» » O‘zbekistonda 2021-yildan shifokorlar va provizorlarning Milliy palatada ro‘yxatdan o‘tmay faoliyat yuritishi taqiqlanadi

O‘zbekistonda 2021-yildan shifokorlar va provizorlarning Milliy palatada ro‘yxatdan o‘tmay faoliyat yuritishi taqiqlanadi


Innovatsion sog‘liqni saqlash milliy palatasi Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Jamiyat salomatligi va sog‘liqni saqlashni tashkil etish ilmiy-tadqiqot instituti va uning hududiy bo‘linmalari negizida tashkil etiladi hamda ularning huquqlari va majburiyatlari bo‘yicha huquqiy voris hisoblanadi. Bu Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan imzolangan “O‘zbekiston Respublikasida sog‘liqni saqlashni boshqarishning innovatsion modelini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorda ko‘zda tutilgan.

Qarorga muvofiq, Milliy palata:

Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida o‘z tarkibiy bo‘linmalariga ega bo‘ladi, ularning tuzilmalari va nizomi Milliy palata raisi tomonidan tasdiqlanadi;

Respublika tibbiyot va farmatsevtika xodimlarini birlashtiruvchi, respublika sog‘liqni saqlashni boshqarishning innovatsion modelini joriy etish uchun mas’ul tashkilot hisoblanadi;

Sog‘liqni saqlashni boshqarishning innovatsion modelini joriy etish sohasida hamda vakolatiga kiritilgan boshqa masalalar bo‘yicha Sog‘liqni saqlash vazirligi, davlat boshqaruvi organlari, tibbiyot va boshqa tashkilotlar bilan o‘zaro hamkorlik qiladi;

O‘zbekiston Respublikasida sog‘liqni saqlashni boshqarish tizimini isloh qilish strategiyasini ishlab chiqish va amalga oshirishda sog‘liqni saqlash sohasidagi xorijiy (xalqaro) tashkilotlar bilan samarali hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, shuningdek, sog‘liqni saqlash tizimiga grantlar, kreditlar, donorlik va boshqa mablag‘larni jalb qilish hamda ularning maqsadli va samarali ishlatilishi ustidan monitoring va nazoratni tashkil etish bo‘yicha vakolatli tashkilot hisoblanadi;

Tibbiyot, farmatsevtika va boshqa tashkilotlarning muassisi sifatida qatnashish, sog‘liqni saqlash sohasi xodimlarining malakasini oshirish bo‘yicha to‘lov-kontrakt asosida xizmat ko‘rsatishni tashkil etish huquqiga ega;

2020-yil 31-dekabrga qadar respublikada kasbiy faoliyatni amalga oshirayotgan shifokorlar va provizorlarni ro‘yxatga olish tizimini joriy etishni, shuningdek, ular to‘g‘risida umumiy foydalanish uchun ochiq bo‘lgan yagona elektron ma’lumotlar bazasini yaratishni ta’minlaydi.

2021-yil 1-yanvardan shifokorlar va provizorlarning Milliy palatada ro‘yxatdan o‘tmasdan faoliyat yuritishi taqiqlanadi.

Milliy palata huzurida quyidagilar tashkil etiladi:

O‘zbekiston Respublikasida Sog‘liqni saqlashning innovatsion modelini joriy etish bo‘yicha maslahat kengashi;

Yuridik shaxs tashkil etmagan holda, mablag‘lari tijorat bankidagi maxsus, shu jumladan, valyuta hisobvarag‘ida jamlanadigan O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion sog‘liqni saqlashni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi.

Jamg‘arma mablag‘lari quyidagilarga yo‘naltiriladi:

Milliy palatani saqlash, uning faoliyatini moddiy-texnik ta’minlash va xodimlarini moddiy rag‘batlantirish;

Xalqaro standartlarga muvofiq ilg‘or tibbiyot va farmatsevtika tashkilotlarini tashkil etish, shuningdek, ularni zamonaviy uskunalar va axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bilan jihozlash;

Zamonaviy klinik qo‘llanmalar va protokollar, diagnostika va davolash sifatiga oid standartlar, tibbiyot tashkilotlarini moddiy-texnik jihozlash standartlarini ishlab chiqish va joriy etishni tashkil qilish;

Respublika tibbiyot va farmatsevtika tashkilotlarining binolari, inshootlari va boshqa infratuzilmasini qurish, ularni zamonaviy uskunalar bilan, shu jumladan, lizing shartlarida jihozlashga qaytarish sharti bilan va imtiyozli asosda mablag‘ ajratish;

Tibbiyot va farmatsevtika xodimlarini xorijda tayyorlash va qayta tayyorlash, shuningdek, o‘qitish, malaka oshirish va tajriba almashishni respublikada tashkil etish uchun xorijiy mutaxassislarni jalb etish bilan bog‘liq xarajatlarni moliyalashtirish;

Respublika shifokorlari va provizorlari to‘g‘risida umumiy foydalanish uchun ochiq bo‘lgan yagona elektron ma’lumotlar bazasini yaratish va yuritish, shuningdek, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish;

Sog‘liqni saqlash sohasida xayriya faoliyatini amalga oshirish.



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (3-08-2018, 11:42)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Понравился ли Вам наш сайт?

КТО НА САЙТЕ?
( 94) ( 0) ( 92) ( 2)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют