» » “Illat, dard, balo!”. Shavkat Mirziyoyevning dabdabali to‘ylar haqidagi barcha fikrlari (video)

“Illat, dard, balo!”. Shavkat Mirziyoyevning dabdabali to‘ylar haqidagi barcha fikrlari (video)


O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev to‘ylarni ixchamlashtirish zarurligi haqida bir necha bor, o‘rni kelganda juda keskin fikrlar bildirdi. Prezidentning to‘ylar haqidagi ba’zi bayonotlari televideniye orqali ko‘rsatildi, ba’zilari esa Davlat rahbari ishtirokidagi yig‘ilishlardan so‘ng internetga sizdirildi. Prezidentning keskin tanqidlari va takliflari samarasi o‘laroq, mart oyining qoq o‘rtasida to‘y va ma’rakalarni tartibga solish bo‘yicha Senat qarori loyihasi e’lon qilindi.

“Daryo” Shavkat Mirziyoyevning to‘ylar haqida bildirgan va ochiq manbalarda mavjud to‘rt asosiy bayonotini bir sahifaga jamladi, shuningdek, Senat qaroridagi ba’zi jihatlarga e’tibor qaratdi.

Ijodkor ziyolilar muloqot Shavkat Mirziyoyevning 2017-yildagi eng katta, eng yodda qolarli ham juda samimiy uchrashuvlaridan biri bo‘lgandi. Unda Davlat rahbari tomonidan juda ko‘plab takliflar ilgari surildi. Shulardan biri — to‘ylarni tartibga solish edi. Prezident shu kunlarda o‘tkazilayotgan dabdabali to‘ylarni “dard” deb atagan edi.

Bugungi imkoniyatdan foydalanib, yana bir muhim, ta’bir joiz bo‘lsa, nozik bir masala xususida sizlar bilan maslahatlashib olishni zarur deb bilaman. Nega desangiz, bu masala bo‘yicha faqat sizlar menga yordam berishingiz mumkin, agar qo‘llab-quvvatlasalaring.

Joylarda bo‘layotgan uchrashuv va muloqotlarda ko‘p-ko‘p odamlar mendan bir narsani iltimos qilyapti, Virtual qabulxonaga yozyapti: “To‘y-ma’rakalarimizni bir tartibga solib beringlar”, deb murojaat qilyapti. Juda ko‘p!

Haqiqatan ham, ayni shu masala necha yillar, hatto asrlardan beri kun tartibidan tushmasdan keladi. Jadid bobolarimiz ham to‘y-ma’rakalarimizdagi isrofgarchilik, dabdababozlik, maqtanchoqlik millatimizni ma’naviy tanazzulga yetaklaydigan illat ekani haqida qanday kuyunib o‘tganlarini yaxshi bilamiz.

Mana, o‘zinglar ko‘ryapsizlar, soppa-sog‘ yurgan ayrim odamlar ellikka kirmasdan turib to‘satdan insult bo‘lyapti, infarkt bo‘lyapti. Sababini surishtirsangiz, boshqalardan qolmaslikka tirishib, katta to‘y qilaman, deb qarzga botgan bo‘ladi. Hali qarzidan qutulmasdan, yana to‘y qilishi kerak.

Oxirgi olti oyda bir qishloq tumani, bir shahar tumanini olib, tahlil qildik. Juda ko‘pchilik odamlar mana shu narsadan norozi. Qarz olganlar juda ko‘p. Shuning uchun, bugun biz ko‘z yumib o‘tiraversak, ertaga odamlar nima deydi? To‘g‘ri, pul topib aql topmaganlar 10 foiz, lekin 90 foiz xalqimiz oddiy yashaydi-ku. Biz hayotimiz, rejamizni ularga qarab to‘g‘rilashimiz kerak.

Ochig‘ini aytadigan bo‘lsak, to‘y-hashamlar bilan bog‘liq ortiqcha xarajatlar ming-minglab oilalarning nafaqat iqtisodiy ahvoliga, balki, butun hayotiga jiddiy salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Bugun hayotimizda ko‘payib borayotgan oilaviy mojarolar, urush-janjallar, ajralishlar, qudalar o‘rtasidagi sovuqchilik sabablari ham aksariyat hollarda xuddi shu narsaga borib taqaladi.

Eng yomoni, ayrim pul topib aql topmagan, ma’naviy saviyasi past kimsalar to‘y-hashamlar, ma’rakalarni o‘tkazish bo‘yicha musobaqa o‘ynab, turli-tuman yangi odatlarni o‘ylab topyapti. Bularni eshitib, ba’zan odam hayratdan yoqasini ushlab qoladi. Mana, Toshkentdagi to‘ylarda “kelin-navkar” degan yana bir balo chiqibdi. O‘zi “kuyov-navkar” bo‘lardi, endi “kelin-navkar” chiqibdi. Nima emish, endi kelinning ota-onasi qiziga qo‘shib uning o‘nlab dugonalarini ham bir xil kiyintirishi, yasantirishi kerak ekan. Bunday bemaza qiliqlar qayerdan chiqyapti? Yoshlarimiz kimdan o‘rganyapti buni?

Bu azobni, bu illatni yo‘q qiladigan vaqti-soati keldi. Mana, yozuvchilarga topshiriq, mana shu narsalarni yozish kerak. Qalam qachon xalqparvar bo‘ladi? Qalam elning dardi bilan chiqsa xalqparvar bo‘ladi. Bu — dard!

Yaqinda o‘tgan “Kamolot” qurultoyida men yoshlarning og‘zini poyladim. Birorta yigit yoki qiz chiqib, “Ey, do‘stlar, tengdoshlar, biz uylanamiz, turmushga chiqamiz deb ota-onalarimizni nihoyatda qiynab qo‘ydik. Kelinglar endi, ularni bunday og‘ir tashvishga qo‘ymaylik, kelajagimizni, millatimizning sha’nini o‘ylab, to‘ylarimizni kamtarona, ixcham qilib o‘tkazaylik”, degan gaplarni aytarmikan, deb kutdim. Afsuski, birorta odam g‘ing demadi.

Yoshlarning kattasi bu yerda o‘tiribdi, birorta qaror qilib, yoshlarning o‘zi: “Likillab ko‘chada yurishlarni bo‘ldi qilaylik, u pulga uy olaylik, kitob olaylik”, deb chiqsin. Kelajagimizga kerak bo‘ladi u pullar. Hozirgi holatni to‘qlikka sho‘xlik, deydi. Siz yangi rahbar sifatida yoshlarning ichida bir qaror qilsangiz, bu masalada yoshlarning o‘zi tashabbus ko‘rsatmasa bo‘lmaydi. To‘ylarni yoshlarning o‘zi qo‘lga olishi kerak.

To‘y-ma’raka – bu faqat shaxsiy ish emas, balki ijtimoiy masala ekanini inobatga olgan holda, bosh vazir A.Aripov, bosh vazir o‘rinbosari T.Norboyevaga tegishli tashkilotlar bilan birgalikda oilaviy marosimlarni tartibga solish, ularni ixcham, isrofgarchilik va dabdabaga yo‘l qo‘ymasdan o‘tkazish bo‘yicha bir oy muddatda Prezident qarori loyihasini tayyorlash vazifasi topshirilsin.

Shavkat Mirziyoyev, O‘zbekiston Prezidenti

Qayd etish joiz, uchrashuv davomida Toshkent shahar rasmiylari to‘ylar masalasida Prezident tomonidan qattiq tanqid qilingan edi. Shu bois, uchrashuvdan so‘ng ko‘p o‘tmay, shahar hokimi Rahmonbek Usmonov to‘ylarni tartibga solish to‘g‘risida hujjat imzolagani, unda to‘ydagi mehmonlar soni 300 kishidan oshmasligi, kelinsalomni to‘yxonada o‘tkazish va unda turli sovg‘alar berishni to‘xtatish, kelinlarning sepiga kuyovning oiladagi o‘rni haqidagi adabiyotlarni qo‘shish kabi tavsiyalar ilgari surilgani xabar qilingan edi. OAV xabarlariga ko‘ra, bu talab-tavsiyalari uchun shahar hokimi keyinroq yana Prezidentning tanqidiga uchragan.

Ijodkor ziyolilar bilan uchrashuvdan ko‘p o‘tmay, Olmaliq shahriga tashrifi vaqtida Shavkat Mirziyoyev yana to‘ylar masalasiga to‘xtaldi. To‘ylarni qonuniy yo‘l bilan tartibga solish, tartibni buzganlarni esa javobgarlikka tortish fikrlari aynan shu yerda yangradi. Shavkat Mirziyoyev FHDYo bo‘limlari binosida 150—200 kishilik to‘y o‘tkazish joylarini qurish va buni Olmaliq shahar tajribasi sifatida butun mamlakatda tatbiq etishni taklif etgan edi.

Olmaliq shahar tajribasi qilamiz — ZAGS (FHDYo) bilan birga nima kerak bo‘lsa, bir binoda bo‘ladi. Mana, biz to‘ylar to‘g‘risida gapiryapmiz. Endi ZAGSning mudirasi faqat nikohni ro‘yxatga olish bilan cheklanib qolmaydi. ZAGS binosining ichida 200 kishilik to‘y qiladigan joyi ham bo‘ladi. To‘yda qancha artist bo‘ladi, qancha ichimlik bo‘ladi, go‘shti qancha, puli qancha, va hokazo — hammasi belgilab qo‘yiladi.

Ikkinchidan, to‘y marosimidan avval so‘raydi — qayerda to‘y qilasiz? “Mana shunday to‘y qilsangiz, biz sizga ruxsat beramiz. Bo‘lmasa, boring Toshkentda to‘yingizni qilib keling”, deydi. Qaysi ZAGS, qaysi yoshlar yoki qaysi tuman hokimi biz qabul qilgan qaror bo‘yicha to‘y qilmasa, javobgarlikka tortamiz. Shu ish to‘g‘ri bo‘ladi, noinsofchilikni Xudo taolo ham kechirmaydi.

O‘sha ZAGSda to‘yni chiroyli qilib, xavfsizligini ham ta’minlab, so‘ng uyiga olib borib beramiz. Unda ikki kitob, to‘rt she’r o‘qiladi. Haligi likillagan artistlarning yevropacha tovushi, diskotekasi bo‘lmaydi. Ashula aytadi, uning ashulasini tushunish kerak. Raqs tushadi — “Munojot”ga o‘ynasin, kerak bo‘lsa. “Munojot”ni kesatib aytyapman — salgina bizning urf-odatlarimizga mos o‘yinga o‘ynasin-da. Yechinmasdan, kiyinib, urf-odatimiz bilan. ZAGSning mudirasi qo‘l qo‘ydimi, boshi bilan javob beradi. Bir yerda noto‘g‘ri to‘y bo‘ldimi, ishdan ketadi. Tamom.

Porasini olib, nikohni ro‘yxatdan o‘tkazadigan zamon tugadi. Agar shunday qilmasak, bu illat bizga yaxshilik keltirmaydi. Bu illat — xiyonat. Ertangi siyosatimizga ham, hamma narsamizga. Shundan so‘ng yoshlar ham, ota-onalar ham, boshqalar ham salgina bo‘lsa-da qadriga yetadi. Ming boyvochcha bo‘lgan kishi ham “Xudoga shukr!” deydi. Yangi qiliqlar, “kelin-navkarlar” endi bo‘lmaydi.

Mana, mahallaning diniy masalalar bo‘yicha bo‘yicha maslahatchisi — davlat vakili. Xo‘sh, sen davlat vakili bo‘lsang, borib shu to‘yni buzgin. Yo‘q, birinchi bo‘lib, tugunchasini olib ketadi. “Baxtli bo‘lsin”, deydi. Qayerga qarayapmiz? Kimga qarayapmiz?

Shavkat Mirziyoyev, O‘zbekiston Prezidenti

Prezidentning Surxondaryo va Buxoro viloyatlariga tashrifidan so‘ng Milliy xavfsizlik xizmati (hozirgi Davlat xavfsizlik xizmati) atrofidagi muhokamalar qizigan edi. Navoiyga safar esa, jumladan, to‘ylar mavzusinining yana kun tartibiga qaytishi bilan yodda qoladigan bo‘ldi. Aynan Xatirchi tumanida o‘tgan faollar yig‘ilishida Shavkat Mirziyoyev dabdabali to‘ylar va ularga amaldorlarning borishini tanqid qildi. Shuningdek, aynan shu yig‘ilishda to‘ylarni tartibga solish bo‘yicha Senat qarori chiqishi e’lon qilindi.

Bosh vazirdan boshlab hokimgacha barcha ijro organlari rahbarlarining to‘y-marosimlarga borishi ma’n etiladi. Choyxonalarning oldida davlat mashinasi turganini ko‘rgan kunim o‘shani ishdan olib tashlayman, javobgarlikka tortaman.

To‘y eng ko‘pi 150 kishiga bo‘ladi, osh 200 kishiga bo‘ladi. Birorta rahbar uyida tug‘ilgan kunini ham, to‘yini ham o‘tkazmaydi. Bo‘ldi, u zamonlar tugadi. Odamlarning g‘ashini keltiryapti. Marosimlar ham, to‘ylar ham rahbarlarsiz bo‘ladi. Bosh vazir boradi g‘o‘ddayib hamma muovinlari bilan, hamma turadi. O‘sha 20 kilogramm go‘shtingni puliga biror kambag‘alning uyini ta’mirlab ber, televizor olib ber!

Qaror chiqadi! Qaror! Prezident qarori emas, Senat qarori chiqadi! To‘y qilishning ham me’yorini yozib beramiz. Toshkentda to‘rtta qizi bor odam to‘y qilishi uchun o‘zini osishi kerak. Oddiy, byudjetdan maosh olib yashaydigan odam to‘rt qizini erga berishi uchun o‘zini ossa ham bo‘laveradi. Hech qanday imkoniyat yo‘q. Birovdan qolmay deb, qarz oladi, o‘ziga qaramaydi, do‘xtirga bormay, faqat shu to‘yga yig‘adi. Kimga kerak bu to‘y?

Avvaliga biz tashviqot qilib ko‘rdik, foyda bo‘lmadi. Xiyonat qilyapmiz xalqimizga! To‘ylarni joy-joyiga qo‘ysak, korrupsiya bo‘lmaydi. Adolat o‘rnatiladi. Hamma bir xil to‘y qiladi. Agar birorta rahbar — prokurormi, soliqchimi, hokimmi, chegarachimi — me’yordan chiqsa, o‘sha kuniyoq qamayman.

Qaysi vazir yo bosh vazir o‘rinbosari 500 kishiga to‘y qilishga yetadigan maoshni qayerdan oladi? Hammasi o‘g‘rilik bu, agar buning tagini surishtirsak. O‘g‘rilik! Bu ham adolatsizlikning bir oqibati. 110 kishi, 120 kishi. Tamom! Juda bo‘lmasa, maxsus komissiyadan ruxsat olib, 150 kishilik to‘y qiladi. Bundan ortig‘i hech qayerdan bo‘lmaydi. Juda yaxshi bo‘ladi, faqat yoshlar bo‘ladi. Qariyalar non sindirishga, to‘yga yoshlar boradi.

Men shuni hammasini yozib, qaror chiqarishga majburman. U zamon o‘tib bo‘ldi endi. Nima uchun buni aytyapman? Chunki Andijonda ham bu juda kuchayib ketgan. Avvalambor ertalabki to‘ylar yo‘q bo‘ladi. Bo‘ldi endi. Marosim tushlik vaqti, 13:00 dan 14:00 gacha bo‘ladi. Qaysi restoran kechqurun o‘shani qilsa, o‘sha restoranni o‘sha kuniyoq yopamiz. Adolatsizlikni o‘zimiz boshlab beryapmiz.

Shavkat Mirziyoyev, O‘zbekiston Prezidenti

Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan Toshkentdagi “O‘zekspomarkaz”da uyushtirilgan tantanali marosim davomida ma’ruza qilarkan, Shavkat Mirziyoyev yana bir bor to‘ylar masalasiga to‘xtalib o‘tdi. Prezident jamoatchilikni to‘ylarni tartibga solish, ularni ixchamlashtirish bo‘yicha takliflar bildirishga chaqirdi.

Fursatdan foydalanib, siz muhtarama opa-singillarimizdan to‘y va ma’rakalarimizni ixcham va mazmunli o‘tkazish bo‘yicha o‘z fikrlaringizni bildirib, uni hal qilib berishlaringizni iltimos qilmoqchiman. Nima uchun “iltimos” deb gapiryapman? Xudoga ming qatla shukr, to‘ylar albatta bo‘lishi kerak. Hech kim “To‘y qilmanglar, to‘y qilish mumkin emas!”, deb aytayotgani yo‘q, lekin har xil gap-so‘zlar chiqib ketyapti. To‘y ma’noli, mazmunli, hisob-kitobli bo‘lsin deb aytyapmiz.

Shularni inobatga olib, qarorni tayyorlayapmiz. Agar kattalardan boshlab hamma teng to‘y qilsa, shunda jamiyatdagi vaziyat o‘zgaradi. O‘zgaradi, shuni bilinglar! Qanchalik og‘ir bo‘lmasin, biz, ayniqsa, kam ta’minlangan, biroz muhtoj oilalarga o‘zimiz to‘y qilib berishni ham o‘ylab ko‘ryapmiz, bu borada juda katta takliflar tushyapti. Xotin-qizlar qo‘mitasi, ziyolilarimiz, mana bu yerda onaxonlarimiz o‘tiribdi — shu masala o‘z fikrlaringizni bildirsangiz maqsadga muvofiq bo‘lardi.

Bizga bu masalani tashqaridan kelib, birov o‘rgatishi kerak emas. Bu masalani o‘zimiz to‘g‘rilab olsak, o‘zimizga munosib to‘ylarni qilsak, o‘ylaymanki, jamiyatimizda adolat o‘rnatish nuqtai nazaridan ham to‘g‘ri bo‘ladi.

Shavkat Mirziyoyev, O‘zbekiston Prezidenti

O‘zbekiston Normativ-huquqiy hujjatlar muhokamasi portalida 15-mart kuni Oliy Majlis Senatining “To‘y-hashamlar, oilaviy tantanalari, ma’raka va marosimlar, marhumlarning xotirasiga bag‘ishlangan tadbirlar o‘tkazilishini tartibga solish” to‘g‘risidagi qarori loyihasi e’lon qilindi. E’tiborli tomoni, Prezident tomonidan yig‘ilish va uchrashuvlarda o‘rtaga tashlangan bir qator taklif va g‘oyalarning u yoki bu ko‘rinishda qaror loyihasida aks etganini ko‘rish mumkin.

Masalan, FHDYo organlari qoshida aholiga, birinchi navbatda uning kam ta’minlangan va ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlariga arzonlashtirilgan xizmat ko‘rsatadigan 150 tagacha o‘rinli to‘yxonalar faoliyatini yo‘lga qo‘yish belgilanmoqda, “kelinnavkar” kabi odatlar taqiqlanmoqda, barcha darajadagi davlat organlari rahbarlari va mansabdor shaxslari o‘z oilaviy tadbirlarini o‘tkazishda aholiga shaxsiy namuna bo‘lishlari hamda o‘rnak ko‘rsatishlari tavsiya etilmoqda, shuningdek, marosimlarni o‘tkazish mumkin bo‘lgan vaqt oraliqlari ko‘rsatilmoqda.

Qaror loyihasida nafaqat marosimlar, balki ularni o‘tkazuvchi muassasalar (to‘yxonalar, kafe va restoranlar), xizmat ko‘rsatuvchi shaxslar (masalan, xonanda, boshlovchi, fotograf, hashamatli mashinalarning haydovchilari va boshqalar)ga nisbatan ham tegishli talablar, ma’lum bir cheklovlar o‘rnatilayotganini ko‘rish mumkin (masalan, xonandalar soni bittadan, to‘y kortejidagi avtomobillar soni esa ikkitadan oshmasligi kerak).

Senat qarori loyihasi bo‘yicha muhokama 30-martgacha davom etishi, hujjat shundan so‘ng qabul qilinishi kutilmoqda — yakuniy hujjat portalda ko‘rsatilganidan farqli bo‘lishi, ba’zi bandlar tushib qolishi, boshqalari qo‘shilishi mumkin.



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (17-03-2018, 08:43)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Понравился ли Вам наш сайт?

КТО НА САЙТЕ?
( 83) ( 0) ( 83) ( 0)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
- отсутствуют
Последние 20 посетителей... - отсутствуют