» » Buxorodagi xalqaro biznes forumining birinchi kuni sarmoyadorlar bilan 350 mln dollarlik shartnomalar imzolandi

Buxorodagi xalqaro biznes forumining birinchi kuni sarmoyadorlar bilan 350 mln dollarlik shartnomalar imzolandi


Buxoroda Agro Business Bukhara xalqaro biznes forumi o‘z ishini boshladi, deb yozadi O‘zA.

“Buxoro-Agro” erkin iqtisodiy zonasida biznes yuritishning afzalliklari, shuningdek, viloyatning investitsiya salohiyatini targ‘ib qilish maqsadida tashkil etilgan forumda Rossiya, Xitoy, Turkiya, Janubiy Koreya, Qozog‘iston, Gollandiya, Birlashgan Arab Amirliklari, Singapur, Hindiston, Eron, Isroil, Saudiya Arabistoni, Germaniya kabi 18 mamlakatdan tashrif buyurgan 120 dan ortiq kompaniyalar vakillari, mamlakatning barcha hududlaridan 200 dan ziyod xo‘jalik subyektlari rahbarlari ishtirok etmoqda.

Forumda har bir tuman va shahar hokimligi, yirik korxonalar uchun ajratilgan pavilonlarda hududlarda yetishtirilgan meva-sabzavot sanoat mahsulotlari ko‘rgazmasi namoyish etildi. Xorijiy investorlar bilan o‘zaro hamkorlikka oid shartnomalarni imzolash bo‘yicha muloqotlar bo‘lib o‘tdi.

Forum boshlanishi oldidan ommaviy axborot vositalari xodimlari uchun matbuot anjumani tashkil etilib, forum va uning mamlakatimiz, xususan, Buxoro viloyatiga investitsiyalar jalb etishdagi ahamiyati to‘g‘risida ma’lumot berildi.

Buxoro viloyatida 20 davlat xorijiy investitsiyasi ishtirokida 100 dan ziyod korxona faoliyat ko‘rsatmoqda. “Buxoro-Agro” erkin iqtisodiy zonasi tashkil etilgani hamkorlar safini yanada kengaytirishga xizmat qiladi. EIZda zamonaviy issiqxona xo‘jaliklari, jumladan, gidroponika texnologiyalarini qo‘llagan holda, klaster usuli asosida tashkil etish va hududda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirishni ko‘paytirish, qayta ishlashni chuqurlashtirish yuzasidan qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, “Buxoro-Agro” erkin iqtisodiy zonasi davlat unitar korxonasi direksiyasi tashkil etildi, EIZ tarkibidagi 3000 gektar maydonning yer xaritasi ishlab chiqildi.

“Buxoro-agro” EIZning faoliyat ko‘rsatish muddati u tashkil etilgan kundan boshlab, mazkur muddatni keyinchalik uzaytirish imkoniyati bilan 30 yilni tashkil qiladi. Uning faoliyat ko‘rsatish muddati mobaynida hududda alohida soliq va bojxona rejimlari amal qilishi investorlarga qulaylik yaratadi.

Forumda Buxoro viloyatida tayyor to‘qimachilik mahsulotlari ishlab chiqarish, farmatsevtika va biotexnologiyalar, kimyo sanoati, qurilish materiallari ishlab chiqarish, zamonaviy mehmonxonalar qurish, savdo va xizmat ko‘rsatish, maishiy texnika vositalari va elektrotexnika jihozlari ishlab chiqarish, turizm, shuningdek, boshqa daromadli sohalarda ishlab chiqilgan investitsion loyihalarni moliyalashtirishda hamkorlik qilishda tegishli imkoniyatlar borligi ma’lum qilindi. Shu bilan birga, xorijiy investorlar jadal rivojlanayotgan turizm sohasida amalga oshirilayotgan investitsiya loyihalarida ishtirok etishga taklif qilindi.

Forumning birinchi kuni yakuni bo‘yicha brifing tashkil etildi. Unda 180 dan ziyod investorga 1 milliard dollardan ziyod miqdorda investitsiya loyihalari taklif etilgani va sarmoyadorlar bilan 350 million dollarlik shartnomalar imzolangani ma’lum qilindi.

– Biz Peshku tumani hokimligi bilan tuzilgan kelishuv shartnomasiga asosan, umumiy loyiha qiymati 30 million dollarga teng bo‘lgan 100 gektar maydonda issiqxonalar tashkil etamiz, – deydi Janubiy Koreyaning Geumsan iron and steel Co LTD kompaniyasi prezidenti Kim Xvan Jung. – Bu yerda bosqichma-bosqich qurilishi rejalashtirilayotgan issiqxonalar uchun zarur uskuna va jihozlar ishlab chiqaradigan zavod ham barpo etamiz.

Xalqaro biznes forum 11-sentabrda o‘z ishini davom ettiradi. Investorlar bevosita joylarga chiqib, loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlari bilan tanishadi.

Forumning ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari Z.Mirzayev, Buxoro viloyati hokimi O‘.Barnoyev so‘zga chiqdi.



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (11-09-2018, 11:41)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Что нужно улучшить на нашем сайте?

КТО НА САЙТЕ?
( 49) ( 0) ( 48) ( 1)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют