» » “Hamma yoqda o‘g‘lim haqida noto‘g‘ri ma’lumot tarqatishdi” — koronavirusdan vafot etgani aytilgan 11 yoshli bolaning otasi

“Hamma yoqda o‘g‘lim haqida noto‘g‘ri ma’lumot tarqatishdi” — koronavirusdan vafot etgani aytilgan 11 yoshli bolaning otasi


O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi 17-sentabr kuni Bo‘stonliq tumanida koronavirusga chalingan 11 yoshli (M.O‘. ismli) bola vafot etgani haqida xabar berdi. 18-sentabrda Toshkent viloyati hokimligi viloyat Sog‘liqni saqlash boshqarmasiga tayanib, bola 2012-yildan buyon og‘ir tashxis bilan dispanser nazoratida turgani, u 5-sentabr kuni vafot etgani haqida ma’lumot berdi.

Bolaning otasi Normahamat Almetov “Daryo” muxbiri bilan suhbatda farzandining koronavirus infeksiyasi asoratlari oqibatida vafot etgani haqidagi ma’lumot shubhali ekani, undan beso‘roq bolaning ismi-sharifi ommaviy axborot vositalari orqali e’lon qilinganidan norozi ekani, ushbu holat yuzasidan huquqni muhofaza qilish organlariga shikoyat qilishini bildirdi.

Toshkent viloyati Sog‘liqni saqlash boshqarmasining 18-sentabrda bergan axborotida 11 yoshli M.O‘.ning 2012-yildan nogironligi borligi, Surunkali glomerulonefrit, nefrotik shakli, gematurik sindrom. Kamqonlik 3-daraja. Semizlik 3-daraja. Surunkali buyrak yetishmovchiligi tashxisi bilan Bo‘stonliq tumani ko‘p tarmoqli Markaziy poliklinikasi tomonidan nazoratga olingani bildirilgan edi.

Mavzuga doir: SSV tomonidan koronavirus oqibatida vafot etgani aytilgan 11 yoshli bo‘stonliqlik bola bir necha yildan beri og‘ir tashxis bilan dispanser nazoratida turgan

U Toshkent tibbiyot akademiyasining bolalar nefrologiyasi bo‘limida yiliga ikki martadan yotib, davolanib kelgan. Xususan, 2020-yil 11-iyuldan 20-iyulgacha Surunkali glomerulonefrit aralash turi, buyrak yetishmovchiligi, buyrak funksiyasining buzilishi, anemiya og‘ir formasi tashxisi bilan Chirchiqdagi Toshkent viloyati bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi nefrologiya bo‘limida davolangan.

Normahamat Almetov “Daryo” muxbiri bilan suhbatda oila 20-sentabrdan keyin bo‘ladigan jarrohlik operatsiyasiga tayyorgarlik ko‘rayotgan bo‘lganini ma’lum qildi. “O‘g‘limga o‘zimning bitta buyragimni bermoqchi edim. Shifokorlar bolaning gemoglobinini ko‘tarib, uni operatsiyaga tayyorlayotgan edi. Qon quyish mumkin emasdi”, — dedi u.

4-sentabr kuni kechki ovqat mahal bolaning burnidan ozgina qon ketdi. Tez yordam chaqirmoqchi bo‘lishganida bola: “O‘tib ketadi”, deb unamagan. Ertasiga, 5-sentabr kuni ertalab soat 06:00 larda bolaning burnidan yana qon keta boshlagach tez yordam chaqirilgan. Burnidan qon ketgan bo‘lsa-da, bola ko‘p qavatli uyning beshinchi qavatidan o‘zi yurib pastga tushgan.

“Shifoxonaga borganimizda futbolkasining ustidan rentgen qilishdi. Burniga tamponni tiqib ko‘rishdi. Keyin ‘Pnevmoniya, koronavirusning boshlanishi’, deb Chirchiqdagi koronavirus markaziga yo‘llanma berishdi. Lekin qonidan yo siydigidan tahlil uchun namuna olishgani yo‘q”, — deydi Almetov. Otaning ta’kidlashicha, burniga tampon tiqishgach bolaning tana harorati ko‘tarila boshlagan.

“O‘g‘limning avvaldan buyragida kasali, o‘pkasida doimiy bronxiti borligini, sovuq suvga tegsa yo muzqaymoq yesa ham, shamollab qolishini, o‘zining davolab yurgan vrachiga olib borishimiz kerakligini aytsam ham, shifokorlar quloq solmadi. Chirchiqdagi koronavirus markaziga olib borishdi. Eshikning oldida meni mashinadan tushirishdi, asosiy binoga kirish joyida esa o‘g‘lim yarim soatcha quyosh tagida qolib ketdi, hech kim e’tibor bermadi. Xotinim baqir-chaqir qilgach keyin qarashdi. Olib kirib ketganidan ikki daqiqa o‘tib o‘g‘lim komaga tushganini aytib chiqishdi”, — deydi marhum bolaning otasi.

Oradan yarim soat o‘tib Rustam ismli tibbiy xodim chiqib, qon kerakligini, Chirchiqdagi qon quyish markaziga borib, o‘sha yerdan to‘rtta guruhga mansub qon olib kelish kerakligini aytgan. “Shifokordan: ‘To‘rtta guruhdagi qonni nima qilasiz, bolamga bitta qon guruhi kerak-ku, uning qon guruhi birinchi, musbat’ desam: ‘Olib kelavering, keragini quyamiz, siz bilasizmi yo menmi’, deb jo‘natdi”, — deydi Normahamat Almetov. Qon quyish markazida esa unga qon berilmasligini, u maxsus muzlatgichli sumkasi bor shifokor bilan kelishi kerakligini aytishgan.

“Shu zahoti koronavirus markazidagilarga telefon qilib, vaziyatni tushuntirdim. Ular maxsus muzlatgichli sumkani bir soat deganda qidirib topdi, qonni olib kelgunimizcha ikki soat o‘tib ketdi”, — deydi ota. Soat 20:00 larda reanimatolog chiqib, bola ko‘zini ochgani, “aya” deb onasini chaqirganini aytgan. “Kechki soat 9-10 larga borib bola og‘irlashyapti, deyishdi, yarim soatcha o‘tgach joni uzildi, deb xabar berishdi”, — dedi 11 yoshda vafot etgan M.O‘.ning otasi.

Otaning so‘zlariga ko‘ra, uning o‘g‘liga koronavirus, deb tashxis qo‘yib, o‘likxonada “hammaga ko‘rsatishgan”. Bolaning jasadi 6-sentabr kuni kafanlangan holda uyga olib bormasdan, to‘g‘ri mozorga olib borib ko‘mish sharti bilan otasiga topshirilgan.

“Uyda aza ochdik, qancha odam kelib ta’ziya bildirib ketdi. O‘g‘limni koronavirus degan bo‘lishsa-da, oila a’zolarimizning birortasidan na test olishdi, na uyimizni karantinga olishdi. Balki shu vaqtgacha qancha odamga koronavirusni yuqtirib yurgandirman? Bu nima degan gap, mas’ullar ustimizdan kulyaptimi?”, — deydi Normahamat Almetov. Uning qo‘shimcha qilishicha, u bolasining koronavirusdan vafot etgani rasman e’lon qilingani ustidan tuman markaziga shikoyat qilib borganidan keyingina uyiga mas’ullar kelib, tekshiruv o‘tkazgan, shuningdek, tuman hokimi ham kelib, ta’ziya bildirgan.

Normahamat Almetovning ta’kidlashicha, “bu kabi holatlar uchun aybdorlarni, albatta,  jazolash kerak”. “Bu bilan o‘lgan bolam qaytib tirilib kelmaydi, albatta. Lekin bunaqa ish boshqalarning boshiga tushmasin, deyman. Qachongacha begunoh odamlar bularning xatosi uchun o‘lib ketaveradi? Qanday qilib test olmay, futbolkaning ustidan rentgen qilib, bir soat ichida koronavirus tashxisini qo‘yish mumkin? Koronavirus bo‘lsa, biror belgisi ham bo‘lishi kerak-ku. Soppa-sog‘, o‘ynab yurgan bola birdan pnevmoniya bo‘lib qolsa-ya? Bolamning o‘lgani haqida koronavirus markazi tuman tibbiyot birlashmasiga ham, bizning poliklinikaga ham xabar bermagan”, — deydi u.

Otaning aytishicha, hamma yoqda uning o‘g‘li haqida noto‘g‘ri ma’lumot tarqatib yuborilgan. “Hech kim tekshirib ko‘rgani ham yo‘q. Mening ruxsatimsiz o‘g‘limning ismi, familiyasini ochiq e’lon qilishdi. Huquqni muhofaza qiluvchi idoralar bunga chora ko‘rishlarini talab qilaman”, — dedi Normahamat Almetov “Daryo” muxbiri bilan suhbatda. U ushbu holat yuzasidan prokuraturaga ariza bergan.

Qayd etish joiz, Sog‘liqni saqlash vazirligi axborotida faqat bolaning yoshi, qaysi tumanda yashashi va ismi-familiyasining bosh harflari ko‘rsatilgan edi. Biroq ma’lum bo‘lishicha, “Yoshlar” telekanali “Yangi Davr” dasturining 18-sentabr sonida bolaning ismi ochiq aytilgan; ko‘rsatuv boshlovchilari bu ma’lumot Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan ma’lum qilinganini ta’kidlab o‘tgan.

U yoki bu taniqli shaxs koronavirusga chalingani, u yoki bu fuqaroning koronavirus infeksiyasi oqibatida vafot etgan bo‘lishi mumkinligi haqida xabarlar tarqalganda, muxbirlar Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmatiga murojaat qilganida, mas’ullar odatda “amaldagi qonunchilik bo‘yicha bunday shaxsiy ma’lumotlarni oshkor qilish mumkin emasligi, buning uchun ularning o‘zidan, qarindoshlaridan ruxsat olish zarurligi, ular har doim ham bunga rozi bo‘lmasligi haqida” standart javob berardi. Bo‘stonliq tumanida yashagan 11 yoshli M.O‘.ning vafotidan so‘ng uning otasi Normahamat Almetov undan hech kim bolasiga doir ma’lumotlarni oshkor etish uchun ruxsat so‘ramaganini aytdi.

“Daryo” ushbu holat yuzasidan izoh olish maqsadida Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot kotibi Furqat Sanayevga murojaat qildi.

“Koronavirusga chalingani aytilayotgan bolaning o‘limi haqidagi axborotni e’lon qilishdan avval uning qarindoshlaridan ruxsat so‘ralganmi?” mazmunidagi savolga SSV matbuot kotibi Toshkent viloyati Sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Feruza Rahmatullayeva bergan ma’lumotlarga tayanib, quyidagicha javob berdi:

Ma’lumki, Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan koronavirus bilan kasallanganlar soni, tuzalganlar soni va o‘lim holatlari bo‘yicha aniq statistik ma’lumotlar muntazam ommaga havola etib borilmoqda. Bu aholi o‘rtasidagi turli gap-so‘zlar va noxush muhokamalarning oldini olishda asosiy rol o‘ynaydi. Ushbu ma’lumotlar fuqarolarni e’tiborli bo‘lishga, shu bilan birga, ogohlikka ham chaqiradi.

Bolalardagi koronavirus bilan kasallanish holatlari ham bundan mustasno emas. Ushbu holat nafaqat tibbiyot xodimlarini mas’uliyatli bo‘lishga, balki ota-onalarning ham bu masalaga jiddiy yondashishi kerakligidan ogohlantiradi.

Bo‘stonliq tumanida yashagan 11 yoshli bolaning o‘limi to‘g‘risidagi ma’lumotlar haqida gapiradigan bo‘lsak, unda bolaning ismi, familiyasi, oilaviy kelib chiqishi va aniq manzili ochiqlanmagan.

Berilgan ma’lumotlarda asosiy e’tibor bolada yondosh kasalliklar – surunkali buyrak yetishmovchiligining terminal bosqichi, kamqonlik va semizlikning III darajasi o‘lim holatiga sabab bo‘lganligi tushuntirilgan.

Avval ta’kidlanganidek, koronavirusga chalingan 11 yoshli bolaning vafoti haqida rasman 17-sentabr kuni axborot berilgan bo‘lsa-da, aslida bola 5-sentabr kuni vafot etgan. Nima uchun bolaning o‘limi haqida oradan 12 kun o‘tib axborot berildi, degan savolga Sog‘liqni saqlash vazirligi shunday javob berdi:

11 yoshli M.O‘. 5-sentabr kuni soat 08:00 da tuman tibbiyot birlashmasi bo‘limiga tez tibbiy yordam mashinasida olib kelingan. Bolada kasalxonaga kelgan vaqtda burundan qon ketishi, tana haroratining 38 darajaga ko‘tarilishi, nafas siqishi kuzatilgan. Ko‘krak qafasi rentgen tekshiruvidan o‘tkazilganda 50 foiz zararlanish aniqlangan.

Shifoxonada reanimatolog, infeksionist, pediatr mutaxassislari birgalikda konsilium o‘tkazgan holda bola Chirchiq shahridagi koronavirusga ixtisoslashgan shifoxonaga yuborilgan. Shu kunning o‘zida M.O‘. og‘ir ahvolda soat 11:30 da Chirchiq shahridagi shifoxonaga olib borilgan va reanimatsiya bo‘limiga yotqizilgan. Bu yerda ko‘rilgan reanimatsion davo choralariga qaramay, 5-sentabr soat 19:50 da bolada biologik o‘lim qayd etilgan. Bu vaqtda marhumda COVID-19 gumon qilingan, ammo tasdiqlanmagan edi.

COVID-19 bo‘yicha tahlil natijalari ham, bemor olamdan o‘tgandan so‘ng yakuniy patologik anatomik xulosa uchun qo‘shimcha laborator va gistologik tekshiruv  natijalari ham 17-sentabr kuni ma’lum bo‘ldi. Umuman, dunyo tibbiyotida ham bunday tekshiruv turi ma’lum bir vaqt talab qiladi.

Unga ko‘ra, marhumga Ikki tomonlama o‘pka zotiljami o‘tkir kechishi. Surunkali glomerulonefrit, buyrak yetishmovchiligi terminal bosqichi. Semizlik va anemiyaning uchinchi darajasi, COVID-19 tashxisi qo‘yilgan. Ushbu holat bolaning o‘limi haqidagi xabar 12 kun kechikib e’lon qilinishiga sabab bo‘lgan.

Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot kotibi koronavirus infeksiyasi asoratlari oqibatida vafot etgan shaxslarga doir ma’lumotlarni jamoatchilikka e’lon qilish jarayoni qaysi me’yoriy hujjat bilan tartibga solinishi haqidagi savolga joriy hafta davomida javob taqdim etilishini ma’lum qildi.

Eslatib o‘tamiz, Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi koronavirusga qarshi kurash shtabi a’zosi Habibulla Oqilov 6-iyul kuni “O‘zbekiston 24” telekanali orqali qilgan chiqishida O‘zbekistonda o‘sha vaqtgacha vafot etgan 33 kishi orasida 14 yoshli bola ham borligini ma’lum qilgan edi (SSV vafot etgan shaxslar haqida to‘liq ma’lumot bermagani bois, o‘sha vaqtda bu axborotni tekshirish imkoni bo‘lmagan), biroq oradan ikki oy o‘tib Oqilov “texnik xato tufayli adashgani” ma’lum bo‘ldi. Bu vaqt davomida O‘zbekistonda 14 yoshli bola vafot etgani biror marta rasman rad etilmagan edi.

Mavzuga doir:



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (23-09-2020, 20:40)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Кто вы по знаку зодиака?

КТО НА САЙТЕ?
( 81) ( 0) ( 80) ( 1)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют