» » Uzumini yeb, bog‘ini surishtirmaslik kerakmi? Yoxud “Dehqon bozori” dehqon uchunmi yo olibsotar uchun?

Uzumini yeb, bog‘ini surishtirmaslik kerakmi? Yoxud “Dehqon bozori” dehqon uchunmi yo olibsotar uchun?


O‘zbekiston Milliy axborot agentligi “Uzumini yeb, bog‘ini surishtirmaslik kerakmi? Yoxud ‘Dehqon bozori’ dehqon uchunmi yo olibsotar uchun?” sarlavhali maqola e’lon qildi. Uni to‘lig‘icha keltirib o‘tamiz.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 18-martdagi “Dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer uchastkalaridan samarali foydalanishni tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida Sirdaryo viloyatida tuzilgan maxsus ishchi guruh uyma-uy yurib, fuqarolarning tomorqadan qanday foydalanayotganini atroflicha o‘rganmoqda.

– Mahallamizdagi 1 ming 950 xonadonda 8 mingdan ziyod aholi istiqomat qiladi, – deydi Guliston shahar “Yangi hayot” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Sultonali Orifjonov. – 26 ko‘p qavatli uyda 420, hovlili uylarda 1 ming 460 oila yashaydi. Hududimizda bittadan umumta’lim maktabi, chet tiliga ixtisoslashtirilgan litsey, maktabgacha ta’lim muassasasi, 224 tadbirkorlik subyekti faoliyat yuritadi.

Rais bu yerga kelishimizdan maqsadni bilgach, bizni hovlili uylar tomon boshladi. Yosh-u qari — barcha tomorqada mehnat qilmoqda. Kimdir mevali daraxt ko‘chati o‘tqazayotgan bo‘lsa, boshqasi urug‘ sepayotir. Birov pomidor, bulg‘or qalampiri ekayapti, yana kimdir baqlajon ko‘chati o‘tkazmoqda.

Ko‘cha devoridan issiqxonasi ko‘rinib turgan xonadonlardan birining eshigini taqillatamiz. Oppoq soqolli mo‘ysafid, “Xush kelibsizlar, qani marhamat!” deb bizni ichkariga boshladi.

– Bu kishi mehnat fronti faxriysi Abdurashid bobo Xudoynazarov bo‘ladilar, – tanishtiradi oqsoqolni mahalla raisi. – Huv issiqxonada ishlayotgan – kenjalari Alisher, yonidagi uning turmush o‘rtog‘i Gulchehraxon.

– Yoshlari 91 da bo‘lsa-da, hali ota mehnatdan qolganlari yo‘q, – qo‘shib qo‘ydi rais Abdurashid boboning qo‘lidagi ip va qaychiga ishora qilib.

– Yaratganga shukur, 2 o‘g‘il, 4 qizimdan 90 ga yaqin nabira va chevaraning bobosiman, – deydi otaxon. – Hozir biri o‘qishga, boshqasi ishga ketgan. Bo‘lmasa ulardan ish qolarmidi menga. Bolalar pomidor bog‘lashi uchun ip qirqib o‘tiribman-da. Shuni ham ish deydigan bo‘lsalaringiz...

– Besh yil muqaddam otamning qistovi bilan 6 sotixli tomorqada issiqxona barpo etdik, – deydi Alisher Xudoynazarov. – Kam bo‘lmadik. Bu yil ham qishi bilan yetishtirgan ko‘katlarimizni sotib, hozirgacha 15 million so‘m daromad qildik. O‘rniga pomidor ekdik. Xudo xohlasa, may oyida hosil olamiz, o‘rniga bodring ekamiz.

– Pomidordan qancha daromadni ko‘zlayapsiz?

– Ha endi, bu yog‘i Yaratgandan, har tugul 45—50 million so‘m atrofida daromad qilsak, kerak.

– Demak, yiliga to‘rt marta hosil olarkansiz-da?

– Yo‘g‘-e, uch marta. Bir chorak ko‘chat yetishtirish, yerga ishlov, dam berish, issiqxonani qish mavsumiga qayta tiklashga ketadi.

– Mahallamizdagi 1 ming 460 tomorqali xonadonning birortasida bo‘sh turgan yer yo‘q, – deydi ishonch bilan rais maqsadimizni anglagandek. – Yuring, boshqa bir manzarani ko‘rsataman. Mana bu yerda zovurdan bozorga o‘tiladigan ko‘prik bor edi. Shuning atrofini bozordan chiqadigan chiqindilar bilan to‘ldirib tashlashibdi. Bozorqo‘mga chiqindilarni olib tashlashni aytgan edik, muammo yechimini sal boshqacharoq hal qilibdi-da, baraka topgurlar. Chiqindini ekskavatorda tuproq bilan ko‘mdirib, ko‘prikni buzib tashlashibdi...

Mamlakatimizning hududi kichik va aholisi kam viloyatlaridan biri bo‘lgan Sirdaryo viloyati markazi Guliston shahri ham, bozori ham, tabiiyki, unchalik katta emas.

Shahar chetidagi dehqon bozori o‘tgan yili yangidan bunyod etilib, foydalanishga topshirilgan. Zamonaviy bozorning savdo rastalari yurtimizda yetishtirilgan turli qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bilan to‘la. Ammo, rastalarda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari uchun ajratilgan joylar nimagadir betartib ekani xaridorning ta’bini xira qilishi turgan gap.

Aslida, har qanday bozor yo savdo do‘konida, birinchi navbatda, xaridor uchun qulaylik yaratilishi, uning tanlash imkoniyati bo‘lishi va, avvalo, xaridor manfaati o‘ylanishi lozim. Bu yerda shu jihatlar unchalik e’tiborga olinmagan shekilli, unda-bunda norozi kayfiyatda to‘ng‘illab ketayotgan xaridorlarni uchratish mumkin. Chunki, bozorda bir mahsulot narxi har xil bo‘lishi mumkin-ku?! Binobarin, xaridorda bir rastadan boshqasiga osongina o‘tish uchun qulaylik bo‘lishi kerak.

Bozor oralab hali u, hali bu rastadagi mahsulotlar narxini surishtiramiz.

– Ukrop, kashnich, petrushka, ko‘k piyozning bog‘i 500 so‘mdan. Sarimsoqpiyoz, rediskaning bog‘i 1000 so‘mdan. Nechtadan beray?

– O‘zingizning tomorqadanmi?

– E-e, uka, uzumini yeng-u bog‘ini so‘ramang! Domda tomorqa nima qilsin, Chinozdan erim olib kelgan, “svejiy”...

Rostdan ham, olma Baxmaldan, ko‘kat Chinozdan, uzum vodiydan keltirilgan va hokazo. E’tibor qildingizmi, hammasi boshqa viloyatlardan olib kelinadi. Tabiiyki, bu mahsulotlar narxiga ham ta’sir qiladi. Axir “Dehqon bozori”da dehqonning o‘zi bo‘lmagandan keyin boshqacha bo‘lishi mumkin ham emas-da. Bu bozorda “o‘z tomorqamdan” deb turgan dehqonni uchratmaysiz. Beixtiyor savol tug‘iladi: “Dehqon bozori” dehqon uchunmi yoki olibsotar uchun? Guliston shahridagi hovlili oilalar tomorqasida yetishtirilayotgan mahsulot shaharliklar ehtiyojini to‘la qondira olmasligi tabiiy. Lekin viloyatda yana 2 shahar, 8 tuman ham bor-ku?!

Viloyat aholisi tomorqadan qanday foydalanmoqda, yetishtirilayotgan mahsulotlarni qayerda sotayotir? Shu savolga javob izlab, Guliston shahrining shundoq biqinida joylashgan Mirzaobod tumani Navro‘z mahallasiga yo‘l oldik.

Navro‘z Mirzaoboddagi eng namunali, obod mahallalardan. Lekin bu yerda yashovchi ba’zi fuqarolarning tomorqaga, yerga e’tiborsizligidan dilingiz xufton bo‘ladi. To‘g‘ri, bu yerda ham tomorqasiga ishlov berib, ekin ekib, o‘z ehtiyojidan ortig‘ini bozorda sotayotgan, millionlab so‘m daromad qilayotganlar ham bor. Ammo, bir necha sotix tomorqaning umrini zoye o‘tkazayotgan, bebaho ne’mat bo‘lmish suvni isrof qilayotganlar, ayni payta nochorlikdan tomorqa qilolmayotganlar ham yo‘q emas-da!

Hovlilardan biridagi “hovuz”ni ko‘rib, “baliqchilik xo‘jaligini hovlida tashkil qilayotgan ekan-da” degan fikr xayolimizdan o‘tdi.

– Erim olamdan o‘tgach, iqtisodiy jihatdan qiynalib qoldik, – deydi xonadon sohibasi Feruza Erkaboyeva. – Uch bolani yolg‘iz o‘zim zo‘rg‘a boqayapman. Ariqdan hovliga toshayotgan suvni to‘sish uchun tuproq to‘ktirishga ham, 10 sotix yerni haydatishga ham pul kerak. Mahalla raisi o‘zi bilib, yordam qilay demaydi. Beva boshim bilan yordam so‘rab borsam, boshi ochiq ayolman, gap-so‘zdan qo‘rqaman.

Bu holatda biror narsa deyishga aqlimiz ojiz. Shu bois, uning yechimini Mirzaobod tumani rahbarlari hukmiga havola qilishni maqsadga muvofiq topdik.

Navro‘z mahallasi Zomin ko‘chasida istiqomat qiluvchi Yangiboy Esonboyevning tomorqasi naq 25 sotix. Ammo, shuncha hosildor yerga bir dona ham giyoh ekilmagan. Yangiboy akadan buning sababini so‘rasak, “qo‘l sal kaltalik qilib, 150-—00 ming so‘m mablag‘ topilmay, yer haydovsiz qoldi, ko‘chat ham sotib ololmadik-da, uka”, dedi. Vaholanki, hali qurilishi bitmagan uyning savlati, yana bir uyga yetadigan qilib taxlab qo‘yilgan qurilish materiallari buning aksini ko‘rsatmoqda.

Shunday holatga 10 sotixli yerga egalik qilayotgan Ilhom Xoliqulov tomorqasida ham guvoh bo‘ldik. “Uy yonidan ariq to‘lib suv oqib turgan bo‘lsa, nega tomorqaga biror ekin ekmagansiz?” degan savolimizga, u kishi: “yer meniki, xohlasam ekaman, xohlamasam yo‘q. Solig‘ini to‘layapmanmi, bo‘ldi-da!” deya javob berdi. Afsuski, ayrim yurtdoshlarimizda sobiq tuzumdan qolgan boqimandalik, o‘zibo‘larchilik, manmanlik kabi illatlar garchi kam bo‘lsa-da, hamon uchrab turibdi. Uyda ishga yaroqli 3—4 kishi bo‘lsa-yu, bir necha sotix tomorqa qarovsizlikdan xor bo‘lib yotsa?



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (5-04-2018, 17:13)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Что нужно улучшить на нашем сайте?

КТО НА САЙТЕ?
( 101) ( 0) ( 100) ( 1)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют