» » Akademik Toshkent hokimiga ochiq xat yozib, Davlat adabiyot muzeyining xususiylashtirib berib yuborilgan qismini yana muzeyga qaytarishni so‘radi

Akademik Toshkent hokimiga ochiq xat yozib, Davlat adabiyot muzeyining xususiylashtirib berib yuborilgan qismini yana muzeyga qaytarishni so‘radi


Akademik, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi Azizxon Qayumov Toshkent shahar hokimi Rahmonbek Usmonovga ochiq xat yozdi. Xat matnini O‘zA keltirib o‘tdi.

Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoyevning mamlakatimiz rivoji va takomillashuvi yo‘lida olib borayotgan oqilona siyosati va ezgu ishlari ko‘pdan ko‘p tahsinga loyiq. Jumladan, ilm ahliga berayotgan e’tibori, ilm-fanning rivojlanuvi uchun jonfidoyilik ko‘rsatishi haqiqatda ham qalblarimizni to‘lqinlantirib, bizlarga ilhom bermoqda. Men – shaxsan o‘zim bu marhamatlar va qilinayotgan ishlardan g‘oyat minnatdorman.

Shu o‘rinda alohida ta’kidlashni istardimki, Prezidentimizning qaroriga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi tarkibiga Alisher Navoiy nomidagi Davlat adabiyot muzeyining qaytarilishi nihoyatda to‘g‘ri va adolatli ish bo‘ldi. Negaki, bu Muzey O‘zbekiston Fanlar akademiyasi bag‘rida paydo bo‘lgan va kamolga yetgan. Uning butun tarixiy faoliyati (kelgusi 2019-yil uning tashkil topganiga 80 yil bo‘ladi) aynan FA bilan bog‘liq bo‘lib, u o‘z tarkibi va mohiyatiga ko‘ra nafaqat Vatanimizda balki jahonda ham yagona Muzey hisoblanadi. Chunki, hazrat Navoiy nomi bilan ataluvchi, uning hayoti, ijodini targ‘ib etuvchi va keng ko‘lamda o‘rganuvchi hamda ming yildan ortiq og‘zaki va yozma adabiyotimiz tarixini ko‘rgazmalar vositasida yoritib beruvchi boshqa bunday Muzey yo‘q.

Men ana shu dargohda 1980-yildan beri mehnat qilib kelaman. U men uchun nihoyatda qadrli maskan bo‘lib qolgan. Shuning uchun unda bo‘layotgan har bir o‘zgarishni go‘yoki o‘z shaxsiy hayotimdagi yangiliklar qatori qabul qilaman. Ayniqsa, “O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining Alisher Navoiy nomidagi Davlat adabiyot muzeyi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qaroridan (06.11.2017-y., №891) benihoya mamnun bo‘ldim. Unda ko‘rsatilgan vazifalar va ishlar amalga oshsa shubha yo‘qki, Adabiyot muzeyi yanada kamol topib, rivojlanib va jahondagi eng mashhur muzeylardan biriga aylanadi.

Hurmatli Rahmonbek Jahongirovich!

Boshqa ko‘plab adabiyot va san’at, ilmiy jamoatchilik vakillari kabi men ham mazkur qarordan so‘ng o‘z davrida Muzeydan shahar hokimiyatidagi mutasaddilarning aybi bilan xususiylashtirib berib yuborilgan qismi, yana muzeyga qaytariladi, deb kutgan edim. Biroq, afsuski u amalga oshmadi.

Bunday deyishimga sabab, Alisher Navoiy nomidagi Davlat adabiyot muzeyi Oliy ta’lim tizimi tarkibiga o‘tkazilgan qisqa muddatda muzeyning Toshkent shahar, Alisher Navoiy ko‘chasi 69-uyda joylashgan muzey binosining ma’lum bir qismi 2016-yilda kir yuvish bilan shug‘ullanuvchi “Mirsalixov T. S.” xususiy tadbirkorga noqonuniy ravishda xususiylashtirib berib yuborilgan. Vaholanki, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 13-maydagi №152-sonli qarorida O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining Toshkent shahri Navoiy ko‘chasi, 69-uy manzilida joylashgan binosini qurilish ishlari tugagunga qadar Toshkent shahar hokimiyati ixtiyoriga uni tasarruf etish huquqisiz berilsin deyilgan. Ya’ni, Toshkent shahar hokimiyati noyob arxitektura yodgorligi bo‘lgan mazkur binoni sotish, kimgadir xususiylashtirib berish huquqiga ega emas edi. Afsuski, bu ko‘rsatmaga rioya etilmadi.

Shahar mutasaddilari hech bo‘lmaganda Prezidentimizning Alisher Navoiy nomidagi Davlat adabiyot muzeyini O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasiga qaytarish haqidagi Qaroridan so‘ng, qilgan xatolari ustida o‘ylab ko‘rishlari, bir umr Fanlar akademiyasining mulki bo‘lib kelgan binoni yana o‘z egasiga qaytarish borasida bir xulosaga kelishlari joiz edi. Hali ham kech emas, hali ham imkon bor deb o‘ylayman.

Xususiylashtirib berib yuborilgan muzey binosining bu qismida Alisher Navoiyning ijodiy merosi aks etgan ekspozitsiyalar joylashgan bo‘lib, bino devoriga o‘z davrida mashhur rassom Chingiz Ahmarov hamda Temur Sa’dullayevlar tomonidan devoriy rasm ishlangan. Alisher Navoiyning ekspozitsiyalar zali, uning devoridagi suratlar o‘z davri uchun ham, bugungi kun va kelajak avlod uchun ham o‘ta muhim ahamiyatga ega bo‘lgan bebaho xazina hisoblanadi.

Muhtaram Prezidentimiz har galgi chiqishlarida, bo‘lib o‘tayotgan uchrashuvlarda kitobxonlik, adabiyot, san’at rivoji haqida millat ma’naviyati haqida jon koyitib gapiradilar. Bu kuyinishlaru ma’ruzalarini joylardagi rahbar-u hokimlar ham o‘qib, uqisharmikan?!

Shavkat Miromonovichning o‘zlari ta’kidlaganidek: “Mamlakatimizda madaniyat va san’at taraqqiy etmasa, jamiyat rivojlanmaydi. Xalqimizning rivojlanish darajasi avvalo milliy madaniyatimizga qarab baholanadi. Shu ma’noda, madaniyat – bu xalqimiz, jamiyatimiz qiyofasidir. Biz O‘zbekistonning yangi qiyofasini yaratishga kirishgan ekanmiz, buni avvalo milliy madaniyatimizni rivojlantirishimizdan boshlashimiz lozim”ligini hurmatli Rahmonbek Jahongirovich, Siz ham bilarmikansiz? Bilganingizda, men ham Sizni ovvora qilib bu maktubni yozib o‘tirmasmidim?

Toshkent shahar, Navoiy ko‘chasida joylashgan 69-bino noyob arxitektura yodgorligi ekanligini va unda Alisher Navoiy nomidagi davlat ahamiyatiga molik Adabiyot muzeyining joylashganini, muzeydagi qo‘lyozma, toshbosmalar, ekspozitsiya materiallari va arxiv fondi xalqimizning bebaho ma’naviy xazinasi ekanini inobatga oladigan bo‘lsak bu binoda kir yuvish faoliyat turi bilan shug‘ullanadigan xususiy tadbirkorning ish yuritishi maqsadga muvofiq emas. Bu holat bizning madaniyatimizga, Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Boburdek ulug‘ allomalarimizning merosiga, adabiyotimizga, san’atimizga, milliy merosimizga hurmatsizlikdan boshqa narsa emas.

To‘g‘ri, tadbirkorlarni ham qo‘llash kerak, Bu xususiy tadbirkorga shaharning istalgan boshqa joyidan yer ajratib berilsa yoxud ushbu tadbirkor tomonidan muzey yonboshiga qurilgan binoni kengaytirish borasida takliflar berib, muzeyning Alisher Navoiy ekspozitsiyalari zali joylashgan qismini muzey balansiga to‘la qaytarib berish borasida amaliy yordam ko‘rsatishingizni iltimos qilib qolaman.

Hurmat va ehtirom ila

Azizxon Qayumov,

O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining akademigi,

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi,

filologiya fanlari doktori

Azizxon Qayumov – 1926-yil Qo‘qon shahrida dunyoga kelgan. 

1949-yil O‘rta Osiyo davlat Universitetining Sharq fakultetini tugatgan. 1949-yildan boshlab Sharq qo‘lyozmalarini o‘rganish institutida kichik ilmiy xodim, Sharqshunoslik institutida ilmiy kotib, Til va adabiyot institutida direktor lavozimlarida ishladi. 1954-yilda fan nomzodi, 1961-yilda esa doktorlik dissertatsiyalarini o‘zbek adabiyoti tarixi mavzulari asosida himoya qildi. 

1961—1979-yillar orasida ilmiy faoliyatni turli davlat idoralarida mas’ul lavozimlarda ishlash bilan birga amalga oshirgan. 1979—1998-yillarda Qo‘lyozmalar instituti direktori lavozimida, 1998-yildan to shu kunga qadar Alisher Navoiy nomidagi davlat Adabiyot muzeyida yetakchi ilmiy xodim bo‘lib ishlab kelmoqda. 

Aziz Qayumov 1989-yil O‘zbekiston Fanlar Akademiyasining muxbir a’zosi, 199- yil esa akademigi bo‘ldi. 1983-yil “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi” hamda Beruniy nomidagi Davlat mukofotiga sazovor bo‘ldi. 

Aziz Qayumov rahbarligida ko‘plab fan nomzodlari va fan doktorlari yetishib chiqqan bo‘lib, ular hozirgi kunda respublikaning ilmiy hayotida o‘zlarining munosib o‘rinlarini egallab kelmoqda. 

Aziz Qayumovning xizmatlari davlat tomonidan yuksak baholanib, “El-yurt hurmati” (2003), “O‘zbekiston belgisi” (1995), “Shuhrat” medali (1995) “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni (2014) kabi mukofotlar bilan taqdirlangan.



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (22-01-2018, 10:58)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Что нужно улучшить на нашем сайте?

КТО НА САЙТЕ?
( 84) ( 0) ( 83) ( 1)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют