» » Andijonda Muhammad Yusuf tavalludining 65 yilligiga bag‘ishlangan tadbirlar o‘tkazildi (foto)

Andijonda Muhammad Yusuf tavalludining 65 yilligiga bag‘ishlangan tadbirlar o‘tkazildi (foto)


Andijonda O‘zbekiston xalq shoiri Muhammad Yusuf tavalludining 65 yilligiga bag‘ishlangan tadbirlar o‘tkazilmoqda, deb xabar beradi O‘zA.

O‘zbek xalqining ardoqli shoiri Muhammad Yusuf tavallud kuni oldidan viloyatdagi ta’lim muassasalarida adabiy anjuman, xotira va she’riyat kechalari bo‘lib o‘tdi. Ayniqsa, 26-aprel – shoir tavallud topgan kunda o‘tkazilgan tadbirlar adabiyot bayramiga aylandi, deyiladi xabarda.

Andijon shahridagi Muhammad Yusuf xiyobonida tashkil etilgan tadbirda davlat, jamoat tashkilotlari vakillari, yozuvchi va shoirlar, ijodkor yoshlar hamda adabiyot ixlosmandlari, respublikaning turli viloyatlari hamda qo‘shni Qirg‘izistondan kelgan mehmonlar ishtirok etdi.

Tadbirda so‘z olgan O‘zbekiston Xalq shoirlari Mahmud Toir, Usmon Azim va boshqalar shoir xotirasini qadrlash, she’riyatining o‘ziga xos qirralari, hayoti, ijodini o‘rganish va targ‘ib etish xususida gapirdi.

“O‘zbekiston Xalq shoiri, marhum Muhammad Yusuf betakror she’rlari bilan yurtdoshlarimiz qalbidan chuqur joy olgan ijodkor edi. El-yurt muhabbati, hurmatiga sazovor bo‘lish har bir ijodkorga ham nasib etavermaydi. Muhammad Yusuf adabiyotimizning ana shunday ehtirom va e’tirofga erisha olgan zabardast vakillaridan biridir”, – deydi O‘zbekiston Xalq shoiri Usmon Azim.

Tadbirda Andijon shahridagi Muhammad Yusuf nomidagi ona tili va adabiyoti fanini chuqurlashtirib o‘qitishga ixtisoslashtirilgan maktab hamda Namangandagi Ibrat nomidagi xorijiy tillarga ixtisoslashgan maktab-internat o‘quvchilari tomonidan shoir ijodidan namunalar o‘qildi.

Tadbir ishtirokchilari maktabda tashkil etilgan “Muhammad Yusuf muzeyi” va “Muhammad Yusuf izdoshlari” nomli adabiyot to‘garagi faoliyati bilan tanishdi. Shuningdek, shoir ijodiga bag‘ishlangan ochiq dars ham mehmonlarda iliq taassurot qoldirdi.

Xotira tadbirlari shoir tug‘ilib o‘sgan Marhamat tumanidagi Qovunchi mahallasida davom etdi. Keng jamoatchilik vakillari, mehnat faxriylari, oqsoqollar shoir qabri yonida qur’on tilovat qildi.

Shoirning tavallud kuni haqiqiy xalq, adabiyot sayliga aylanib ketdi. Viloyatning barcha tuman va shaharlari, respublikamizning turli viloyatlaridan ustozlari hamrohligida tashrif buyurgan o‘quvchi yoshlar, adabiyot ixlosmandlari tomonidan shoir qabriga guldastalar qo‘yildi. Adib yashagan xonadonda she’riyat kechasi, mushoiralar o‘tkazildi.

“Muhammad Yusuf qabrini ziyorat qilish, uning xotirasini yod etish uchun butun sinfimiz bilan keldik, – deydi Marg‘ilon shahridagi Erkin Vohidov nomidagi ona tili va adabiyoti fanini chuqur o‘qitishga hamda xorijiy tillarga ixtisoslashtirilgan maktab-internat o‘quvchisi Muattar Mamatkarimova. – Zero, biz yoshlarning shoirga bo‘lgan hurmatimiz juda baland, uning she’rlarini sevib o‘qiymiz”.

Tadbirlarda qirg‘izistonlik bir guruh ijodkorlar ham ishtirok etib, Muhammad Yusuf ijodi haqida iliq fikrlarni bildirdi.

“Andijon viloyati yozuvchilar uyushmasi bilan ijodiy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish maqsadida Andijonga kelgan edik, – deydi Qirg‘iziston Yozuvchilar uyushmasi Jalolobod oblast bo‘limi raisi Samiddin Stambekov. – Qarangki, tashrifimiz o‘zbek xalqining ardoqli shoiri Muhammad Yusuf tavallud sanasiga to‘g‘ri keldi. Shoir ijodini o‘qiganman, u haqida ko‘p eshitganman. Lekin bugungi tadbirlardan juda hayratlandim. O‘zbek xalqi o‘z shoirini shu qadar ardoqlashiga havasim keldi”.

Muhammad Yusuf xotirasiga bag‘ishlangan tadbirlar Andijon shahridagi Alisher Navoiy nomidagi madaniyat va istirohat bog‘i amfiteatrida katta konsert dasturi bilan yakunlandi.



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (27-04-2019, 13:13)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Кто вы по знаку зодиака?

КТО НА САЙТЕ?
( 76) ( 0) ( 74) ( 2)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют