» » “Korzinka.uz” rahbari Zafar Hoshimov: Oshna-og‘aynichilik va sun’iy to‘siqlarsizgina o‘z iqtisodiyotimizning chempionlarini aniqlay olamiz

“Korzinka.uz” rahbari Zafar Hoshimov: Oshna-og‘aynichilik va sun’iy to‘siqlarsizgina o‘z iqtisodiyotimizning chempionlarini aniqlay olamiz


“Korzinka.uz” supermarketlar tarmog‘i rahbari Zafar Hoshimov o‘zining Facebook’dagi sahifasida Import o‘rnini bosuvchi va eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarishni mahalliylashtirishni yanada chuqurlashtirish borasidagi qaror loyihasi bo‘yicha o‘z fikrini yozib qoldirdi.

2013-yillarda ukam Alisher Hoshimov bilan “Korzinka” tarmog‘i mahsulotlarini kelajakda rivojlantirish borasida tez-tez bahslasha boshlagandik. Men o‘z tortlarimiz va salatlarimizni ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishimiz kerakligini ta’kidlardim. Bu orqali biz ushbu yo‘nalishdagi marjinallikni oshirishimizga ishonardim. Shuningdek, buning uchun katta sarmoya ham shart emasdi.

Alisher o‘shanda shunday degandi:

“Zafar aka, balki biz bu ishni boshlarmiz va ishlab chiqarishni yo‘lga ham qo‘yarmiz, biroq bu bizning kuchli tomonimiz bo‘lmaydi. Chunki avval bu ish bilan shug‘ullanmaganmiz, shu sababli qattiq harakat qilishimiz, ko‘plab xatolarga yo‘l qo‘yishimiz va mutaxassislarni yollashimizga to‘g‘ri keladi. Ushbu sohadagi yaxshi mutaxassislar o‘zining biznesini boshlab yuborgan. Bizning hozirda yetkazib beruvchilarimiz, qandolatchilar va salatchilarimiz mazkur sohada ko‘p yillik tajribaga ega va bu ularning shaxsiy biznesi. Biz yollaydigan mutaxassislar professional darajada yaxshi bo‘lishi dargumon, shuningdek, biz yollagan qandolatchi va oshpazlar hech qachon o‘z biznesini yuritayotganlardek shijoat bilan ishlamaydi. Deyarli har haftada yangidan-yangi ishlab chiqaruvchilardan takliflar kelib tushmoqda. Yetkazib beruvchilar o‘rtasidagi bu kabi raqobat bizga ular orasidan eng yaxshisini tanlab olish, ularning narxi va sifatini nazoratda ushlash imkoniyatini beradi. Ishlab chiqaruvchilar mijoz sifatida bizni yo‘qotib qo‘ymaslikka harakat qiladi, shu sababli asosan bizning talablarimizga ko‘nadi, chunki raqobat juda kuchli. Bu ularni bizning mahsulotlarimiz tannarxini past qilish bilan birga, o‘zlarining ishlab chiqarish hajmi borasida doimo kurashishga va foyda ko‘rishga undaydi.

Agarda biz ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yadigan bo‘lsak, yuqorida sanab o‘tgan omillarimni inobatga olgan holda ishonchim komilki, mahsulotimiz narxi qimmatlashsa qimmatlashadiki, arzon bo‘lmaydi.

Alisher biroz nafas olib, yana davom etdi:

“Bungan tashqari, biz ishlab chiqargan mahsulot ushbu sohadagi professional va mutaxassislarnikidan sifatli bo‘lishini hech kim kafolatlamaydi. Narxi va sifati borasida bozordagilardan ortiq bo‘lmagan mahsulot o‘zimizniki bo‘lgani sabab xaridorlarga uni taklif etishga majbur bo‘lamiz. Shu bilan birga o‘z mahsuloti sifatli va arzon bo‘lgan yetkazib beruvchilar bilan ham kurashishimizga to‘g‘ri keladi. Eng muhimi bularning barchasiga asosiy resursimizni — vaqtimizni sarflaymiz. Biz marketlar ochish va ularni boshqarishni yaxshi eplayapmiz. Nega endi bizdan ko‘ra yaxshi va arzon ishlab chiqarilgan tortlar, salatlar va boshqa narsalarni taqdim etmasligimiz kerak. Nega endi boshqalardan ko‘ra yaxshiroq bajaradigan ishimizni davom ettirmasligimiz kerak”, — degan edi Alisher.

O‘shanda ukam bu borada o‘z fikriga meni ishontira olganidan xursandman. Ishonchim komilki, uning gaplariga quloq solmaganimizda xato qilgan bo‘lardik: boshqalardan kuchli bo‘lmagan va deyarli hech nimaga tushunmagan ishimiz bilan shug‘ullanib kuch va resurslarimizni sarflagan, eng muhimi boshqalarga qaraganda yaxshiroq uddalaydigan sohamizga vaqtimizni sarflay olmagan bo‘lardik.

Nega bu voqeani eslab qoldim?

Import o‘rnini bosuvchi va eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarishni mahalliylashtirishni yanada chuqurlashtirish borasidagi qaror loyihasini o‘qiganimdan keyin yodimga tushdi. Bu xuddi bizning tarmoq o‘z xaridorlariga sotayotgan barcha mahsulotlarni ishlab chiqarish uchun urinishiga o‘xshaydi. Agarda hammasini bajarashning imkoni bo‘lganida ham, shubhasiz, ularning narxi va sifati eng yaxshi bo‘lmaydi. Shunday ekan: nega? Nega shuncha vaqtni, resurslarni, imtiyozlar, valyutalarni sarflab “velosiped ixtiro qilish kerak?”. Nega hamma narsani ishlab chiqarish kerak? Avval boshidan qo‘limizdan keladigan ish bilan shug‘ullanganimiz yaxshimasmi?

Bu kabi sohalarni qanday topamiz? Juda oson: barcha sohalar uchun birdek imtiyozlarni, kam soliq yuklamalarini yaratish va tariflar va qozog‘bozliklarni qisqaritirish kerak. Yangi bizneslarni diqqat bilan kuzatib borish va ehtiyotkorlik bilan monitoring qilish, tarmoqlar rivojlanishini o‘rganish orqali resurslar, yer uchastkalari va boshqa narsalarni taqdim etish jarayonlarini tezlashtirish hamda ularning shaffofligini ta’minlash kerak. Ishonchim komilki, alohida soha va loyihalarga berilayotgan imtiyozlar hammaga birdek taqdim etilsa iqtisodiy o‘sishga erishamiz, bunda hatto byudjetga ham zarar yetmaydi. Faqatgina nomutanosiblik va muvosanatsizlik, oshna-og‘aynichilik va sun’iy to‘siqlarsiz yaqin vaqt ichida o‘z iqtisodiyotimizning chempionlarini aniqlay olamiz.



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (20-03-2018, 17:43)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Понравился ли Вам наш сайт?

КТО НА САЙТЕ?
( 81) ( 0) ( 79) ( 2)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют