» » “Olovsiz yonganlar — ellik uchinchi!”. Avtobusda yongan 52 o‘zbekistonlik haqida marsiyalar

“Olovsiz yonganlar — ellik uchinchi!”. Avtobusda yongan 52 o‘zbekistonlik haqida marsiyalar


Qozog‘istonning Aqto‘be viloyatida 18-yanvar kuni 50 dan ziyod O‘zbekiston fuqarosini Rossiyaga olib ketayotgan avtobus yonib ketdi. Hodisa oqibatida 52 o‘zbekistonlik halok bo‘ldi. Hozirgacha olingan ma’lumotlarga ko‘ra, ularning aksariyati — Namangan viloyatidan.

Mazkur voqea butun O‘zbekistonni larzaga solgani bor gap. Ijtimoiy tarmoqlar ta’ziyanomalar, hamdardliklar bilan to‘lgan. Shoir Nodir Jonuzoq va jurnalist Xayrulla Hamidov esa 52 o‘zbekistonlikka bag‘ishlab marsiyalar yozgan.

“2018-yilning 18-yanvar kuni Qozog‘istonning Aktyubinsk viloyati Irgiz tumanida avtobusda yong‘in sodir bo‘lishi oqibatida 52 kishi halok bo‘lgan… Ular orasida O‘zbekiston fuqarolari ham bor” O‘zA xabaridan

Sohilga otilgan asov to‘lqindek

Ko‘ngilga urilar har on bir xabar.

Bu olam bir lahza turolmas tinch-tek,

Har bir soniyaning mag‘zida xatar.

Yo Rabbiy!

Borlig‘im bo‘ldi jizg‘anak,

Boshdan oyog‘imga yugurdi olov —

Go‘yoki do‘zaxga irg‘itdi Falak...

Bir avtobus odam yonibdi lov-lov!!

“Oh!” dedim —

Jonimdan sachradi ming cho‘g‘,

Ko‘zimni qopladi qop-qora tutun.

Ellik ikkitamas kuyganlar, yo‘q, yo‘q,

Mening ham tiynatim kul bo‘ldi butun!

Odamxo‘r alanga yondi-yu so‘ndi,

Men-chi, hali uzo-oq yonib-tutayman.

Bu o‘tli azobning ko‘rinmas so‘ngi,

Lovullagan dilni kimga tutay man?!

Ko‘ksimga qamalib, o‘rlaydi yong‘in,

Imon gulxanida gur yonaman, rost:

“Otashli yo‘llarda kuyib oyog‘ing,

Ayt, kimni olovdan aylading xalos?!

Balki sen dardidan yuz burgan o‘smir

Musofir to‘rvasin bo‘yniga ilmish.

Maslagingdan bo‘lib hafsalasi pir,

Yetti yot “pir”larni xaloskor bilmish.

Gung, soqov qalbingdan qaytmay aks-sado,

Mavhum manzillarga burmish yo‘lini.

Sarguzasht, yo ermak, yo kayfu safo

Izlab kezmagandir qozoq cho‘lini!?

Aybingni tan olgin, ey so‘qir banda,

Balki bor jurmingdan kechgay mushfiq Zot —

Jahannam o‘tini bilmassan anda,

Lekin to tiriksan, kuygaysan bot-bot!”

Ne deyin?!

Na uzr, na tavba qalqon,

Ko‘zimdan sachraydi telba yolqinlar.

Tomirimda qaynab pishqiradi qon,

Gunohim bo‘ynimda — mayli, yoqinglar!

Dahshatli tush va yo qoramsir xayol

Misoli to‘zg‘isin o‘tparast qayg‘u.

Otashda cho‘milay samandar misol,

Kuygan ko‘ngillarga taskin bo‘lsa bu.

Qorong‘u qalblarga insa bir ziyo,

Qay o‘ksik dillardan chekinsa alam...

Lang‘illab turibdi tandirday dunyo,

Qovrilib yotibdi qozonday olam.

Chaqmoqlar zabtidan chatnayapti Ko‘k,

Vulqon lava tutar, qani, iching-chi...

Ellik ikkitamas yonganlar, yo‘q, yo‘q,

Olovsiz yonganlar — ellik uchinchi!

Xaloyiq!

Zamin — zo‘r avtobus, ulkan...

Asraylik — haq yo‘ldan tonib ketmasin.

Toki tengsiz olov, dahshatli gulxan —

Quyosh tegrasida yonib ketmasin!!

19.01.2018

Ellik ikki taraf taraldi ohim,

Ellik ikki vujud - yurakda dog‘im...

Bu foniy dunyoda o‘tda yondilar,

Boqiy olovidan asra, Allohim!

Elim chorasizdir, giryona boqmish,

Har taraf cho‘g‘ bosgan, dillarni yoqmish.

Ko‘zlarki qip-qizil gulshanda oqmish...

Boqiy olovidan asra, Allohim!

Sendan o‘tinamiz, benuqson O‘zing,

Har neni bor etgay Bo‘l degan So‘zing:

Ne azob chekmishlar, bilasan O‘zing,

Boqiy olovidan asra, Allohim!

Faryodlar samoni teshib yordilar,

Bu qanday yuk bo‘ldi, qalbga ortilar?!

...Sening huzuringga yonib bordilar,

Endi do‘zaxingdan asra, Allohim!

18.01.2018



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (19-01-2018, 20:44)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Сколько времени в день вы проводите в социальных сетях?

КТО НА САЙТЕ?
( 115) ( 0) ( 113) ( 2)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют