» » Ichki ishlar vaziri: Afv — insonparvarlik ifodasi hamda samarali institut

Ichki ishlar vaziri: Afv — insonparvarlik ifodasi hamda samarali institut


O‘zbekiston tarixida ilk marta 2017-yil dekabr oyida Konstitutsiyaning 25 yilligi munosabati bilan afv etishga oid Prezident farmoni qabul qilingan bo‘lsa, bunday yana bir hujjat 2018-yil 12-iyunda muborak Ramazon hayiti munosabati bilan e’lon qilindi.

Afv etishga oid farmonlar ijrosi, uning samarali jihatlari haqida O‘zA muxbiri O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonov bilan suhbatlashdi.

— Avvalo, afvning asl mohiyatiga to‘xtalib o‘tsak. Chunki ko‘pchilik afv va amnistiya tushunchalarining farqini bilmasligi mumkin, — deydi P.Bobojonov. — Boisi, ilgari mamlakatimizda har yili amnistiya aktlari qabul qilingan. Amnistiyada avval jinoyatlar toifasi belgilanib, keyin esa ana shu jinoyatlar toifasiga tushadigan shaxslar aniqlangan.

Albatta, amnistiya jinoyat sodir etgan odamlarni kechirish bo‘yicha muhim mexanizmlardan biri. Biroq, tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, oldindan chuqur o‘rganmasdan turib javobgarlikdan ozod qilishni belgilash qilmishiga pushaymon bo‘lmagan, yetkazilgan zararni to‘liq qoplamagan shaxslar ham amnistiya doirasiga kirib qolishiga sabab bo‘lgan. Bu esa amnistiyaga tushgan kimsalarda jazoni his etmaslik, bizga hamma narsa mumkin, degan noto‘g‘ri kayfiyatning shakllanishiga olib kelgan.

Ana shu holatlarni inobatga olgan holda davlatimiz rahbari tomonidan bu sohada yangi islohot olib borish vazifasi qo‘yildi. Shunga asosan mahkumlarni afv etish haqidagi materiallarni tayyorlash bo‘yicha maxsus komissiya, ishchi guruhlar tuzildi.

O‘rganish jarayonida mahkum tomonidan sodir etilgan jinoyatning ijtimoiy xavflilik darajasi, uning o‘z qilmishidan chin ko‘ngildan pushaymonligi, jinoyat natijasida yetkazilgan moddiy zararning qoplanganligi va boshqa oqibatlarning bartaraf qilinganligi, mahkumning shaxsini tavsiflovchi ma’lumotlarga, uning yoshi, sog‘lig‘ining holati, oilaviy ahvoli, jazoning sodir etilgan qilmishning ijtimoiy xavflilik darajasiga mutanosibligiga alohida e’tibor qaratildi. Shu bilan birga, jabrlanganlar va jamoatchilikning, jumladan, mahkum yashagan mahalla vakillarining fikrlari ham atroflicha o‘rganildi.

Amalga oshirilgan ishlar natijasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan o‘tgan yil dekabr oyida mamlakatimiz tarixida ilk marotaba 2 ming 700 nafar mahkum, jumladan, jazoni ijro etish koloniyalaridan 956 nafar turli sharoitlar tufayli jinoyat sodir etgan, qilmishidan chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan, tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan, yashash joyi va jazoni ijro etish muassasasida ijobiy tavsiflangan shaxslar afv etildi.

Prezidentimizning shu yil 12-iyundagi “Ozodlikdan mahrum etish jazosini o‘tayotgan, qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan va tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan bir guruh shaxslarni afv etish to‘g‘risida”gi farmoni mohiyatiga to‘xtalib o‘tsangiz.

— Afv etishga oid farmon mamlakatimiz tarixida ikkinchi marta e’lon qilingan bo‘lsa ham muborak Ramazon hayiti munosabati bilan ilk marta qabul qilindi.

Farmonga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 93-moddasi 23-bandiga asosan bilib-bilmay jinoyat sodir etgan, hozirgi vaqtda qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan va tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan ozodlikdan mahrum etish jazosini o‘tayotgan 226 nafar fuqaro afv etildi.

— Farmon qabul qilinganidan so‘ng uning ijrosini ta’minlash muddati 24 soat etib belgilangan. Ijro bilan bog‘liq jarayon o‘z vaqtida to‘liq ta’minlandimi?

— Darhaqiqat, afv etilganlar shaxsi aniqligi uchun ham farmon ijrosi uchun qisqa vaqt belgilangan. Amnistiya akti uch oy va undan ko‘proq vaqtda amalga oshirilgan bo‘lsa, afv etilgan shaxslar bir kun ichida o‘z uyiga qaytmoqda.

Qayd etib o‘tish kerakki, afv etilgan shaxslarning 102 nafari jazodan to‘liq ozod qilinishi, 71 nafari jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilinishi, 39 nafariga tayinlangan jazo yengilroq jazo bilan almashtirilishi, boshqacha qilib aytganda, 212 nafar shaxs jazoni ijro etish muassasalaridan ozod qilinishi, shuningdek, 14 nafar shaxsga tayinlangan ozodlikdan mahrum etish jazosining muddatlari qisqartirilishi belgilangan edi.

Afv etilganlarning 40 nafarini 60 yoshdan oshgan shaxslar, 39 nafarini chet el fuqarolari, 37 nafarini ayollar, shuningdek, 51 nafarini taqiqlangan tashkilotlar faoliyatida qatnashgan shaxslar tashkil etdi.

2018-yil 13-iyun kuni farmon ijrosi to‘liq yakuniga yetkazildi. Eng avvalo, Toshkent viloyatining Zangiota tumanida joylashgan ayollar koloniyasidan afv etilgan xotin-qizlar ozodlikka chiqarildi.



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (15-06-2018, 21:58)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Кто вы по знаку зодиака?

КТО НА САЙТЕ?
( 119) ( 0) ( 116) ( 3)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют