Kosta-Rikadagi aviahalokatda 10 nafar AQSh fuqarosi va sobiq prezidentning qarindoshi qurbon bo‘ldi
Kosta-Rikada 31-dekabr, yakshanba kuni halokatga uchragan samolyotning barcha o‘n nafar yo‘lovchisi amerikalik sayyohlar bo‘lgan. Bu haqda Lotin Amerika respublikasi prezidenti Luis Gilyermo Solis Facebook’dagi sahifasida ma’lum qildi, deb yozadi “TASS”.
“Kosta-Rika hukumati aviatsiya halokatida o‘n nafar amerikalik yo‘lovchi va Kosta-rikalik ikki uchuvchi halok bo‘lganligi munosabati bilan chuqur hamdardlik bildiradi”, — deb yozadi u. Davlat rahbari hukumat fojia qurbonlari oilalarini qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.
Halok bo‘lgan uchuvchilardan biri mamlakatning sobiq prezidenti Laura Chenchilyaning qarindoshidir.
Kichikroq samolyot 31-dekabr, yakshanba kuni Kosta-Rika g‘arbidagi Guanakaste provinsiyasida halokatga uchradi. Uning bortidagi 12 kishi halok bo‘ldi. Samolyot havoga ko‘tarilgandan so‘ng o‘rmon hududiga qulagan va yonib ketgan.
Добавить комментарий!
