» » Tarbiya muhim, biroq inson huquqlarini buzish kerak emas: Adliya vazirligi MY5 telekanaliga e’tiroz bildirdi

Tarbiya muhim, biroq inson huquqlarini buzish kerak emas: Adliya vazirligi MY5 telekanaliga e’tiroz bildirdi


Adliya vazirligi “Mening yurtim” (MY5) telekanalida namoyish etilgan “Yashirin kamera” ko‘rsatuviga munosabat bildirdi. Bu haqda Facebook’dagi Adliya maslahatchisi sahifasida ma’lum qilindi.

Vazirlikning Inson huquqlarini himoya qilish boshqarmasi boshlig‘i vazifasini bajaruvchi Sh.Yakubjonova imzolagan maktubda shunday deyiladi:

“2018 yil 1-aprel kuni MY5 telekanalida yoshlarning jamoat joylaridagi xulq-atvoriga bag‘ishlangan ‘Yashirin kamera’ ko‘rsatuvi efirga uzatildi.

O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi MY5 telekanali ma’muriyatiga qonunchilikning quyidagi talablari haqidagi ma’lumotlarni yetkazishni lozim deb hisoblaydi.

Birinchidan, Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining 12-moddasida hech kimning shaxsiy hayotiga o‘zboshimchalik bilan aralashish mumkin emasligi belgilangan. Mazkur norma O‘zbekiston Respublikasi milliy qonunchiligida to‘liq implementatsiya qilingan.

Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 25-moddasida har kimning erkinlik va shaxsiy daxlsizligi, 27-moddasida shaxsiy hayotiga aralashishdan himoyalanish huquqi kafolatlangan.

‘Axborot erkinligi prinsiplari va kafolatlari to‘g‘risida’gi qonunning 13-moddasiga muvofiq, jismoniy shaxsning roziligisiz uning shaxsiy hayotiga taalluqli axborotdan foydalanishga yo‘l qo‘yilmaydi.

‘Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida’gi qonunning 6-moddasiga asosan, ommaviy axborot vositalari orqali fuqarolarning shaxsiy hayotiga aralashish taqiqlanadi.

‘Jurnalistik faoliyatni himoya qilish to‘g‘risida’gi qonunning 6-moddasiga ko‘ra, o‘z kasbiga doir faoliyatni amalga oshirish chog‘ida jurnalist shaxsning huquqlari va erkinliklarini hurmat qilishi shart.

Jurnalist axborot manbai yoki muallif roziligisiz jismoniy shaxsning shaxsiy hayotiga taalluqli ma’lumotlarni e’lon qilishi, shuningdek, audio va video yozish vositalaridan foydalanishi mumkin emas.

Ikkinchidan, Nodavlat teleradiokanallar Xartiyasida jurnalistlarning kasbiy burchini bajarishda insonlarning axloqiy, jismoniy va ruhiy sog‘ligiga zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan teleradioko‘rsatuvlarni ommaga uzatishda ruxsat etilgan chegarani va kasbiy etikani e’tiborga olish qayd etilgan.

Ushbu Xartiya jurnalistlar tomonidan umumiy axloq me’yorlarini ilgari surish jarayonida chuqur insoniylik, tarbiyaviylik, shaxsning sha’ni va qadr-qimmatini hurmat qilish orqali amalga oshirish majburiyatini nazarda tutadi.

Shu kabi me’yorlar ‘O‘zbekiston elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasining professional jurnalisti’ axloq kodeksida ham o‘rnatilgan.

Uchinchidan, so‘zsiz, o‘sib kelayotgan avlod kelajagi uchun, ularni boy tarixiy-ma’naviy qadriyatlar ruhida tarbiyalash muhimdir.

Shu bilan birga, axloq-odob qoidalari jamiyatda fuqarolarning dunyoqarashi, e’tiqodi, shaxsiy fazilatlari va boshqa omillardan kelib chiqib shakllanadi.

Adliya vazirligi tarbiya muhimligini, lekin bu inson huquqlari buzilishi hisobiga erishilishiga yo‘l qo‘yib bo‘lmasligini qayd etadi.

Telekanal kadrlarida ko‘rsatilgan yoshlar xulq-atvorida amaldagi qonunchilik talablari buzilishi holatlari mavjud emas va bunda OAV vakillarining harakati ularning yetarlicha kasbiy tayyorgarlikka ega emasligidan dalolat beradi.

Inson huquqlari oliy qadriyat ekanini inobatga olgan holda, OAV vakillari fuqarolarning shaxsiy huquq va erkinliklarini hurmat qilishlari lozim.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, kelgusida teledasturlarni tayyorlashda ushbu qonunchilik normalariga rioya qilish shartligini bildirib o‘tamiz”.

Ma’lumot uchun, “Yashirin kamera” ko‘rsatuvining 1-aprelda efirga berilgan sonida Toshkent shahri xiyobonlaridagi yigit-qizlar tasvirga olingan va ularni jamoat joyida odob-axloq qoidalariga rioya etishga chaqirilgandi.



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (4-04-2018, 08:28)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Сколько времени в день вы проводите в социальных сетях?

КТО НА САЙТЕ?
( 68) ( 0) ( 67) ( 1)
Юзеры:
- отсутствуют
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют