildirgan edi.

Mavzuga doir: Toshkentcha ko‘zbo‘yamachilik: To‘yini Tashkent City’da o‘tkazgan xonanda Vohidjon Isoqov aslida jarimaga tortilmagan bo‘lishi mumkin

Respublika maxsus komissiyasi, shuningdek, Ichki ishlar vazirligi, Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi va Davlat xizmatlari agentligining qo‘shma ko‘rsatmasi talablariga muvofiq, O‘zbekistonda to‘y marosimlarini fuqarolarning uy-joyi va xonadonining o‘zida, faqat yaqin qarindoshlar ishtirokida 30 kishidan ko‘p bo‘lmagan tarkibda o‘tkazishga ruxsat berilgan; restoran va boshqa umumiy ovqatlanish joylarda banketlar va boshqa shu kabi marosimlarni o‘tkazishga ruxsat berilgani yo‘q.

Shunga qaramay, hozirgacha o‘z hududida to‘y o‘tkazishga ruxsat bergan Tashkent City’dagi muassasalarga qonuniy chora ko‘rilgani haqida ma’lumot yo‘q. Vohidjon Isoqovning to‘yidan to‘rt kun o‘tib, Tashkent City’da rejissor Habibulla Nabiyev va aktrisa Gulinur Abdullayevaning ham to‘yi bo‘lib o‘tdi, biroq huquq-tartibot organlari ushbu holatga hali ham munosabat bildirgani yo‘q. 22-sentabr kuni yana bir xonanda — Sirojiddin Hojiyev dabdabali nikoh to‘yi o‘tkazgani ma’lum bo‘ldi; to‘ydan olingan videolarda mehmonlar soni 30 dan ortiqligini ko‘rish mumkin.

Niqob taqmagan yoki niqobini iyagiga tushirib yurgan oddiy fuqarolarni “Axborot 24”da “hammasiga shular aybdor” degan ma’noda ko‘rsatib, ommaviy yomonotliq qilish bilan, u yoki bu sabab bilan niqobsiz yurgan fuqaroni orqa-oldiga qaramay, ogohlantirmay jarimaga tortish bilan karantin qoidalariga rioya etish ustidan nazoratni kuchaytirib bo‘lmaydi. To‘g‘ri, vaziyat hozirgiga nisbatan bir qadar yaxshi tomonga o‘zgarar, lekin shu bilan hammasi yaxshi bo‘lib qolmasligi ehtimol. Davlat qonun barchaga barobar va barchaga nisbatan ayovsiz ekanini ko‘rsata olishi lozim — qay bir xonanda talabga zid ravishda o‘tkazilgan to‘yi uchun umuman jazolanmasa, boshqasi esa qonunda belgilangan jarimaga faqat jamoatchilikning bosimi ostida, to‘yidan bir hafta o‘tib jarimaga tortilsa, qanday karantin, qanaqa “jazo muqarrarligi” haqida gapirish mumkin o‘zi?



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (23-09-2020, 11:40)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Понравился ли Вам наш сайт?

КТО НА САЙТЕ?
( 64) ( 0) ( 64) ( 0)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
- отсутствуют
Последние 20 посетителей... - отсутствуют