» » Surxondaryoda qaysi Payg‘ambarning qabri bor?

Surxondaryoda qaysi Payg‘ambarning qabri bor?


Surxondaryo viloyatidagi tarixiy-madaniy va arxeologik yodgorliklar bilan tanishish uchun joriy yilning o‘tgan davrida 50 mingga yaqin sayyoh kelgan. O‘zA “Surxondaryoda qaysi Payg‘ambarning qabri bor?” nomli maqola e’lon qildi. Usbu maqolani to‘lig‘icha e’tiboringizga havola qilamiz.

Prezidentimiz joriy yil 19—20-yanvar kunlari viloyatga tashrifi chog‘ida vohaning mavjud imkoniyatlaridan samarali foydalanib, turizmni rivojlantirish, hududga xorijlik va mahalliy sayyohlarni keng jalb etish yuzasidan tegishli topshiriqlar bergan edi. Shunga asosan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 3-maydagi qarori bilan viloyatda turizm sohasini rivojlantirish chora-tadbirlari belgilandi.

Mazkur hujjatga muvofiq 2018—2019-yillarda viloyatning turizm infratuzilmasi va namoyish obyektlarini tashkil etish, mavjudlarini ta’mirlash, rekonstruksiya qilish, mehmon uylarini yaratish loyihalari ro‘yxati, 2018—2019-yillarda viloyatda o‘tkaziladigan madaniy, ko‘ngilochar va sport tadbirlari taqvimi tasdiqlandi. Turistlar boradigan obyektlarning yo‘llarini ta’mirlash manzilli dasturi belgilab olindi. Boysun, Sariosiyo va Sherobod kichik turizm zonalarini tashkil etib, ularda zamonaviy mehmonxona majmualari, madaniy-sog‘lomlashtirish, savdo-ko‘ngilochar va turizm ahamiyatiga ega boshqa obyektlarni qurish belgilandi. Zamonaviy muhandislik infratuzilma obyektlari tashkil etiladigan bo‘ldi.

Mutaxassislarning fikricha, Surxondaryo – xorijiy va mahalliy turizmni keng yo‘lga qo‘yish uchun yirik salohiyatga ega hudud. Vohada 374 madaniy meros yodgorliklari va tabiiy meros obyekti mavjud. Ziyorat, buddizm, agro, sanoat, ekologik va sog‘lomlashtirish turizmini rivojlantirish uchun qulay imkoniyat bor. Hududning madaniy-ma’rifiy va ko‘ngilochar, gastronomik turizmi marshrutlariga ham dunyo ahlining qiziqishi yuqori. Shunga mos ravishda vohaning rang-barang turizm yo‘nalishi belgilab olingan. Unga ko‘ra, sayyohlar Teshik tosh, Machay g‘ori, Eski Termiz, Qirqqiz, Tavka qal’asi, Termizshohlar saroyi, Iskandar ko‘prigi, Jarqo‘rg‘on minorasi, Chingiztepa, Tillabuloq kabi 25 tarixiy-madaniy va arxeologik yodgorliklar bilan yaqindan tanishmoqda. Hakim at-Termiziy, Sulton Saodat, Iso Termiziy majmuasi, So‘fi Olloyor, Xo‘ja Barkux, Mavlono Muhammad Zohid maqbarasi, Kokildor xonaqosi singari 14 buyuk zot mangu qo‘nim topgan yoki ular nomiga qadimda barpo etilgan go‘shalarni ziyorat qilayotir.

Ayritom, Qoratepa, Zurmala, Dalvarzintepa, Fayoztepa, Budrachtepa, Xolchayon yodgorliklarini tomosha qilib, qadimgi buddaviylik xususida yetarli ma’lumot va boy taassurotga ega bo‘lmoqda. Masalan, Termiz yaqinidagi Amudaryo o‘rtasida Payg‘ambar orol nomi bilan mashhur hudud mavjud. Bilasizmi, mo‘’jaz bu orolning mashhurlik siri nimada? Islom dinigacha yashab o‘tgan payg‘ambarlardan biri – Zul-Kifl bilan bog‘liqligi-da. Miloddan avvalgi VI-VII asrlarda yashagan tarixiy bu shaxsning dunyoda ikkita mozori bor. Ulardan biri Iroqning Kifl shahrida, ikkinchisi ana shu orolda joylashgan. Manbalarda qayd etilishicha, Zul-Kifl qabri XI asr, ya’ni G‘aznaviylar davrida Payg‘ambar oroliga ko‘chirib kelinib, maqbara va masjid bunyod etilgan.

Viloyatdagi yodgorliklar o‘zining o‘tmishdagi tarixi, qurilish usullari va ulkan salobati bilan sayyohlarda katta qiziqish uyg‘otayotgan bo‘lsa, ulug‘ ajdodlarimizning hoki mangu qo‘nim topgan obod, sokin go‘shalar bu yerda yashab o‘tgan buyuk zotlar, aziz-avliyolar haqiga duo qilib, ularning hayot yo‘llarini, ezgu fazilatlarini yaqindan o‘rganishga xizmat qilmoqda. Keksa avlod vakillarining shukronalik, yoshlarning havas va faxr hissini yuksaltirmoqda.

– Joriy yilda o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 13 mingga yaqin ko‘p sayyoh kelgani, Surxondaryo turizm makoniga aylanayotganiga yaqqol dalildir, – deydi O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi viloyat hududiy boshqarmasi boshlig‘i A.Xo‘jaqulov. – Endilikda eko va agroturizm, sog‘lomlashtirish va gastronomik sayyohlik yo‘nalishlari tashkil etilayotgani, kichik turizm zonalariga asos solinayotgani, hududning turistik salohiyati xorijda ham keng namoyish qilinayotgani kelgusida o‘z samarasini bermoqda. Shu bois sayyoramizning turli davlatlaridan keladigan va mahalliy turistlar uchun barcha zamonaviy sharoitlarni yaratishga alohida ahamiyat qaratilayotir. 2018-2019 yillarda viloyatning turizm infratuzilmasini yanada rivojlantirishga yo‘naltirilgan 74 loyiha uchun 185,2 milliard so‘m miqdorida investitsiya jalb etish rejalashtirilgan. Mazkur loyihalar ishga tushirilishi bilan 858 yangi ish o‘rni yaratiladi.

Ayni paytda viloyatda sayyohlarga bir yo‘la 1 ming 500 ga yaqin mehmonni joylashtirish quvvatiga ega 67 mehmonxona, mehmon uylari, sanatoriy va sog‘lomlashtirish maskani xizmat ko‘rsatmoqda. O‘ndan ortiq turoperatorlik yo‘nalishida tadbirkorlik subyekti faoliyat yuritayotir. Turistlarga transport xizmati ko‘rsatish sifati ham o‘sib bormoqda. Xususan, shu yilning o‘tgan davrida tadbirkorlar tomonidan xorijning o‘nga yaqin zamonaviy avtobuslari olib kelindi. Yil yakunigacha yana o‘nta turistik toifadagi yangi avtobus olib kelish mo‘ljallanmoqda. Bu borada amalga oshirilayotgan barcha ishlar vohaning iqtisodiy salohiyatini yuksaltirish, odamlarning bandlik masalasini yechish va yurtimizni dunyoga keng tarannum etishda muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda.



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (23-09-2018, 16:27)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Понравился ли Вам наш сайт?

КТО НА САЙТЕ?
( 58) ( 0) ( 58) ( 0)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
- отсутствуют
Последние 20 посетителей... - отсутствуют