» » O‘zbekiston Oliy sudi “o‘ta xavfli retsidivist” ayolni oqladi

O‘zbekiston Oliy sudi “o‘ta xavfli retsidivist” ayolni oqladi


O‘zbekiston Oliy sudiga ozodlikdan mahrum qilish jazosini o‘tayotgan Nilufar Maripova murojaat qilib, sud hukmi bilan o‘ziga qo‘yilgan “o‘ta xavfli retsidivist” atamasini chiqarishni so‘ragan. Bu haqda O‘zA yozmoqda.

Aniqlanishicha, jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar Shayxontohur tumani sudining 2016-yil 17-oktabrdagi hukmiga ko‘ra N. Maripova JKning 25 (jinoyatga suiqasd) va 169-moddasi (o‘g‘rilik) 3-qismi “a” bandi bilan 5 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosiga hukm qilinib, 34-modda 3-qismi “b” bandiga asosan “o‘ta xavfli retsidivist” deb topilgan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudi apellyatsiya instansiyasining 2016-yil 11-noyabrdagi ajrimi bilan mazkur hukm o‘zgarishsiz qoldirilgan.

1986-yilda tug‘ilgan, oilali, ikki nafar farzandi bor ayolga nisbatan chiqarilgan og‘ir hukmni sud N. Maripovaning bir necha marotaba sudlangani bilan asoslagan.

Darhaqiqat, N. Maripova muqaddam uch marotaba o‘g‘irlik qilishga suiqasd qilib, har safar jinoyatini oxiriga yetkaza olmay ushlangan va sudlangan.

Jumladan, u 2008-yilda jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar Chilonzor tumani sudining 29-apreldagi hukmiga ko‘ra Jinoyat kodeksining 25 va 169-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan 5 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosiga shartli hukm qilinib, 1 yil sinov muddati belgilangan.

Ikkinchi marta 2008-yilda jinoyat ishlari bo‘yicha Quva tumani sudining 15-sentabrdagi hukmiga ko‘ra unga Jinoyat kodeksining 25 va 169-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan 5 yil 6 oy ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. 2010-yil 28-avgustdagi amnistiya aktiga asosan jazodan ozod qilingan.

Uchinchi marta 2013-yilda jinoyat ishlari bo‘yicha Yunusobod tumani sudining 1-iyuldagi hukmiga ko‘ra Jinoyat kodeksining 25 va 169-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan 5 yilga ozodlikdan mahrum qilish jazosiga shartli hukm qilinib, 2 yil sinov muddati belgilangan. 2013-yil 12-dekabrdagi amnistiya aktiga asosan jazodan ozod qilingan.

– Jinoyat ishi Oliy sudga chaqirib o‘rganilganda N. Maripova shikoyatida keltirgan “o‘ta xavfli retsidivist” atamasining noto‘g‘ri qo‘llanilganidan tashqari boshqa holatlar ham aniqlandi, — deydi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi rasmiy vakili Aziz Obidov. — Darhaqiqat, N. Maripova 2014-yil 12-may kuni Toshkent shahri Shayxontohur tumanidagi “Korzinka-Qoratosh” supermarketiga xaridor sifatida kirib, savdo rastasidan jami narxi 407930 so‘mlik mollarni o‘g‘irlashga harakat qilgan vaqtida ushlangan. Dastlabki tergov tomonidan u qayd etilgan mulklarni o‘g‘irlaganlikda aybli deb topilgan”.

Ammo, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2013-yil 2-dekabrdagi farmoniga asosan 2013-yil 15-dekabrdan boshlab eng kam oylik ish haqi miqdori 96105 so‘mni tashkil qilgan. Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 61-moddasida mulkchilik shaklidan qat’i nazar, korxona, muassasa, tashkilotlarning mol-mulkini o‘g‘irlash yo‘li bilan oz miqdorda talon-toroj qilish uchun javobgarlik belgilangan. Basharti talon-toroj qilingan mulkning qiymati eng kam ish haqining o‘ttiz baravaridan oshmasa, bunday talon-toroj oz miqdordagi talon-toroj qilish, deb hisoblanishi ko‘rsatilgan. O‘sha vaqtda jinoyat tarkibini tashkil qiluvchi miqdor 2883150 so‘mni tashkil etgan.

Bunday holda N. Maripovaning harakatlarida faqat ma’muriy huquqbuzarlik mavjud bo‘lgan. Bu holatga na tergov organi, na birinchi va ikkinchi bosqich sudlari e’tibor bermagan.

Jinoyat-protsessual qonunchiligiga muvofiq tergov harakatlari yoki sud muhokamasi o‘tkazilgan ish bo‘yicha shaxsning qilmishida jinoyat tarkibi bo‘lmasa, shaxs aybsiz deb topilishi lozim. Shu asoslarga ko‘ra, Oliy sud raisining o‘rinbosari ish bo‘yicha chiqarilgan qarorlarni qonunsiz va adolatsiz, deb topdi. N. Maripovaning qilmishida jinoyat tarkibi bo‘lmaganligi sababli unga nisbatan jinoyat ishini tugatish haqida protest keltirdi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati protestni ochiq sud majlisida Bosh prokuratura vakili ishtirokida ko‘rib chiqdi. Natijada protest qanoatlantirilib, Nilufar Maripovaga oid jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahri Shayxontohur tumani sudining 2016-yil 17-oktabrdagi hukmi hamda jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudi apellyatsiya instansiyasining 2016-yil 11-noyabrdagi ajrimini bekor qildi. N. Maripovaning qilmishida jinoyat tarkibi bo‘lmaganligi uchun jinoyat ishi Jinoyat protsessul kodeksining 83-moddasi 2-bandiga asosan tugatildi hamda uni darhol jazoni ijro etish muassasasidan qamoqdan ozod qilish topshirildi.



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (9-03-2018, 22:28)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Что нужно улучшить на нашем сайте?

КТО НА САЙТЕ?
( 96) ( 0) ( 95) ( 1)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют