» » Toshkent hokimiga bitta akademikning ochiq xati ta’sir qilmagach, uni qo‘llab yana uch akademik maqola e’lon qildi

Toshkent hokimiga bitta akademikning ochiq xati ta’sir qilmagach, uni qo‘llab yana uch akademik maqola e’lon qildi


Toshkent shahar hokimi Rahmonbek Usmonovga bitta akademikning ochiq xat shaklida e’lon qilingan shikoyat maqolasi ta’sir qilmagach, uni qo‘llab yana uch akademik o‘z imzosi bilan maqola e’lon qildi, deb yozadi O‘zA. O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining akademiklari, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arboblari, filologiya fanlari doktorlari, professorlar Baxtiyor Nazarov, Naim Karimov va To‘ra Mirzayevning O‘zA tomonidan e’lon qilingan ochiq xatini to‘liq holda keltirib o‘tamiz.

Akademik Aziz Qayumovning Toshkent shahar hokimiga “Ochiq xat”i e’lon qilinganiga ham mana ikki haftadan oshiq vaqt o‘tdi. Biroq, shu vaqtga qadar shahar hokimiyati rahbarlari tomonidan bu xatga bir og‘iz ham munosabat bildirilmagani odamni o‘ylantirib va tashvishga solib qo‘yadi.

Bugungi kunda mamlakatimizda asos e’tibori bilan o‘zgartirilayotgan va har jabhada yangilanayotgan voqelik odamni g‘ayratga, jur’atga undaydi. Shuning uchun ham erkin fikrlash, ochiq so‘zlash kundan-kunga kuchayib, quloch yozib borayotir. Bundan har qancha quvonsak arziydi, albatta.

Akademik Aziz Qayumovning mazkur ochiq xati biz adabiyotshunos olimlar va ko‘pchilik ijod ahlining ayni ko‘nglida gap bo‘ldi desak, mubolag‘a bo‘lmaydi. Chunki, mamlakatimizda muzeylar ko‘p, biroq ular orasida Alisher Navoiy nomidagi Davlat adabiyot muzeyi ayricha ahamiyatga ega. Respublikamizdagi boshqa ko‘plab muzey va ilmiy muassasalarning tashkil topishida aynan ushbu muzeyning xizmati katta. Bir paytlar Hamid Sulaymonovdek olim bu muzeyni yuksak bir maqomga ko‘targan, uning dovrug‘ini dunyoga taratgan edi.

Afsuski, keyingi yillarda muzeyga e’tibor berilmay, qarovsiz holga tashlab qo‘yildi. Ochig‘i, har gal ziyorat qilgani yoxud biror bir tadbir yuzasidan bu yerga kelsak, Alisher Navoiy nomi bilan ataladigan muzeyning ahvolini ko‘rib, yuragimizning bir chekkasi achishib ketadi. Chunki, bu muzeyda folklor namunalaridan tortib, Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur kabi allomalarning qo‘lyozmalari, bugungi kunda ham ijod qilib kelayotgan ijodkorlarning arxivi joy olgan muhtasham bir dargohdir. Qoidaga ko‘ra muzey joylashgan binoda faoliyat turi ayricha bo‘lgan boshqa tashkilotning joylashuvchi maqsadga muvofiq emas.

Shu ma’noda “O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining Alisher Navoiy nomidagi Davlat adabiyot muzeyi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori hammamizni, barcha adabiyotshunoslar qatori bizni ham birdek xursand qildi. Qarorda belgilab berilganidek, muzey binosi rekonstruksiya qilinib, qayta ta’mirlansa, zamonaviy jihozlar bilan ta’mirlansa, bugungi kun talablariga javob beradigan muzeyga aylanishiga hech shubha yo‘q. Ammo muzey binosi ilgarigi holidagidek yaxlit muzeyga qaytarilib berilmas ekan, bu ta’mirlash kutilgan natijani bermaydi.

Ayni paytda, ochiq xatda to‘g‘ri ta’kidlanganidek, biz hamisha tadbirkorlarimizni qo‘llab, quvvatlashimiz kerak. Imkon qadar ularga ko‘mak berishimiz zarur. Mamlakatimiz rahbari urg‘ulayotgandek, tadbirkorlik rivojlansa, xalq boyiydi, mamlakat rivojlanadi. Biroq, bu tadbirkorlik Alisher Navoiydek allomalarimizning merosiga hurmatsizlik hisobiga bo‘lmasligi kerak. Bu o‘rinda tadbirkor emas, balki ularni ham noqulay ahvolga solib, ming xijolatga qo‘yib, muzeydan joy ajratib bergan shahar hokimiyati rahbarlari javob berishlari kerak, deb o‘ylaymiz.

Mamlakatimiz poytaxtiga tashrif buyurgan har bir mehmon, sayyoh eng avvalo shaharning qoq markazidagi ushbu muzeyga albatta qiziqadi, shunga qarab bizning adabiyotga, milliy merosga munosabatimiz haqida hukm chiqaradi.

Bugun bosayotgan har bir qadamimiz, aytar so‘zimiz bugungi o‘zgarishlarga mos va xos bo‘lishi darkor. Mamlakat rahbari bugun har birimizdan o‘z kasbiga sadoqat, shijoat va shiddatni talab qilayotgan ekan, bu ishni eng avvalo o‘tmish merosga, milliy ma’naviyatimizga munosabatni to‘g‘ri shakllantirib olishdan boshlashimiz, darkor. Befarq qarab turishga bugun hech birimiz haqli emasmiz.

Shahar hokimiyatidagilar bu “ochiq xat” ni yana bir bor kerakli davralarda muhokama qilib, yo‘l qo‘yilgan xatoni o‘z vaqtida tuzatadilar va O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Alisher Navoiy nomidagi Davlat adabiyot muzeyidan noqonuniy ravishda olib qo‘yilgan qismi tez orada yana muzeyga qonuniy ravishda qaytariladi, deb umid qilamiz.

Baxtiyor Nazarov, 

O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining akademigi,

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi,

filologiya fanlari doktori, professor

Naim Karimov,

O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining akademigi,

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi,

filologiya fanlari doktori, professor

To‘ra Mirzayev, 

O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining akademigi,

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi,

filologiya fanlari doktori, professor

Baxtiyor Nazarov – 1945-yil 19-sentabrda Toshkent shahrida tug‘ilgan. 

O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Til va adabiyot institutida ilmiy xodim, ilmiy kotib, direktor, bo‘lim mudiri, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Bosh ilmiy kotibi o‘rinbosari, vitse-prezident vazifasini bajaruvchi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti davlat maslahatchisi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirining birinchi o‘rinbosari lavozimlarida ishlagan. 

Baxtiyor Nazarovning ilmiy izlanishlari XX asr o‘zbek adabiyoti taraqqiyoti, xususan, tanqidchilik va adabiyotshunoslik metodologiyasi muammolari, adabiyot nazariyasi va adabiy aloqa masalalariga bag‘ishlangan. Akademik olim tadqiqotlarida Fitrat, Oybek, G‘afur G‘ulom, Abdulla Qahhor, Abdulla Oripov mahorati masalalari o‘rganilgan. Oybekning 20 jildli “Mukammal asarlar to‘plam”ini nashrga tayyorlashda katnashgan.

Ko‘plab monografiya, ilmiy to‘plam, maqola hamda “O‘zbek adabiyoti”, “XX asr o‘zbek adabiyoti tarixi” kabi qator darsliklarning muallifi hamda hammualliflaridan biri. 

Naim Karimov – 1932-yil 12-dekabrda Toshkent shahrida tug‘ilgan. 

1958-yildan beri O‘zR FA Alisher Navoiy nomidagi O‘zbek tili, adabiyoti va folklori institutida xizmat qilib keladi. U Institutda kichik, katta, yetakchi ilmiy xodim hamda “Hozirgi o‘zbek adabiyoti va adabiy jarayon” bo‘limi mudiri, “Shahidlar xotirasi” xayriya jamg‘armasi raisi, “Qatag‘on qurbonlari xotirasi” muzeyi direktori, ayni paytda yetakchi ilmiy xodimi lavozimlarida ishlab, xalq xotirasidan sitib chiqarilgan yozuvchilar, jurnalistlar, fan, maorif va madaniyat xodimlariga bag‘ishlangan yuzlab maqolalarni e’lon qilib, stalincha qatag‘on qurbonlari xotirasini abadiylashtirish ishiga katta hissa qo‘shib kelmoqda.

Naim Karimovning 1000 ga yaqin ilmiy, adabiy-tanqidiy va ilmiy-ommabop ishlari e’lon qilingan. Ulardan 20 ga yaqini monografiya, 9 tasi darslik va o‘quv qo‘llanmalardir. Olimning ilmiy maqolalari AQSh, Angliya, Germaniya, Fransiya, Rossiya, Turkiya, Ukraina, Tojikiston, Qozog‘iston, Turkmaniston, Ozarbayjon singari xorijiy mamlakatlarda ham nashr etilgan.

To‘ra Mirzayev – 1936-yil 6-martda Buxoro viloyatining Shofirkon tumanida tug‘ilgan. Folklorshunos olim.

To‘ra Mirzayev o‘zbek filologiyasining atoqli namoyandalaridan biri, xalq og‘zaki badiiy ijodiyotini keng ko‘lamda tadqiq etishdan iborat fundamental ilmiy maktabga asos solgan ulkan fan tashkilotchisi, eposshunoslikning ko‘plab nazariy masalalarini jahonshumul darajada hal qilgan yirik folklorshunos olim.

To‘ra Mirzayevning 600 dan ortiq ilmiy, uslubiy, ilmiy-ommabop ishlari e’lon qilingan. Ulardan 5 tasi monografiya, 5 tasi darslik va o‘quv qo‘llanmalar, 45 tasi kitob va folklor to‘plamlaridir. Olimning kitob va maqolalari Rossiya, Germaniya, Turkiya, Tojikiston, Qozog‘iston, Turkmaniston kabi mamlakatlarda ham nashr etilgan.



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (31-01-2018, 09:29)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Сколько времени в день вы проводите в социальных сетях?

КТО НА САЙТЕ?
( 93) ( 0) ( 92) ( 1)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют