» » Shavkat Mirziyoyev “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” davlat korxonasi jamoasi va Navoiy ahliga tabrik yo‘lladi

Shavkat Mirziyoyev “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” davlat korxonasi jamoasi va Navoiy ahliga tabrik yo‘lladi


Shavkat Mirziyoyev “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” davlat korxonasi jamoasi va Navoiy shahri ahliga tabrik yo‘lladi. O‘zA tabrik matnini keltirdi.

Aziz do‘stlar! 

Sizlarni Navoiy kon-metallurgiya kombinati va Navoiy shahri tashkil etilganining 60 yilligi bilan chin qalbimdan muborakbod etaman.

O‘tgan tarixan qisqa davrda ming-minglab ishchi va mutaxassislarning fidokorona mehnati tufayli Qizilqum sahrosida rivojlangan ishlab chiqarish, transport va ijtimoiy infratuzilmasini o‘zida mujassam etgan, nafaqat yurtimiz, balki chet ellarda ham mashhur bo‘lgan zamonaviy ishlab chiqarish majmuasi qad rostladi.

Kombinatning qurilishi hududdagi mamlakatimiz iqtisodiyoti uchun strategik ahamiyatga ega ulkan mineral boyliklarning keng miqyosda o‘zlashtirilishini boshlab berdi.

Ta’kidlash joizki, 60 yil muqaddam bu zaminda mazkur sanoat majmuasi negizida bunyod etilgan, buyuk shoir va mutafakkir bobomiz Alisher Navoiy nomi bilan atalgan mamlakatimizning eng ko‘rkam va zamonaviy shaharlaridan biri – Navoiy shahri ham bugun o‘z yubileyini nishonlamoqda.

Kon boshqarmalari va yirik sanoat obyektlari negizida Uchquduq, Zarafshon, Nurobod, Zarkent va Marjonbuloq shaharlari barpo etildi.

Zamonaviy shaharsozlikning yorqin namunalari bo‘lgan ushbu maskanlar yil sayin obod bo‘lib, har tomonlama ravnaq topmoqda.

Hududda yangi korxonalar qurilmoqda, jahon andozalari darajasidagi texnologiyalarga asoslangan ishlab chiqarish quvvatlari kengaymoqda.

Yetakchi xorijiy kompaniyalar bilan hamkorlik aloqalari mustahkamlanayotgani xaridorgir mahsulotlar ishlab chiqarish imkonini berib, butun tarmoqning barqaror faoliyatini ta’minlamoqda.

Bugungi kunda o‘zbek oltinining yuqori sifati butun dunyoda e’tirof etilgani, mamlakatimiz oltin-valyuta zaxiralari ortib, iqtisodiy salohiyati yuksalib borayotganida ham iqtisodiyotimiz lokomotivi bo‘lmish Navoiy kon-metallurgiya kombinatining ko‘p millatli mehnat jamoasining xizmatlari beqiyos.

Oltin, uran, nodir metallar, fosforit xomashyosi konlarini o‘zlashtirish bilan birga kombinat qurilish va dastgohsozlik sanoati uchun keng turdagi mahsulotlar, shuningdek, xalq iste’moli tovarlarini ishlab chiqarayotgani quvonarlidir.

Gigant korxonaning ko‘pming kishilik jamoasi keyingi yillarda yurtimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli yangilanishlar, iqtisodiyot tarmoqlari va butun mamlakatimizni tubdan isloh etish va modernizatsiya qilishda faol ishtirok etayotgani tahsinga sazovor.

Davlatimiz tomonidan Navoiy kon-metallurgiya kombinatini har tomonlama rivojlantirishga birinchi darajali vazifa sifatida e’tibor qaratilmoqda. Xususan, NKMKni 2026 yilgacha rivojlantirish dasturi doirasida umumiy qiymati 3 milliard dollardan ziyod qariyb 30 ga yaqin yirik investitsiya loyihasi bosqichma-bosqich amalga oshirilib, 30 mingdan ortiq ish o‘rinlari yaratiladi.

Bu yo‘nalishda hozirning o‘zida ko‘p ishlar qilinmoqda. Jumladan, “Auminzo-Amantoy” oltin ruda konini o‘zlashtirish va uning asosida gidrometallurgiya zavodini barpo etish, texnogen chiqindilarni qayta ishlash majmuasini qurish, “Muruntov” karyerini o‘zlashtirish ishlari jadal sur’at bilan davom ettirilmoqda.

Kombinat negizida tashkil etilgan O‘zbekiston Fanlar akademiyasining Navoiy filiali hududning innovatsion va texnologik taraqqiyotiga salmoqli hissa qo‘shmoqda.

Hurmatli do‘stlar! 

Mamlakatimizda strategik islohotlarning yangi bosqichi boshlangan bugungi kunda butun xalqimiz, jumladan, kombinat jamoasi va Navoiy shahri aholisi oldida g‘oyat muhim vazifalar turibdi.

Xususan, bu yerda qator yangi yuqori texnologik ishlab chiqarishlarni yaratishimiz, raqobatbardosh sanoat mahsulotlari ishlab chiqarishni kengaytirishimiz, hududning ulkan tabiiy, ishlab chiqarish, mehnat va intellektual salohiyatini yanada to‘liq ro‘yobga chiqarishimiz lozim.

Navoiy kon-metallurgiya kombinatining yuksak professional malakali ahil va iste’dodli jamoasi hamda boy tajriba va mahoratga ega, yurtimiz va xalqimizga sodiq Navoiy shahri ahli ana shunday keng miqyosli vazifalarni muvaffaqiyatli ado etishiga ishonaman.

Siz, azizlarga, mustahkam sog‘lik, baxt-saodat, Vatanimiz farovonligi yo‘lidagi bunyodkorona mehnatingizda yangi zafarlar tilayman.



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (23-11-2018, 21:15)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Понравился ли Вам наш сайт?

КТО НА САЙТЕ?
( 69) ( 0) ( 67) ( 2)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют