» » Samarqandda ilk o‘rta asrlar davriga tegishli hukmdorlarining yozgi saroyi topildi

Samarqandda ilk o‘rta asrlar davriga tegishli hukmdorlarining yozgi saroyi topildi


Samarqand viloyati hududidagi Darg‘om kanalining chap qirg‘og‘ida ilk o‘rta asrlar davriga tegishli Samarqand hukmdorlarining yozgi saroyi topildi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.

Ushbu shohona saroy Kofirqal’a nomli arxeologik yodgorlikda joylashgan bo‘lib, turli yillarda yodgorlikning turli uchastkalarida stratigrafik xarakterdagi kichik qazishma ishlari amalga oshirilgan, 2001-yildan boshlab esa 16 gektarli qadimgi shaharning 76x76 metrlik Arki a’losi maydonida O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Arxeologiya institutining arxeologlari keng qamrovli arxeologik qazishma ishlarini olib bormoqda.

Natijada qadimgi shaharning qal’a qismida (Arki a’losida) 2017-yilda monumental me’moriy majmua ochildi. Milodiy V—VI asrlarga tegishli majmuada Samarqand ixshidlarining (hukmdorlarining) davlat arxivi va yozgi saroyi joylashgan bo‘lib, yong‘in tufayli vayronaga uchragan arxivdan noyob davlat hujjatlari (davlat boshqaruviga oid hujjatlar, elchilik xatlari, davlatlararo shartnomalar va boshqalar) bulla deb atalgan taxtakachlarda so‘g‘diy yozuv namunalari topildi.

Saroyning yog‘och ustunli ko‘rkam xonalaridan birida uch yarusli sufa, sufa ustida esa shersifat ko‘rinishidagi taxtiravonda hukmdor o‘tiribdi. Xonaning devorlari o‘yma yog‘och panno shaklidagi rasmlar galereyasi bilan bezatilgan.

Uning o‘lchamlari 124x141 santimetr, pannoning o‘zi ikkita keng doskadan iborat bo‘lib, ular temir tutqich bilan biriktirilgan. Old tomondan taxtalarda zardushtiy insonlar suratlari to‘rt qavatga joylashtirilgan. Kompozitsiyada jami 46 ta odam shakli tasvirlangan. Ularning uchtasi shartli ko‘rinishda, yuqoridan chap qismidagi ikkita shakl arang ko‘rinadi, o‘ng tomondagi shaklning faqat qo‘li ko‘rinadi.

Kompozitsiyaning asosiy mavzusi — sher shaklida taxtda o‘tirgan bosh Ilohga sajda qilish.

Ehtimoldan uzoq emas, bu zardushtiylikning bosh ma’budasi buyuk xudo Nana bo‘lishi mumkin. Odamlar uning huzuriga turli xil sovg‘alar bilan kelgan. Pastki qavatda musiqachilar galareyasi tasvirlangan. Undan keyingi pastki qavatda yana qo‘llarida turli xil sovg‘a-salomlar bilan kelgan ziyoratchilar suratlari tiz cho‘kkan holda aks ettirilgan.

Pastki qavat suratlar galereyasi markazida muqaddas olov ramzi — Altar joylashgan bo‘lib, muqaddas altarga bir tomondan og‘zi latta bilan bog‘langan erkak topinmoqda, ikkinchi tomondan esa ayolsifat figura altar oloviga xushbo‘y o‘simlik kukunini sepmoqda.

Ushbu muqaddas shohona zal va zardushtiylik ma’budalarining eng ulug‘laridan biri, buyuk Nana surati yog‘ochga o‘yib ishlangan devoriy panno VIII asr boshlarida arablarning Qutaybo ibn Muslim boshchiligidagi harbiy qo‘shini tomonidan yoqib yuborilgan.

Bunday ko‘p qirrali aniq suratlar kompozitsiyasi O‘rta Osiyo arxeologiya tarixida birinchi marta uchradi, bu dunyo ahamiyatiga molik noyob kashfiyotlar sirasiga kiradi.



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (6-04-2018, 22:14)
+1 (голосов: 1)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Что нужно улучшить на нашем сайте?

КТО НА САЙТЕ?
( 80) ( 0) ( 79) ( 1)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют