Shavkat Mirziyoyev Rossiya moliya vaziri Anton Siluanovni qabul qildi
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 6-mart kuni ikki tomonlama idoralararo maslahatlashuvlar o‘tkazish uchun mamlakatga amaliy tashrif bilan kelgan Rossiya moliya vaziri Anton Siluanovni qabul qildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Davlat rahbari mehmonni samimiy qutlar ekan, oliy darajadagi muntazam uchrashuvlar va muloqotlar, erishilgan kelishuvlar va qabul qilingan bitimlarni amalga oshirish bo‘yicha birgalikdagi chora-tadbirlar mamlakatlar o‘rtasida strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini, ko‘p qirrali, shu jumladan, moliyaviy sohadagi hamkorlikni kengaytirishga xizmat qilayotganini alohida ta’kidladi.
Bugungi kunda ikki mamlakat moliya vazirliklari o‘rtasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining o‘tgan yil aprel oyida Rossiya Federatsiyasiga davlat tashrifi chog‘ida imzolangan Hamkorlik to‘g‘risidagi memorandum doirasida yaqin o‘zaro hamkorlik yo‘lga qo‘yilgani mamnuniyat bilan qayd etildi.
Uchrashuvda moliyaviy sohadagi samarali muloqotni yanada rivojlantirish istiqbollari ko‘rib chiqildi.
Moliya, soliq va bojxona organlarini modernizatsiya qilish, mahalliy byudjetlar daromadlarini oshirish va mutanosibligiga erishish, moliyaviy nazorat mexanizmlarini takomillashtirish, qimmatli qog‘ozlar bozorini rivojlantirish va boshqa yo‘nalishlar bo‘yicha ilg‘or tajriba, texnologiyalar va bilimlarni jalb etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Yirik savdo va investitsiya loyihalarini moliyalashtirish borasidagi hamkorlikni kengaytirish muhimligi qayd etildi.
Moliya vaziri davlat rahbariga samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirib, Rossiya Prezidenti Vladimir Putin va hukumati Raisi Dmitriy Medvedevning salomi va ezgu tilaklarini yetkazdi.
Anton Siluanov Rossiya moliyaviy sohadagi keng ko‘lamli va o‘zaro manfaatli amaliy hamkorlikni rivojlantirish va chuqurlashtirishdan manfaatdorligi, bu boradagi sheriklikni davom ettirishga tayyorligini bildirdi.
Manba: Daryo.uz