» » Yevropa millatchilik va vatanparvarlik orasida. Rossiya kuniga necha kishidan ayrilmoqda? Jahon matbuoti sharhi

Yevropa millatchilik va vatanparvarlik orasida. Rossiya kuniga necha kishidan ayrilmoqda? Jahon matbuoti sharhi


“Daryo” o‘tayotgan haftada dunyo matbuotida keng yoritilgan, ko‘pchilikning qiziqishiga sabab bo‘lgan maqolalar sharhiga to‘xtalib o‘tadi.

Myuller hisoboti: Donald Tramp erkin nafas oladimi?

CNN Myuller hisoboti yuzasidan maqola chop etdi. Deyarli ikki yil davom etgan tergov-surishtiruvdan so‘ng maxsus tergovchi Myuller hisoboti yuzasidan AQSh bosh prokurori Uilyam Bar matbuot konferensiyasi o‘tkazdi. Aftidan, Bar bu holatni Tramp uchun foydali qilib ko‘rsatishga uringan ko‘rinadi, sababi goh-gohida uning gaplari Trampning tergovga e’tiroziday yangradi. Masalan, yuzlab guvohlar so‘roq qilib bo‘linganidan so‘ng maxsus prokuror Rossiya tomoni 2016-yilgi prezident sayloviga noqonuniy aralushuvlar bo‘lishiga yordam berganini tasdiqladi, ammo u Tramp va Trampga yaqin doiralarning ruslar bilan til biriktirgan holda harakat qilganiga doir ma’lumotlarni qo‘lga kiritmaganini bayon qildi.

Bar qayta va qayta Tramp hamda Oq Uy har taraflama maxsus prokuror bilan hamkorlik qilishga uringanini ham ta’kidladi (aslida Tramp Myuller va uning guruhini qattiq tanqid qilgan).

Shubha yo‘qki, Bar matbuot konferensiyasida Trampga ma’qul keladigan ishni qildi. U kelishuv bo‘lmasligini bildirib, Myuller tergovining borishiga to‘sqinlik bo‘lgani haqida yozganlari borasida xavotir bildirdi. Myuller Trampni tergov borishida hamkorlik qilishga uringan, hech narsani yashirmagan shaxs sifatida tasvirlaydi. Trampning o‘zi ham uni Myullerday himoya qila olmas edi.

Bar Myuller tergovining borishiga Tramp tomonidan o‘n martaga yaqin to‘sqinlik holati kuzatilganini aytdi. Ammo shu zahotiyoq Tramp misli ko‘rilmagan qiyin ahvolda qolganini ham ochiqladi. Prezident o‘ziga nisbatan bo‘layotgan siyosiy hujumlardan hayajonga tushgani va g‘azablangani bois o‘zini shunday tutgan bo‘lishi mumkinligini ta’kidladi. Bu bilan hali demokratlar bilan davom etadigan kurashda Tramp va uning tarafdorlariga o‘zlarini himoya qilish uchun yaxshigina bahona topib berdi.

Tramp Trampligicha qoldi va Twitter’da Rossiya bilan hech qanday bitim bo’lmaganligi haqida shunday tvit ham qoldirdi: “Bu barcha zamonlarning eng buyuk soxtalashtirish voqeasi”. Barcha aybni esa Hillari Klinton, politsiya, demokratlar partiyasiga yukladi.

Rossiya Trampning prezidentlikka saylanishini foydali deb hisoblagan va shu yo‘lda harakat qilgan, lekin bu Tramp va uning saylov shtabi Rossiya tomoni bilan bitim asosida harakat qilgan degani emas. Hech qanday bitim bo‘lmagan.

Demokratlar esa kurashdan to‘xtagani yo‘q. Ular hali hisobotning e’lon qilinmagan nuqtalari boyicha kurashni davom ettiradi.

Yevropa vatanparvarligi

“Ozodlik va tenglik biror kun albatta millatni yaratadi. Bugun ham agar Yevropa Ittifoqi o‘zining aniq chegaralariga ega bo‘lsa, do‘stu dushmanlarini aniq ajratib olsa, Yevropani birlashtirish mumkin”, — deb yozadi Die Welt nashri.

Nashr Yevropa xalqlarining millat bo‘lib shakllanish tarixiga nazar tashlaydi va bugungi Yevropa Ittifoqiga diqqatni qaratadi.

“Millatchilik — muvaffaqiyat tarixidir”. O‘zinini yuksaltirish, imperializm va, eng dahshatlisi, urushlar ham undan boshlanadi. Lekin AQSh va Germaniya, Fransiya va Ispaniya, Yaponiya yoki Janubiy Koreyadagi eng hayotiy, barqaror demokratiyalar ham millatchilikka borib taqaladi. Biz bu muvaffaqiyat tarixini Yevropa darajasida takrorlashimiz lozim. Kimki bugungi Yevropa Ittifoqiga qarasa, bir vaqtlar biri-biri bilan o‘zaro kurash olib borgan, bir-birini o‘ldirgan, lekin ayni paytda hamkorlik qilishga urinayotgan millatlar hamdo‘stligini ko‘radi. Ko‘p yevropaliklar Yevropa Ittifoqidan ko‘ra o‘z xalqiga yaqinroq ekanligini his qilib yashaydi. Bu bir vaqtlar kichik nemis davlatlari yagona nemis xalqidan afzal bo‘lgani kabidir. Xuddi shuning uchun ayni paytda Yevropada millatchilik kayfiyati kuchayib bormoqda. Bu hozircha yangi urushlarga olib kelgani yo‘q, lekin aniqki, u Yevropani zaiflashtirib ham qo‘ymoqda. Qanchalik g‘alati tuyulmasin, Yevropani yanada mustahkamlaydigan kuch bu yana o‘sha millatchilikdir. Yevropa millatchilikdan to‘g‘ri saboq chiqarishi kerak. XIX asrda milliy birlik vujudga kelganiday, endilikda qit’aviy birlik g‘oyasi paydo bo‘lishi kerak.

Yevropa millatchiligi din, millat, irqqa asoslana olmaydi, sababi bular yangi urushlarga yo‘l ochib beradi. Yevropa millatchiligi ozodlik, tenglik, hokimiyatlar ajratilishi qadriyatlariga asoslanishi kerak. Ancha bo‘ldi, Yevropa xalqlari shu tamoyillarga asoslangan holda idora qilinmoqda, shu tamoyilni barcha joyda yoymoqda. Faqat ishonch va izchillik bilan birlashtiruvchi millatchilik tamoyilini ilgari surish kerak. Shundagina Yevropa Ittifoqida haqiqiy birlik, yagona Yevropa soliqlari, yagona ijtimoiy imtiyozlar haqida so‘z ochishga imkon bo‘ladi.

Birlikning yagona sharti esa Yevropaning aniq chegaralarini belgilab olishdir. Migratsiya ortidan yuzaga kelayotgan tahdidlar migratsiya borasida ham umum fikr, birlik asosidan kelib chiqishi kerak.

Germaniya gaz quvurlari yo‘laklarini qurib, Sharqiy Yevropadagi do‘stlarini zaiflashtirmoqda. Yevropa kim do‘st, kim dushman ekanini aniq belgilab olishi lozim. Italiya Xitoy diktaturasini yoqlab, “Buyuk Ipak Yo‘li” loyihasiga qo‘shilmoqchi. Shunday muammoli vaziyatlar Yevropa vatanparvarligi ruhini vujudga keltirarmikin… Faqat umid qilish mumkin.

Yevropa o‘z qadriyatlarini Yevropa ichida ham himoya qilishi kerak. Demokratik tartibni buzayotgan davlatlarga nisbatan keskin choralar ko‘rish lozim. Bu choralar asosi kuchli, birdam, mustahkam bo‘lgan Yevropa uchun asos bo‘ladi. Saudiya Arabistoni o‘zining radikal diniy qarashlarini Bolqonga olib kirishga urinayotgan ekan, Yevropa o‘zini himoya qilishi kerak.

Odamlar o’zlarini italiyalik, fransuz, nemis deb his qilishdan to‘xtagandagina yevropalik, yevropacha vatanparvarlik, yevropa milliy g‘ururi, yevropacha birlik hissi paydo bo‘ladi.

 Rossiya iqtisodiyoti haqida 13 fakt

Anglo-sakson olamida 13 raqami behosiyat raqam bo‘lsa-da, AQShda nashr etiladigan Business Insider nashri Rossiya haqida 13 qiziqarli faktga alohida urg‘u berib maqola nashr etdi.

Ikkinchi jahon urushi yakunlangach, SSSR dunyoning eng yirik davlati, AQSh bilan raqobatlashadigan davlatga aylandi.

Sovet Ittifoqi parchalangach, Rossiya o‘z iqtisodiyotini yangi o‘zanga solishga to‘g‘ri keldi. Qayerdadir yutuqlar, qayerdadir kamchiliklar ko‘zga tashlandi. Ko‘proq iqtisodiy tanglik parchalangan Rossiya osmonida qora bulutday ergashdi.

Hozirda Rossiya yana boy berilgan qudratga talabgor, ammo neftga va gazga qaramlik, demografik inqiroz va inflyatsiya hamrohi bo‘lgan rubl to‘siq. Keling faktlarga to‘xtalaylik:

1) Rossiya har kuni 700 kishidan ayrilmoqda. Euroasia Daily Monitor kuzatuvlarga qaraganda, Rossiya har kuni 700 kishi, yiliga esa 250 ming aholisidan ayrilmoqda. Ayrim shaharlarda, masalan, Murmanskda aholi 30 foizga kamaygan. Kamayish asosan aholining keksayishi, migratsiyaning salbiy hissasi va hukumatning noqobil sog‘liqni saqlash hamda oziq-ovqat siyosati bilan izohlanadi. Demografik inqiroz ancha yillarga cho‘ziladi;

2) Rossiya zaxirasida 460 milliard dollar bor. Bu degani rus hukumati qo‘l ostida 460 milliard dollarga teng valyutani ushlab turgan holda tashqi qarzi yalpi ichki mahsulotning 29 foizini tashkil etadi. Importni qoplash 15,9 oyni tashkil etmoqda;

3) SSSR parchalangach, keyingi o‘n yilliklar ichida Rossiya iqtisodiyoti 45 foizga qisqardi;

4) Neft va gaz Rossiya iqtisodining 59 foizini tashkil etadi. Rossiya neftga boy esa-da, uning bu zaxiraga tobeligi uning iqtisodiyotida salbiy aks etadi. Reuters agentligining ma’lumotiga ko‘ra, o‘tgan yil oxirlariga kelib Rossiyada kuniga neft qazib olish 11,6 million barrelga yetgan. Gaz eksporti bo‘yicha daromad butun iqtisodning 25 foizini tashkil etmoqda;

5) Ruslarning 13 foizidan ko‘prog‘i qashshoqlikda umr kechirmoqda. Bu, Irish Times ma’lumotlariga ko‘ra, aholining 19,3 millioni qashshoqdir degani;

6) Rossiyada yetmishdan ortiq milliarder bor. Mulkiy tengsizlik esa o‘ta yuqoridir. Milliarderlarning aksari o‘z milliardlariga 90-yillardagi korrupsiya avj olgan bir davrda ega bo‘lgan. Bu boyvachchalar o‘z boyligini sport klublarini sotib olish uchun xarj qiladi;

7) Rubl eng tez qadrsizlanayotgan valyuta bo‘lib qolmoqda. So‘nggi uch yillik davr ichida rublning qadri ikki baravar qadrsizlandi;

8) Rossiyada o‘rtacha ish haqi 670 dollarni tashkil etadi. Iqtisodiy ishlab chiqarish hajmi bo‘yicha Rossiya yuqori o‘ntalikka kiradi. Shunga qaramasdan, ish haqining o‘rtacha miqdori o‘ta past darajada;

9) Rossiya mebel bozorining 20 foizi Ikea’ga qaraydi. Shved mebel kompaniyasi o‘zining ilk do‘konini 2000-yilda ochgan edi. Rus hukumati qanchalik xasislik qilishiga qaramasdan, Ikea rus mebel bozorining 20 foizi egasidir;

10) Rossiyada aroq ichish keyingi 20 yil ichida 50 foizga qisqardi. Ruslar ko‘proq pivo va sharob ichmoqda;

11) Rossiyadagi Asbest shahri o‘tgan yili 315 ming tonna asbest ishlab chiqardi. Asbest sog‘liq uchun o‘ta xavfli bo‘lsa-da, eksport surati oshib bormoqda;

12) Rus hukumati Zimbabve olmoslari uchun chorak milliard dollardan ko‘proq sarmoya kiritdi. Rossiya Afrikada ta’sir doirasini kengaytirish uchun bu qit’aga ko‘plab miqdorda sarmoya kiritmoqda.Birgina yanvar oyining o‘zida ruslar Zimbabvega 26 million dollar sarmoya tikdi;

13) Aholi daromadlari rubl inflyasiyasi yuz berayotgan bir vaziyatda qishki olimpiadaga 50 milliard dollar, futbol chempionatiga 11 milliard dollar mablag‘ sarf etdi.

Sabrli bo‘l, buyuk rus xalqi!

Jahongir Ergashev tayyorladi



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (20-04-2019, 09:43)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Что нужно улучшить на нашем сайте?

КТО НА САЙТЕ?
( 108) ( 0) ( 107) ( 1)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют