» » O‘zbekistonda 17 kun ichida paxta terimiga majburiy jalb qilish holati yuzasidan 410 ta murojaat kelib tushdi

O‘zbekistonda 17 kun ichida paxta terimiga majburiy jalb qilish holati yuzasidan 410 ta murojaat kelib tushdi


O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi 2018-yil 28-sentabr holatiga ko‘ra, paxta terimiga majburiy jalb qilish holatlari bo‘yicha rasmiy ma’lumot taqdim etdi.

Vazirlikning “ishonch tarmog‘i”ga murojaatlar

2018-yil 10-sentabrdan 27-sentabrgacha bo‘lgan vaqt oralig‘ida O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining ishonch tarmoqlariga paxta terimiga majburiy jalb qilish holati yuzasidan jami 410 ta murojaat kelib tushdi. Ulardan 228 tasi Davlat mehnat inspeksiyasi inspektorlari tomonidan ko‘rib chiqildi, 26 tasida qonunbuzarlik holati tasdiqlandi. 202 ta murojaatda paxta terimiga majburiy jalb qilish holati tasdiqlanmadi.

Afsuski, joylarda holatni o‘rganish paytida murojaatchilar turli sabablar ta’sirida o‘z shikoyatlarini qaytarib olayotgani kuzatilmoqda. Paxta terimiga majburiy jalb qilish bo‘yicha tasdiqlanmagan holatlar yuzasidan qayta tekshiruv ishlari o‘tkazilmoqda.

2018-yil 27-sentabr holatiga ko‘ra hududlar bo‘yicha murojaatlar yig‘ma jadvali:

Xalqaro mehnat tashkiloti (XMT) vakillariga murojaatlar ma’lumot bazasiga kirish huquqi taqdim etildi.

Ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamaga sabab bo‘lgan Andijon viloyati Qo‘rg‘ontepa tumani Yoshlar ittifoqi faoli N.Mirzaqobulovning tumanda joylashgan 53 ta maktabdagi yoshlar tashkiloti faollarini paxta terimiga majburlash holati Andijon viloyati prokuraturasi va Davlat mehnat inspeksiyasining birgalikda olib borgan tekshiruv-tergov ishlari bilan  yakunlandi. Majburlash holati bo‘yicha N.Mirzaqobulov ma’muriy javobgarlikka va Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 51-moddasiga muvofiq jarimaga tortildi.

10-sentabrdan buyon 26 ta holat bo‘yicha mansabdor shaxslar ma’muriy javobgarlikka tortildi.

Qonunbuzarlik sodir etgani uchun Davlat mehnat inspeksiyasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 51-moddasi bo‘yicha quyidagi shaxslarga nisbatan eng kam oylik ish haqining 1 barobaridan 3 barobari miqdorida jarima pulini undirish to‘g‘risida qaror chiqarildi:

— Farg‘ona viloyati Qo‘shtepa tumani hokimi Novikov I.A.,

— Farg‘ona viloyati Oltiariq tumani Xotin-qizlar ishlari bo‘yicha hokim o‘rinbosari Salimova Sh.,

— Qashqadaryo viloyati Nishon tumani qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha hokim o‘rinbosari Normo‘minov U.,

— Jizzax viloyati Paxtakor tumani Davlat soliq inspeksiyasi boshlig‘i Ergashev A.,

— Sirdaryo viloyati Yangiyer shahar Davlat soliq inspeksiyasi boshlig‘i Axmedov K.,

— “Bek baraka savdo majmuasi” MChJ direktori Tursunov Yu.

Paxta uchun pul va “soliq” yig‘imi haqida

OAV ma’lumotlariga ko‘ra, ayrim hududlarda paxta terimi uchun pul mablag‘larini yig‘ish holatlari kuzatilmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi O‘zbekiston Respublikasida paxta terimi uchun hech qanday pul yig‘imlari va qo‘shimcha soliqlar nazarda tutilmaganligini eslatib o‘tadi.

Aksincha, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi bilan Bosh prokuratura huzuridagi Multimediya markazi hamkorligida paxta terimchilari uchun yaratilgan iqtisodiy manfaatdorlikni yoritish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda. Respublikadagi mehnat resurslari yetishmaydigan beshta hududda o‘tkaziladigan paxta terimi targ‘ibotiga bag‘ishlangan videolavha @terimuz Telegram-kanalida joylashtirilgach, bir kunning o‘zida 1,6 milliondan ortiq odamlar tomonidan ko‘rildi. Paxta terimida qatnashish istagida bo‘lgan barcha fuqarolar +998712000602, @terimuzbot Telegram boti, shuningdek, www.terim.uz saytida ma’lumot qoldirishlari mumkin.

Ko‘ngilli otryadlar haqida

Hukumat tomonidan aholini ixtiyoriy paxta terimiga rag‘batlantirish bo‘yicha turli chora-tadbirlar ko‘rilmoqda. Ana shunday tadbirlardan biri ko‘ngillilar orasidan otryadlar tuzish hisoblanadi. Mazkur otryad rahbarlariga paxta mavsumi davomida O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Jamoat ishlari fondi hisobidan otryad tomonidan terilgan 80 tonna paxta uchun 1 million so‘m miqdorida mukofot puli berish belgilangan. Paxta terimi yuqori ko‘rsatkichda amalga oshirilgan taqdirda mukofot puli oyiga 2 milliondan ko‘proqqa yetishi mumkin.

Shu munosabat bilan, bu yil paxta terimida ishlab topilgan mablag‘larga hech qanday soliq solinmasligini eslatib o‘tamiz.

Qo‘shimcha chora-tadbirlar haqida

2018-yil 27-sentabr O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Sh.Kudbiyev topshirig‘i bo‘yicha vazirning birinchi o‘rinbosari E.Muxitdinov paxta yig‘im-terimi kampaniyasi monitoringini amalga oshirayotgan Xalqaro mehnat tashkiloti mutaxassislari va bir guruh huquq himoyachilari bilan uchrashuv o‘tkazdi. Uchrashuvda tomonlar paxta terimiga majburiy jalb qilish holatlarini aniqlash bo‘yicha hamkorlik olib borishga kelishdi.

Vazirlik huzurida paxta terimiga majburiy jalb qilish holatlarini aniqlash bo‘yicha OAV hamda ijtimoiy tarmoqlar monitoringini yurituvchi guruh tashkil etilgan.

Vazirlik mutaxassislari tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 51-moddasi “Mehnatga ma’muriy tarzda majburlov” bo‘yicha jarima miqdorini sezilarli darajada, ya’ni birinchi qonunbuzarlik holatida eng kam oylik ish haqining 25-50 barobari va takroriy holatda eng kam oylik ish haqining 50-100 barobari miqdorida oshirishga qaratilgan  hujjat ko‘rib chiqish uchun tayyorlanmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi paxta terimiga majburiy jalb qilish holati kuzatilganda fuqarolar vazirlikning +998712000601 raqami yoki @mehnathuquqbot Telegram bot ishonch tarmoqlariga murojaat qilishlari zarurligini eslatib o‘tadi.



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (2-10-2018, 10:12)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Что нужно улучшить на нашем сайте?

КТО НА САЙТЕ?
( 71) ( 0) ( 70) ( 1)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют