» » “Daryo” tanqididan so‘ng Qarshi tumanidagi chiqindi muammosi bartaraf etildi

“Daryo” tanqididan so‘ng Qarshi tumanidagi chiqindi muammosi bartaraf etildi


“Daryo”da Qashqadaryo viloyati, Qarshi tumanidagi “Mevazor” mahallasi aholisini qiynab kelayotgan chiqindi muammosi qalamga olingan edi. Mazkur muammo omma e’tiboriga havola etilgach, viloyatdagi ma’sul tashkilotlar muammoga e’tibor qaratdi. Majburiy ijro byurosi Qashqadaryo viloyati boshqarmasi Jamoatchilik bilan aloqalar va huquqiy axborot bo‘limi katta inspektori Gulnoza Dilmurodovaning “Daryo”muxbiriga bildirishicha, “Toza hudud” Qarshi tuman filiali xodimlari 12-martdan 13-martga o‘tar kechasi soat kechki 2:00 dan tonggi 4:00 ga qadar ikki soat davomida chiqindini olib chiqib ketgan.

Qariyb uch oydan beri olinmagan chiqindi ikki soat mobaynida olib chiqib ketilgach, 13-mart kuni muammo yechimi borasida hudud aholisi fikrini o‘rganish maqsadida MIB viloyat boshqarmasi, tuman bo‘limi xodimlari, viloyat ekologiya va atrof muhitni nazorat qilish boshqarmasi huzuridagi Sanitar tozalash xizmatlari tashkil etish markazi rahbari Nurbek Navro‘zov hamda “Toza hudud” Qarshi tuman filiali rahbari Akrom Boboyev va xodimlari ishtirokida yig‘ilish tashkil etildi.

“Muammoning kelib chiqishida bizning aybimiz bor, — deydi “Toza hudud” Qarshi tuman filiali rahbari Akrom Boboyev. – Aholining e’tirozi juda o‘rinli. Endi bu holat takrorlanmasligiga va’da beramiz. Har hafta chiqindilar o‘z vaqtida olib chiqib ketilishini nazorat qilamiz”.

Yig‘ilishda so‘z olgan Sanitar tozalash xizmatlari tashkil etish markazi rahbari Nurbek Navro‘zov odatda chiqindixona aholi xonadonlaridan 20 metrdan 100 metrgacha bo‘lgan uzoqlikda joylashishi kerakligini aytdi.

“Vaholanki ushbu ko‘p qavatli uylar oldida joylashgan chiqindixona va aholi xonadoni o‘rtasidagi masofa nari borsa 10 metrni tashkil etadi, — deydi Nurbek Navro‘zov. – Shuning uchun ham bu borada tuman hokimligiga ma’lum qilgan holda chiqindixonani ko‘chirish masalasini ilgari surmoqchimiz. Chunki qonunchiligimizga ko‘ra, chiqindixonani ko‘chirish ishlari tuman hokimligi zimmasidagi masala hisoblanadi”.

“Baraka topishsin, chiqindi muammosi hal bo‘ldi, — deydi aholi vakillaridan Umida Choriyeva. – Ammo bugungi yig‘inda tuman hokimligidan hech kim qatnashmagani bois ham chiqindixonani ko‘chirish masalasi mavhumligicha qoldi. Shu muammoni ham hal etishsa, nur ustiga nur bo‘lardi”.

“Chiqindixonani “dom”imiz yonidan ko‘chirishmasa bo‘lmaydi, — deydi 9/4-uyning 1-xonadonida yashovchi Manzura Karimova. – Chunki chiqindixona o‘z nomi bilan chiqindixonada. Xonadonimiz va chiqindixona o‘rtasidagi masofa 10 metr ham chiqmaydi. Bolalarim sog‘lig‘i kerak menga. Shuning uchun tuman hokimligidan iltimos qilgan bo‘lardikki, bu muammo ham e’tibordan chetda qolmasin”.

“Daryo” tahririyati ham hokimlik hudud aholisining chiqindixonalarni ko‘p qavatli uylar yonidan uzoqroq masofaga ko‘chirish borasidagi takliflariga qanday munosabat bildirganligini bilish maqsadida tuman hokimligidan izoh kutib qoladi.



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (14-03-2019, 14:14)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Что нужно улучшить на нашем сайте?

КТО НА САЙТЕ?
( 36) ( 0) ( 35) ( 1)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют