The Hollywood Reporter: Kurosava yapon ayolning O‘zbekistonga sayohati haqida film suratga oladi
Yaponiyalik rejissor Kiyoshi Kurosava navbatdagi filmini O‘zbekistonda suratga oladi, deya xabar bermoqda The Hollywood Reporter. Tasvirga olish ishlari mayda boshlanadi.
Ishchi nomi “Dunyoning narigi burchagiga” (To the Ends of the Earth) bo‘lgan ssenariy Kurosavaning qalamiga mansub bo‘lib, yaponiyalik teleboshlovchi ayolning ko‘rsatuv suratga olish uchun O‘zbekistonga qilgan safari haqida hikoya qiladi. Uning O‘zbekistonda boshidan kechirganlari odatda ehtiyotkor va introspektiv (o‘z-o‘zini tahlil qilaveradigan) ayolni o‘zgartiradi.
Yaponiya va O‘zbekistonning kino sohasidagi ushbu hamkorligi ikki mamlakat diplomatik aloqalarining 25 yilligi hamda Ikkinchi jahon urushidan keyin yapon askarlari yordami bilan qayta qurilgan Toshkentdagi Navoiy teatrining 70 yilligiga bag‘ishlanadi.
“Bir zamonlar buyuk bo‘lgan Temiriylar imperiyasi meni o‘nlab yillar davomida hayratga solib kelgan. Bugun O‘zbekiston xalqi dunyoning aynan o‘sha qismida yashaydi. Hozir esa men o‘zim juda hurmat qiladigan ijodiy guruh bilan birgalikda Buyuk ipak yo‘lida film tasvirga olmoqchiman. ‘Dunyoning narigi burchagiga’ shubhasiz mening hech bir filmimga o‘xshamaydi. Bu bir vaqtning o‘zida bir nechta orzularning amalga oshishidir”, — dedi Kurosava loyiha haqida.
Taniqli yapon rejissori Kiyoshi Kurosava 2017-yil oktabrida O‘zbekistonga tashrif buyurgani, ko‘plab xalqaro sovrinlarga sazovor bo‘lgan filmlar muallifi O‘zbekistonda navbatdagi filmini suratga olish niyatida ekanligi ma’lum bo‘lgan edi.
Manba: Daryo.uz