» » Oliy Majlis senatori: qaysi urf-odatimizga ko‘ra, bir umr yiqqanimizni bir kunda sochamiz?

Oliy Majlis senatori: qaysi urf-odatimizga ko‘ra, bir umr yiqqanimizni bir kunda sochamiz?


O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zosi, O‘zbekiston Qahramoni Mirzaxmat Shaimov “pul topib, aql topmagan, ma’naviy saviyasi past” mansabdorlar haqida fikr bildirdi, deb yozadi O‘zA.

Keyingi paytlarda to‘ylar, oilaviy tantanalar va hatto marhumlar xotirasiga bag‘ishlangan marosimlarni o‘tkazishda ham shuhratparastlik, o‘zini ko‘z-ko‘z qilish, atrofda yashayotgan odamlarning hol-ahvolini inobatga olmaslik, xalqimizning urf-odatlari va an’analarini mensimaslik kabi salbiy illatlar ildiz otib ketayotganing guvohi bo‘lyapmiz. Ko‘ra-bila turib, o‘shanaqa “Kim o‘zarga” qilinayotgan to‘y-u marosimlarning bir chetida o‘tirib, “Rosa yig‘ingan ekan-a, barakatopkur, ayamay sochdi-ya”, degan maqtovni hech uyalmay qistirib qo‘yamiz, deyiladi maqolada.

Yillar o‘tsa-da, zamon o‘zgarib borayotgan bo‘lsa-da, milliy taraqqiyotimizga katta to‘siq va g‘ov bo‘lib kelayotgan bu kabi illatlarga barham berish, to‘y-ma’rakalarni ixcham, zamonaviy ko‘rinishda o‘tkazish o‘rniga, to‘ydan oldin va keyin bo‘ladigan kerakli-keraksiz tadbirlarni o‘ylab topish, dabdababozlik qilib, haddan ziyod isrofgarchilikka yo‘l qo‘yish holatlari tobora kuchaymoqda.

Pul topib aql topmagan, ma’naviy saviyasi past ayrim kimsalar, ayniqsa, oyog‘i yerdan uzilgan ba’zi mansabdorlar bu borada axloq-odob mezonlarini unutib, o‘zlarining jamiyatdagi mavqeini, boyligini ko‘rsatib qo‘yish kabi xudbin maqsadlarini amalga oshirmoqda.

Eng yomoni, bunday holatlar yoshlarimiz tarbiyasiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotir. Ularda halol mehnatga nisbatan bepisand munosabat va yengil-yelpi hayot kechirish, manmanlikka intilishning kuchayishiga sabab bo‘lmoqda, deb qayd etadi senator.

Qizlarimizga bo‘lgan munosabat kuyov tomonga qilingan sarpo-suruqlaru mebellarga qarab o‘lchanayotgani, ko‘pincha faqat shunga oila poydevori, tamal toshi sifatida qaralayotgani sizni tashvishlantirmaydimi? Endi ayting-chi, qiz tomonning mebel qilishi qaysi urf-odatimizga to‘g‘ri keladi? Nega jondan aziz dilbandimizni turmushga bergach ham “Uni olib berish kerak!”, “Buni yetkazib berish kerak!” degan yangicha illatlardan qutulolmaymiz? Nima, qizni kelin qilib uzatgan joyimiz, ya’ni qudalarimiz jondan aziz jigarbandimizning qadrini ana shu mebel-u latta-puttalar bilan o‘lchaydimi?!

Mirzaxmat Shaimovning so‘zlariga ko‘ra, so‘nggi paytlarda qiz uzatayotganlar kuyov tomonidan qo‘yilayotgan qat’iy talablar bilan hisoblashishga majbur bo‘lmoqda. Kelinning sepida keladigan mebellar o‘zimizniki emas, chet elniki bo‘lsin. Kuyov atalmishning bosh-oyoq sarposi, albatta, xorijniki bo‘lishi shart. Hatto hali tuzukroq tanishib ulgurmagan “quda bo‘lmish"ning “pastkash”ligi-yu “qurumsoq”ligi yetti mahallaga doston bo‘ladi, qo‘yadi. Axir, er tomonning or-nomusi kuchliroq bo‘lishi kerak emasmi? Kelin tomondan sandiqsifat qutilarda kelgan, yilning to‘rt fasliga mos kiyimlar-u mebellar ustiga o‘tirvolib, “Men shu uyning erkagiman” deyishdan qachon uyalasiz, e ko‘ksiga “Men yigitman!” deb yurgan qadrli o‘g‘illarimiz?!

Nega? Nima uchun? Qaysi tamoyil-u, qaysi urf-odatimizga ko‘ra, bir umr yiqqanimizni bir kunda sochamiz?!

Meni kechirishsin-u, ammo marosimlarimizning shunday tus olishida yangi-yangi, mintalitetimizga mutlaqo xos bo‘lmagan “udumlar”ni o‘ylab topayotgan, har birimiz uchun mo‘tabar bo‘lgan ayollarimiz aybdor emasmikan?! — deydi senator.

Endi bir o‘ylab ko‘raylik-chi, oyiga o‘rtacha 2 million so‘m daromad qilib, 1 million so‘mini orttirib qo‘yish imkoniyatiga ega o‘rtahol oila 2 nafar farzandini uylantirish yoki 2 qizini uzatish uchun necha yil davomida ter to‘kib mehnat qilishi lozim? Bunga imkoniyati yetmaganlar-chi? Ular nima qilishsin?!

Mehmonlar soni to‘y sohibining obro‘-e’tiborini belgilovchi mezonga aylangan chog‘i, qo‘shni mahallalarning tanish-notanish ahlini shodiyonaga chorlash odat tusiga kirdi. “Eldan chiqmaslik” taomiliga rioya qilishga majbur bo‘lgan oddiy oilalar uchun bu urf-odatlar juda qimmatga tushayapti.

To‘g‘ri, ikki tomon o‘zaro kelishib, “bor tovog‘im – kel tovog‘im” aqidalariga nuqta qo‘yish hollari ham kuzatilmoqda. Biroq bu o‘nta oiladan bittasiga to‘g‘ri kelishini inobatga olsak, illat ildiz otsa otayaptiki, aslo kamaygani yo‘q?!

Axir, ana shu ortiqcha dabdababozlikka sarflanayotgan mablag‘lar xayrli ishlarga yo‘naltirilsa, qanday soz bo‘lardi. Shunday ekan, mamlakatimiz jamoat tashkilotlari faollarining murojaatiga quloq tutish, amal qilish, qo‘llab-quvvatlash har birimizning burchimiz, qalb amrimiz emasmi? Mahalla oqsoqollari to‘y-u marosimlarimizga chuqurroq aralashishsa, erkaklarimiz ham “Ha, endi el qilganini qilayapmiz-da!” deya sarf-xarajat jilovini “yangicha urf”larni o‘ylab topayotgan ayollarimizga berib qo‘ymay, nuroniy otaxon-u onajonlar, mahalla-ko‘y bilan bamaslahat ish qilishsa, yomon bo‘lmasdi. Bir kunlik soxta obro‘ orttirib, yillab qarz to‘lab yurmasdi. Kengashli to‘y tarqamas, deyishadi, keling yana bir karra bu haqda chuqurroq o‘ylab ko‘raylik, deb xulosa qiladi senator.



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (18-03-2018, 10:28)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Понравился ли Вам наш сайт?

КТО НА САЙТЕ?
( 113) ( 0) ( 111) ( 2)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют