» » Eski Qrim: O‘zbekxon masjidi. XIII—XIV asrlarda Yevrosiyoda islomning yoyilishi

Eski Qrim: O‘zbekxon masjidi. XIII—XIV asrlarda Yevrosiyoda islomning yoyilishi


“Azon.uz” axborot-tahliliy portalida Yevrosiyoda islom dinining tarqalishi hamda Qrimdagi O‘zbekxon masjidi haqida maqola e’lon qilindi. Uni to‘lig‘icha keltirib o‘tamiz.

Mana yuz yillarki, Qrim yarimoroli bo‘ylab sayohat qiluvchi kishi borki, gorizont bo‘ylab joylashgan tog‘ tizmalarni ko‘rib hayrati oshadi. Aksariyat Qora dengizni janubiy qirg‘oqlariga yetish uchun ularni aylanib o‘tadi. G‘arb tomonda turgan odamlar uchun sharqiy tog‘ etaklariga to‘g‘ri o‘tish uchun yo‘l mavjudki, bu yerda qadim zamonlardan buyon shakllanib kelgan uncha katta bo‘lmagan bir manzilgoh bor.

XIII—XIV asrlarda bu manzilgoh ancha kengayib, Yevrosiyo janubiga sezilarli ta’sir ko‘rsatib turgan islomiy shahar sifatida mustahkam ildiz otdi. Bu o‘sha paytda Qrim nomi bilan mashhur bo‘lgan, hozirgi Eski Qrim shahridir. Bugungi kunda shahar bo‘ylab sayohat qiladiganlarning ko‘pchiligi shu yaqin o‘rtada joylashgan XIV asrning tarixiy inshooti – O‘zbekxon masjidiga uncha e’tibor ham berishmaydi.

XIII asrning o‘zidayoq islom dini Qora dengizning shimoligacha bo‘lgan hududlarga hal qiluvchi ta’sir ko‘rsatadigan bo‘ldi. O‘sha paytda Anado‘luning markazi va shimolida hukmronlik qilgan saljuqiy musulmonlar o‘z e’tiborini endi Qrim tomon qaratishdi. 1225-yilda saljuqiylar sultoni Husayn ad Din Cho‘bon Qrim yarimorolining katta bandargohi bo‘lmish Sudoqni egalladi. Bu paytda mo‘g‘ullar markaziy va g‘arbiy Yevropaga siljib borayotgan edi.

Chingizxon saltanatining g‘arbiy qismi uning to‘ng‘ich o‘g‘li Jo‘jiga berilgan, uning o‘g‘li Botu (1207—1255) esa otasining ulusini yanada kengaytirgan edi. Uning qo‘shini Qrimga bostirib kirib, Sudoqni 1223 va 1239-yillarda istilo qildi. O‘sha davrdagi arablar va forslar Jo‘ji ulusini Qipchoq xonligi deb atashgan, chunki ulus fuqarolarining aksariyati qipchoqlardan bo‘lgan. Eslatib o‘tish joizki, XVII asrdan beri ko‘pchilik tomonidan ulusni ta’riflash uchun qo‘llanib kelinadigan “Oltin O‘rda” atamasi u mavjud bo‘lgan davrda hecham ishlatilmagan.

1257-yilda xonlik Botuning ukasi, islomni qabul qilgan Berkaga (1209—1266) o‘tadi. 1265-yili u Qrim va Sudoqni saljuqiylar sultoni Izziddin Qayqobus II ga topshiradi.

Keyingi yarim asr Qrimda islom dinining zo‘r berib yoyilishi bilan xarakterlanadi. Qipchoq xonligi bilan strategik aloqalar o‘rnatgan Misr mamluklari hamda Markaziy Osiyo va Anado‘ludan chiqqan turk voizlarining ta’siri tufayli Qrim islom ilmi va madaniyati markaziga aylandi.

Berkaxondan keyin ulus taxtiga kelgan Mangu Temurxon 1266-yili genuyaliklarga Kafa (Feodosiya) shahrida bandargoh qurishga ruxsat beradi. Bu dengiz savdosi ancha o‘sgan davrning boshlanishi bo‘ldiki, Qrim buning ta’sirida yana ham taraqqiy topdi. Yarim oroldagi dastlabki masjidlar tahminan XIII asrning uchinchi choragida bino qilingan. Ularning ayrimlari boshqa o‘lkalardan kelgan musulmonlarning ko‘magi bilan qurilgan. Chunonchi, qadimiy bir manbaga ko‘ra, 1263-yilda Qrimda bir buxorolik tomonidan masjid quriladi.

Misr mamluklari sultoni Malik Mansur Sayfiddin Qalovunning yilnomasida aytilishicha, 1287-yilda u “...masjidlar qurish uchun qiymati 2000 dinor bo‘lgan ko‘plab turli narsalarni Qrimga yuboradi. Mazkur masjidga Sulton Malik Mansur ismi o‘yib yozilgan. Buning uchun atayin qimmatbaho tosh yuborilgan”. Bu masjid qayerda qurilgani ma’lum emas.

XIII asr oxiri va XIV asr boshlarida yarimorolda Islom gullab-yashnashining yorqin isboti – Qrim bilan bog‘liq ilk arabcha manbadir. Bu 1311-yilda Damashqda yozib tugallangan, Kushayriyning mashhur hadislar to‘plami “Al jome as sahih” qo‘lyozmasidir. Olim uzoq vaqt yarimorolda yashaydi va o‘ziga Qrim taxallusini oladi. U kitobining oxirgi sahifasida shunday yozadi: “Kitob Qodir Allohning juda zaif va muhtoj quli Muhammad ibn Ali ibn Abdurahmon Xandi (tug‘ilgan joyi) Qirimiy Manshaan (shajarasi) qo‘li bilan tugallandi”.

Qrim – Qipchoq xonligidagi Qrim yurtining poytaxtiga aylandi. Qrim tarixidagi asosiy hodisa 1312-yilda O‘zbekxonning (1312—1342) qipchoq taxtiga kelishi bo‘ldi. Ulus uning davrida o‘z taraqqiyotining cho‘qqisiga chiqdi. Uning poytaxti Saroy dunyodagi eng aholisi zich va eng rivojlangan shahar bo‘ldi – shahar nufusi Parij, Rim va Amsterdam aholisidan ikki baravar ko‘p bo‘lgan.

O‘zbekxon o‘zining eng yaqin maslahatchisi, Qrim amiri musulmon Qutlug‘ Temur ta’sirida Islomni qabul qilgan. Xon va Qrim o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlarning yorqin dalili endilikda O‘zbekxon masjidi nomi bilan tanilgan mana shu masjid hisoblanadi.

Masjid o‘zida to‘g‘ri burchakli binoni ifodalaydi. Masjid peshtoqi saljuqiylar uslubida qurilgan bo‘lib, unda 714/1314-yil hamda O‘zbekxon va Abdulaziz ibn Ibrohim Arbiliy (ehtimol arxitektor) ismlari kelgan arabcha yozuv bor. Uch juftli sakkiz qirralik ustun masjidning ichki qismini ajratib turadi. Me’morlar masjidni shunday qurishganki, imorat bu yerda ko‘p bo‘lib turadigan sharqdan esuvchi shamollardan himoyalanib turgan. Yon devorlar xarsangtosh va loy bilan ko‘tarilib, ohak bilan suvalgan. Binoni qurishda yog‘och sinchlardan keng foydalanilgan. Oynalar masjidni ustunlarga taralib turuvchi quyosh nurlari bilan to‘ldirib turadi. Yorug‘lik yerga uch metr balandlikdan taralib turadi.

Eng ajoyib tarkibiy qism tosh o‘ymakorlikning yuksak badiiy ifodasi – mehrob hisoblanadi. Mehrobda Qur’oni karimning 2 surasi va 255 oyati yozilgan chirmashib ketgan arabcha bitiklar bugungacha saqlanib qolgan.

Masjid poli dastavval (bugungacha yetib kelmagan) tosh plitalar bilan yotqizilgan. Taxminlarga ko‘ra, yog‘och shift qachonlardir lak bilan bo‘yalgan. Masjid deyarli saqlanib qolgan. Minoradan faqat poydevori qolgan, lekin uni yangitdan tiklaganlar.

O‘zbekxon masjidi Qrim musulmonlari e’tiqodi, ularning Islom madaniyati rivojidagi o‘rni hamda Markaziy va Janubiy Yevrosiyoning o‘zaro diniy aloqalarining yorqin namunasi hisoblanadi.



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (8-06-2018, 10:28)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Что нужно улучшить на нашем сайте?

КТО НА САЙТЕ?
( 60) ( 0) ( 59) ( 1)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют