» » Prezident mahalliylashtirishdagi ko‘zbo‘yamachiliklar haqida gapirdi. Bu illat issiqxonalar, tomlar, bolalar maydonchalarida ham bor

Prezident mahalliylashtirishdagi ko‘zbo‘yamachiliklar haqida gapirdi. Bu illat issiqxonalar, tomlar, bolalar maydonchalarida ham bor


Prezident Shavkat Mirziyoyev eksport-import masalasiga bag‘ishlangan so‘nggi videoselektor yig‘ilishida eski yillarda qabul qilingan mahalliylashtirish dasturlarini tanqid qildi. Davlat rahbari 2017-yil davomida import qilingan kir yuvish kukunlari, atir sovunlar, qurilish materiallari, shokolad mahsulotlarining bir necha o‘n million dollarlik qiymatini tanqidga asos qilib ko‘rsatib, jumladan shunday dedi: “Bu holat o‘tgan yillarda qabul qilingan mahalliylashtirish dasturlarining hech qanday asoslarga ega emasligini, faqatgina ko‘zbo‘yamachilik va imtiyoz olish uchun xizmat qilganidan dalolat emasmi?”.

Fursati kelib, ehtimol, mahalliylashtirish dasturining boshqa kamchiliklari ham oshkor etilar, lekin kuni kecha eng yuqori minbardan turib aytilgan kamchilik — balki buni illat deyish kerakdir? — nafaqat mahalliylashtirish dasturida, balki hayotimizning boshqa jabhalarida ham asosiy, chamamda. Masalan, maktab va oliygohlarning faoliyati go‘yoki “komissiyadan komissiyagacha” yo‘lga qo‘yilgan — komissiya tashrif buyuradigan kuni hammadan formada kelish va odobli bo‘lish so‘raladi. Yoki bir asr avval ham jadidchi bobolarimizning tanqid nishoni bo‘lgan va oradan 100 qovun pishig‘i o‘tsa-da o‘zgarmagan to‘ylarimizni olaylik — o‘zimizga kelganida bu tomoshalarni “orzu-havas” deb niqoblaymiz (o‘nlab yurtdoshlarimizning aksariyati shu orzu, shu havas yo‘lida shahid bo‘lgani bir kun ham saboq bo‘lmaydi), televideniyedagi dabdabali tok-shoularga taklif qilib qolishsa, bu tantanalarni “xo‘jako‘rsin”ga uyushtirilishini aytishdan uyalmaymiz.

Xullas, 1787-yili rus imperatritsasi Yekaterina II bir necha yil avval Usmonli saltanatidan bosib olingan Ukraina janubi va Qrimni tomosha qilish uchun sayohatga chiqadi. Bu tashrifga Qrimning rossiyalik fotihi knyaz Grigoriy Potyomkin katta tayyorgarlik ko‘radi — rostdan ham butun boshli shaharlar, uzundan-uzoq yo‘llar quriladi. Biroq, afsonalarga ko‘ra, knyaz vaqtida hamma ishlarga ham ulgurmaydi va ko‘zbo‘yamachilikka qo‘l uradi — qirolicha yuradigan yo‘ldan uzoqda, biroq ko‘zga ko‘rinarli masofada soxta, dekorativ qishloqlar quriladi (“chiziladi”, deyilsa ham to‘g‘ri), uzoq-uzoqlardan bechora dehqonlar olib kelinib, xuddi shu qishloqlarning ahlidek ko‘rsatiladi. Imperatritsa yaqindagina biyobon bo‘lib yotgan joylarning “bugun obod, farovon yurt”ga aylanganini ko‘rib, juda quvonadi va knyazni faxriy unvoni bilan taqdirlaydi. Knyazning o‘z davri uchun innovatsion yolg‘onini esa kelajak avlod “Potyomkin qishloqlari” degan nom bilan fanga kiritadi.

Hozir bunday “qishloqlar”ni Toshkentdan ham topish mumkin: tunuka devor bilan ko‘zdan pana qilingan eski mahallalar, archalarning surati tushirilgan banner ortiga yashirilgan qurilish maydonlari, sathni xuddi g‘isht terilgandek qilib ko‘rsatadigan surat bilan to‘ldirilgan bozor panjaralari, uzoqdan qarasa derazasi bordek, yaqinroq kelganda esa aslida surat ekani oydinlashadigan chala qurilgan binolarni ko‘rgan chiqarsiz. Mana shularning deyarli bari aksariyat hollarda rahbarlarni chalg‘itish uchun vaqt, kuch va mablag‘ sarflanib quriladigan “Potyomkin qishloqlari”dir. Prezident aytganidek, ko‘zbo‘yamachilik.

Bir necha kun avval “Troll.uz” loyihasi Farg‘onadagi binolar tomining faqat yo‘lga qaragan qismi bo‘yalganiga doir suratlarni e’lon qildi. Loyiha muallifi avvalroq Buxoroning Afrosiyob ko‘chasi yoqasidagi ko‘p qavatli imoratlarning tomlari ham shunday bo‘yalganini yozgan. “Faqat Prezident uchun bo‘yalgan tomlar. Hammayoqda #xo‘jako‘rsin”, — deb achchiqlangandi “Troll.uz” loyihasi muallifi. Bu yakkam-dukkam holatlar emas. Shunga o‘xshash — katta yo‘l bo‘yidagi binolarning faqat yo‘lga qaragan qismi ta’mirlanishi, yo‘llarning faqat rahbarlar o‘tadigan bo‘laklari tartibga keltirilishi kabi voqealar haqida avval ham ijtimoiy tarmoqlarda ko‘p chiqishlar qilingan.

Boshqa bir misol. Prezident Shavkat Mirziyoyev yanvar oyida Qashqadaryo viloyatiga safari vaqti issiqxonalarda limon va unabi yetishtirish loyihalari bilan tanishgan edi. Oradan bir oy o‘tib, “Kun.uz” saytida Qashqadaryodagi tashlandiq bir issiqxona videosi e’lon qilindi. Sayt tahririyatining hudud aholisiga asoslanib yozishicha, Prezidentning Qashqadaryoga tashrifi arafasida viloyatdagi yo‘l yoqalarida “qo‘lbola issiqxonalar” qurilgan, endi esa qarovsiz yotibdi. “Xo‘jako‘rsinga, buning ustiga vaqt, mablag‘ va kuch sarflab barpo qilingan bu issiqxonalarda limon ko‘chatlari qovjiray boshlagan”, — deb yozadi sayt.

Chilonzor-6 dahasida faqat Prezident korteji o‘tgan vaqtdagina ishlagan bolalar maydonchasi — yanvar oyida ijtimoiy tarmoqlarda eng ko‘p muhokama qilingan voqealardan biri. Toshkent viloyatiga yo‘l olgan Prezident korteji Chilonzordan o‘tgan. “Xabar.uz”ning yozishicha, avtokarvon aynan qaysi yo‘ldan yurishi ma’lum bo‘lgach, mutasaddilar “zudlik bilan atrofni obodonlashtirishga, shu paytgacha bajarilmagan ishlarni xaspo‘shlashga uringan, katta yo‘l yoqasida sun’iy bolalar maydonchasi qurilib, sport anjomlari o‘rnatilgan; ishlar nomiga, Prezidentning ko‘ziga chiroyli ko‘rinishi uchun qilingan”. 5-yanvar kuni loy ustiga “qurilgan” bolalar maydonchasi 7-yanvar kuni yig‘ishtirib olingan...

Bu — 2018-yilning atigi ikki oyida “internetga chiqib ketgan”, jamoatchilik tomonidan muhokama qilingan ko‘zbo‘yamachiliklarning ayrimlari, xolos. Shuning o‘ziyoq qo‘rqinchli. Shunisi qo‘rqinchliki, mutasaddilar xalqni emas, “Xalqning ishonchini qozonish uchun tinim bilmay ishlaylik!” deb harakat qilayotgan Prezident oldida ham ko‘zbo‘yamachilik qilishdan qo‘rqmayapti. Yoki... qo‘rqqanidan shunday qilyaptimikin?

Yechim qayerdadir shu oraliqda bo‘lsa kerak.

Muallif fikri tahririyat nuqtai nazaridan farq qilishi mumkin.



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (1-03-2018, 13:43)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Что нужно улучшить на нашем сайте?

КТО НА САЙТЕ?
( 80) ( 0) ( 77) ( 3)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют