» » “Obodonlashtirishmi yoki cho‘listonga aylantirishmi?” Farg‘ona viloyatining Bog‘dod tumanida aholiga tegishli teraklar kestirib tashlandi

“Obodonlashtirishmi yoki cho‘listonga aylantirishmi?” Farg‘ona viloyatining Bog‘dod tumanida aholiga tegishli teraklar kestirib tashlandi


Farg‘ona viloyati Bog‘dod tumani Maylavoy MFYda yashovchi huquqshunos Qahhorjon Hoshimovdan “Daryo” tahririyatiga kelib tushgan murojaatda tuman hokimi va prokurori obodonlashtirish shiori ostida qishloq aholisiga tegishli teraklarni yoppasiga majburan kestirib yuborgani haqida so‘z boradi. Murojaatda fuqaroning hokim va prokuror ustidan ushbu masala bo‘yicha Prezident portaliga yuborgan shikoyatini o‘rganish bilan hokimlik shug‘ullanayotgani ham aytiladi. Maylavoy oqsoqollar kengashi a’zosi Qahhorjon Hoshimovdan kelgan murojaatni (imlo xatolarini tuzatgan holda) to‘lig‘icha keltirib o‘tamiz.

Bog‘dod tumanida qishloqlarni obodonlashtirish shiori ostida qishloq aholisiga xususiy mulk huquqi asosida tegishli bo‘lgan teraklarni yoppasiga majburan kestirib yuborilib aholiga katta miqdorda zarar va jiddiy ziyon yetkazilganligi haqida.

Odamlaru odamlar, bog‘da bitgan bodomlar eshitmadim demanglar! Farg‘ona viloyati, Bog‘dod tumani hokim vazifasini bajaruvchisi Tursunov Alibek va tuman prokurori Nazarov Mirzabedillar birgalikda o‘zlaricha ishchi guruh, aslida esa jinoiy guruh desa to‘g‘ri bo‘ladi, tashkil qilib olishib, tumandagi mahalla fuqarolar yig‘inlariga bostirib kelishib, aholining yo‘l chetlariga va o‘zlarining tomorqa uchastkalarining chegaralariga ekib parvarishlab kelishayotgan noyob qurilish materiali hisoblangan dekorativ terak daraxtlarini asossiz ravishda hech qanday qaror chiqarmasdan o‘zboshimchalik bilan yoppasiga majburan kestirib yuborishmoqda.

Bu guruh 2–3-mart kunlari Maylavoy MFYga kelib mahalla oqsoqoli Saminjonov Solijonni o‘zlariga sherik qilib qo‘shib olishib, yo‘l chetlariga ekilgan, terak daraxtlarini egasining roziligiz majburiy rashivda kesdirib tashladi. Jumladan, mening xonadonimga tegishli bo‘lgan 6–8 yillik katta-kichik navqiron 105 tup teraklarni hamda 1–1,5 sotix yerdagi terak maydonchasidagi 2 yoshli 198 tup nihol teraklarimizni shafqatsizlarcha kestirib tashladi. Bundan men juda darg‘azab bo‘ldim. Turmush o‘rtog‘im, pensioner Hoshimova Salimaxoning qon bosimi oshib ketib kasalxonaga tushib qoldi.

Men hokimdan “Teraklarni majburan kestirishga qarorlaring yoki birorta hujjatlaring bormi??”, – deb so‘rasam. U: “Mana men hokimman, men borman, ana prokuror, ana qishloq oqsoqoli bor, shular sizga qaror. Boshqa hech qanaqa qaror-paror yo‘q!” – deb dag‘dag‘a qildi. Men ularga agar teraklarni kestirishga qarorlari yoki boshqa birorta hujjatlari bo‘lmasa teraklarni kestirishga haqlari yo‘qligini aytdim. Shunda prokuror: “Biz teraklarni tumanimizni obodonlashtirish tadbiri asosida kestiryapmiz, siz oddiy fuqarosiz, teraklaringizni kesishga majbursiz, bu davlat ahamiyatidagi siyosat, qarshi chiqqudek bo‘lsangiz javobgar bo‘lasiz, hali siz ekansizu, boshqalar ham qarshi chiqa olmaydi, qani qarshilik qilib ham ko‘rishsinchi?”, — deb o‘dag‘ayladi. Ha-ha, o‘dag‘aylab men tomonga bostirib kelib: “Teraklaringni kesasan, qani kesmay ko‘rchi”, — deb o‘shqirdi, qilgan qaltis harakatidan ko‘zoynagi ham ko‘zidan tushib ketayozdi. Men unga: “Janob prokuror, siz o‘zingizni bosib oling, bu teraklar mening xususiy mulkim, xususiy mulk dahlsizdir va qonun himoyasi ostida, agar siz haqiqiy prokuror bo‘lsangiz mening huquqimni himoya qilishingiz kerak, siz esa mulkni nobud qilyapsiz, to‘xtating qonunbuzarliklarni”, – deb aytdim. Biroq prokuror ham, hokim ham meni qonuniy talablarimga quloq solmadi va hamma teraklarni kestirib tashlashdi.

Keyin mahallama mahalla yurib oraliq yo‘llarga-fuqarolarning o‘z tomorqa yerlarining chegara qismiga ekilgan hali yetilmagan yosh navqiron teraklarni yoppasiga majburlab kestirib tashlab teraklarga qiron keltirishdi. Ularning bunday nomaqbul harakatlaridan ko‘pchilik fuqarolar qattiq norozi bo‘lishib aziyat chekishdi. Ularning ustidan kimga arz qilishlarini bilmay karaxt bo‘lib dovdirab qolishdi.

Yurtboshimiz: “Xalqimiz, odamlarimiz bizdan rozi bo‘lib yashashsin?”, – deb jon kuydirib ulkan bunyodkorlik ishlarini amalga oshirib kelayotgan bir paytda Bog‘dod tumani hokimi va prokurorining qilayotgan ishlarini qarang. Ular xalqni rozi qilish o‘rniga ularni norozi qilishmoqda. Ularning harakatlariga yuqori turuvchi hokimiyat va nazorat organlari tegishlicha huquqiy baho berishar. Bizning fikrimizcha, ularning harakatlari buzg‘unchilikdan boshqa narsa emas. Axir, o‘sib turgan terak daraxtlarini yoppasiga majburan kestirib tashlashlik qishloqlarni obodonlashtirish emas, cho‘listonga aylantirish-ku!

Tuman hokimi prokuror bilan birga bundan 2–3 kun oldin qo‘shni bo‘lgan Sho‘roqer MFYni hududida ham shunday nomaqbul ishlarni sodir etishgan va yo‘l bo‘yidagi hamda 2-sonli maktab hududidagi o‘sayotgan teraklarni ham majburan kestirib yuborgan. Men prokuror bilan hokimga ularning bu ishlari o‘zboshimchalik va o‘z mansab vakolatlarini suiiste’mol qilish ekanligini va oxiri yaxshi bo‘lmasligini aytib ularni ogohlantirdim. Axir terak daraxtlari dekorativ daraxtlar sirasiga kirishi bilan birga, ular noyob qurilish ashyosi, xalq boyligi hisoblanadi. O‘zbekistonda terak daraxtlari azal azaldan e’zozlanib kelinadi. Ularni O‘zbekiston ramzi deb hisoblansa ham adashmagan bo‘lasiz. Yo‘l chetlariga ariqlar, soylar, daryolar qirg‘oqlariga ekilgan terak daraxtlari o‘sha atrof muhitga qanchalik chiroy bag‘ishlab turishlari kimga rohat va g‘urur baxsh etmaydi deysiz. Bog‘dod tumani hokimi va prokurori bunday go‘zal tuyg‘u hissiyotdan bebahra ekanlar afsus.

Bog‘dod tumani hokimi bilan prokurorining noqonuniy harakatlari faqat shugina emas, balki ular o‘zlaricha ishbilarmon, shovvoz, “tashabbuskor” ekanliklarini ham namoyon etishmoqda. Ular ikkovlon 2019-yil 5-mart kuni Maylavoy MFYga kelishib 33-sonli o‘rta maktab hovlisida yig‘ilish o‘tkazishdi. Soat 16:00 ga belgilangan yig‘ilish soat 17:00 da roppa-rosa 1 soat kechikib boshlandi. Yig‘ilishda bor yo‘g‘i 29 kishi qatnashdi, bu qishloq aholisining 2 foizini tashkil etadi, xolos. Bu holat o‘z-o‘zidan qishloq aholisining umumiy yig‘ilishi maqomiga ega emasligini isbot qilib turibdi.

Bu yig‘ilishni MFY oqsoqollar kengashining yig‘ilishi deb ham bo‘lmaydi, chunki (17 nafar) Kengash a’zosidan faqat 7 nafarigina qatnashdi, xolos. Yig‘ilish, bilsak, qishloqda qurilayotgan 33-sonli maktabning yangi binosi to‘g‘risida ekan. Hokim he yo‘q, be yo‘q yangi qurilayotgan maktabning loyiha-smeta hujjatlariga maktabni o‘rab turuvchi devor va obodonlashtirish, ko‘kalamzorlashtirish ishlari kiritilmaganligi, sport zali umuman loyihalashtirilmaganligi, shuning uchun yangi maktabning devorini qurish va obodonlashtirish-ko‘kalamzorlashtirish ishlarini qishloq aholisi hashar yo‘li bilan o‘zining mablag‘iga bajarishi lizimligini, bunga davlat mablag‘ ajratmaganligini aytdi va MFY raisi Saminjonov Solijonga yuzlanib unga bu ishlarni bajarilishi yuzasidan topshiriq berdi. Oqsoqol hech qanday e’tirozsiz topshiriqni qabul qildi. Keyin shu maktabning sobiq o‘qituvchisi hozirda pensioner Hoshimova Lobarxon opoy so‘z olib, maktabda qancha vaqt, maktabning eski binosida sharoitning yo‘qligi sababli qanchalar qiynalib dars berib kelganliklari, eski binoning ham ko‘p qismi qishloq aholisi va o‘qituvchilar jamoasi tomonidan hashar yo‘li bilan qurilganligini, ya’ni maktab uchun devorni hashar yo‘li bilan qurishga roziligini aytdi. Keyin qishloq imomi Ilhom qori Bobonazarov so‘z olib, “Yangi maktabda sport zali qurilishi loyihashtirilmagan bo‘lsa, sport zalni ham hashar yo‘li bilan qursak bo‘ladi, mana qishlog‘imizdagi qabristonga hashar yo‘li bilan xonaqoh, ayvonlar qurib, atrofiga devor urib, zovur kovlatib ko‘kalamzorlashtirib qo‘ydik”, – deb aytdi. Biroq u qabristonni obod qilish uchun qishloq aholisi 4–5 yildan beri qanday qilib o‘z mehnatlari va oilasi budjetidan pul ajratib berib fidokorlik ko‘rsatib kelishayotganliklari to‘g‘risida hamda bu obodonlashtirishga qancha mablag‘ sarflanganligi to‘g‘risida lom-lim demadi. Xolbuki, amaldagi qonun talablariga ko‘ra qishloq, shahar qabristonlari “Obodonlashtirish, ko‘kalamzorlashtirish” idorasi tasarrufida bo‘lib barcha ishlar hashar yo‘li bilan emas, mahalliy davlat budjetidan bajarilishi lozim edi.

Qishloq imomidan keyin qishloq oqsoqolining akasi, oqsoqollar kengashining a’zosi Saminjonov Yo‘lchiboy so‘z olib imomning maktabga sportzal qirilishini hashar yo‘li bilan bajarilishi haqidagi tashabbusiga qo‘shilishini, chunki qishloq bolalari ichidan sportning ayrim turlari bo‘yicha respublika chempionlari yetishib chiqayotganligini va ularga sportzal juda zarur ekanligini aytdi va yangi maktab devorini hashar yo‘li bilan qurishga rozi ekanligini bildirdi.

Keyin hokim o‘zining tashabbusini tasdiqlatib olmoqchi bo‘lib menga yuzlanib: “Yangi maktabning davorlarini umumhashar yo‘li bilan quramizmi otaxon, siz bunga nima deysiz?”, – deb murojaat etib qoldi. Shunda men maktab devorlarini umumhashar yo‘li bilan qurib bo‘lmasligini, qishlog‘imiz aholisi kambag‘al ekanligini, 60 foiz odam ishsizligini, ko‘pchilik hamqishloqlarimiz chet ellarga chiqib ketib ishlab, oilasini zo‘rg‘a tebratib kelishayotganini, xotin-qizlarimiz va ko‘pchilik o‘spirin yoshlar mardikor bo‘lib ishlab kun ko‘rishayotganliklarini, qishloqda birorta ham o‘ziga to‘q tadbirkor ishbilarmon yo‘qligi, boyroq o‘ziga tuzuk homiy ham topilmasligini, 5–6 ta novvoy, qassob, duradgor, yamoqchi, chilangar kabi yakka tartibdagi tadbirkorlar bo‘lsa-da, ular maktab devorini qurilishiga yoki boshqa ishlarini bajarishlik uchun mablag‘ ajratishga qurbilari yetmasligini, qishloqda bitta agrofermer xo‘jaligi bor bo‘lib, u xalqqa ish berib boqish o‘rniga o‘zi xalqqa boqimanda ekanligini ochiq aytdim va “agar biz maktab devorlarini va obodonlashtirish ishlarini hashar yo‘li bilan bajarishga va’da bersak, hokimiyat va prokuratura oldida uyalib qolishimiz mumkin”, — dedim.

Keyin men tuman hokimi va prokuroriga yuzlanib “Yangi maktab binosini qurilishini buyurtmachisi kim, quruvchisi qanday tashkilotki qanday sabablarga ko‘ra maktab devorlari, ko‘kalamzorlashtirish, obodonlashtirish kabi asosiy va o‘ta muhim qurilish ishlarini bajarish kiritilmagan chala loyihani tanlab, tasdiqlab chala loyiha asosida qurilish ishlari olib borilayotganligini” so‘radim. Yurtboshimizning qurilish va loyihalash ishlarini yanada takomillashtirishga oid farmonlarida har qanday qurilish ishlari obodonlashtirish-ko‘kalamzorlashtirish, kirish-chiqish yo‘l, yo‘laklari, elektr, gaz, suv ta’minoti, kanalizatsiya, tozalash inshootlari, isitish-sovutish tizimlari, bolalar o‘yingohlari va boshqa hayotiy-zaruriy qo‘shimcha va yordamchi qurilmalarini qurish ko‘zda tutilgan puxta loyiha-smeta hujjatlari asosida olib borilishi aniq-ravshan belgilab berilgan. Nimaga endi Maylavoy qishlog‘iga qurilayotgan yangi maktab binosi chala loyiha asosida qurilishi kerak? Men sizga yana shuni aytib qo‘yay bundan 10–12 yil burun eski maktab binolari kapital ta’mirlashga loyihalashtirilgan bo‘lib, aslida joriy remont qilindi. O‘shandayam tuman rahbarlari topshirig‘iga asosan maktab devorlarining yarmidan ko‘pini qishloq aholisi hashar yo‘li bilan qurgan edik. Bundan tashqari hozirgi qurilayotgan maktab binosini eski maktab binosining ikkita korpusini buzib o‘rniga qurish loyihalashtirilgan. Shunday bo‘lsa-da, eski maktab binolarini qurilish tashkiloti buzmadi, qishloq aholisi umumhashar yo‘li bilan buzdi. Vaholanki, buzishga qurishdan ko‘proq mehnat va mablag‘ sarf qilinadi, boz ustiga texnika xavfsizligi degan talablar ham bor. Maktab binosini umumhashar yo‘li bilan buzib bersak, devorlarini urib, obodlashtirish ishlarini bajarib bersak, qurilish tashkiloti nima ish qiladi o‘zi?! — deb aytdim.

Aytmoqchi emas edimu, kezi kelganda aytib qo‘yay, mana bu yerda hurmatli prokuror o‘tiribdi, men rasman gapiryapman. Yopilib ketgan qishloq bog‘chasi, yaqinda yangidan ochildi. Bog‘cha binosi o‘tgan asrning 60-yillari sobiq “Moskva” sovxozi tomonidan o‘sha davr andazasi asosida qishlog‘imizning ustalari tomonidan qurilgan bo‘lib 2–3 xona va ochiq ayvondan iborat. Bino eskirib ketgan, avariyaviy holatda desak ham yanglishmaymiz. Binoni ham apil-tapil, shoshma-shosharlik bilan hashar yo‘li bilan ta’mirladik, buni qarang, yangi ochilayotgan bog‘chaga kerakli inventorlar va boshqa ashg‘ol-dashg‘ol olish uchun har bir xo‘jalikdan 2 ming so‘mdan pul yig‘ib olishdi. Bundan tashqari, pensioner sobiq o‘qituvchi Hoshimova Lobarxon opoy 100 ta qoshiq, I-guruh mehnat nogironi Ismoilov Erkinjon bir nechta piyola, boshqa fuqarolar qozon-tovoq olib berishdi.

Davlatimiz tomonidan maktabgacha ta’lim muassasalari uchun alohida vazirlik tashkil qilinib, sohani tarkib toptirish, tashkil qilish, rivojlantirish uchun milliardlab mablag‘ ajratayotgan hozirgi bir paytda, nega Maylavoy bolalar bog‘chasini ham hashar yo‘li bilan bunyod qilish kerak!?

Men yana bir narsani ro‘y-rost aytib qo‘yay shu yerda. Bog‘chaga inventor olish uchun 2 ming so‘mdan pul yig‘ilgan paytda kuzatuv kamerasi uchun deb 3 ming so‘mdan pul yig‘ildi. Ko‘pchilik hayron, bu kuzatuv kamerasini qishloqning qayeriga o‘rnatishar ekan. Qishlog‘imiz kriminogen zona bo‘lmasa, jinoyatchilik va tartibuzarliklar sodir etilmayotgan bo‘lsa, nima maqsadda o‘rnatishar ekan. Boz ustiga qishloqda 5 ta mahalla bor, bitta kuzatuv kamerasi 5 mahallani qamrab ololmasa kerak. Balkim yangi chiqqan o‘zi uchib yuradigon robot kamera sotib olisharmikan, yana bilmadik! Agar uchib yuradigon kamera bo‘lsa 3–5 ming so‘mdan yig‘ilgan pulga sotib olib bo‘lmasov?! Aytmoqchi, kuzatuv kamerasi hoynahoy elektr energiyasida ishlasa kerak. Buning uchun uzluksiz elektr energiyasi zarur bo‘ladi. Maylavoy qishlog‘ida esa elektr energiyasi gohida bo‘lib, gohida bo‘lmaydi. “Svet”ning bo‘lish-bo‘lmasligi “Rayelektroset” tashkilotining shovvoz xodimlariga bog‘liq. Ular elektr energiyasini o‘zlari xohlagan paytlarida hech qanday ogohlantirishsiz noma’lum muddatgacha uzib qo‘yisha beradi. Ayniqsa dekabr, yanvar, fevral oylari bir sutkasida 8–9 soat “svet” bo‘ldi, qolgan vaqtlarda “svet” yo‘q. “Svet”ni ataylab ertalab va kechqurun 6 dan 8 gacha o‘chirishgani yomon, ertalab bolalar maktabga, bog‘chaga odamlar ishga ketishlari paytlari, kechqurun esa ishdan qaytib kechki ovqat tayyorlash uchun syurpriz. Gaz yo‘q, “svet” yo‘q vaqtda yashash farog‘atini ko‘ring.

Ilgarilari aholining “svet”dan qarzdorligi ko‘p, shuning uchun o‘chiryapmiz deyishardi. Hozirgi paytda Majburiy Ijro yoqilmagan “svet” uchun oldidan majburiy pul undirib olishayotgan bir paytda elektr energiyani nima sababdan o‘chirishadi bilib bo‘maydi. Bunday buzg‘unchilik qachon barham topadi Tangrining o‘zi biladi.

Terak daraxtlarini noqonuniy kesib yuborilganlik voqeasi yuzasidan qo‘shimcha axborot. Men bu holatga tuman ekologlari qanday munosabat bildirishliklarini bilish uchun ularning huzuriga bordim. Bu tashkilotning nomi ham o‘zlariga monand ravishda juda nufuzli bo‘lib Farg‘ona viloyati Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasining Bog‘dod tumaniga biriktirilgan davlat inspeksiyasi deb atalar ekan. Meni ushbu inspeksiyani inspektori Mahkamov Xondamir qabul qildi. Men u zotga tuman hokimi va prokurorining o‘zboshimchalik bilan aholining xususiy mulki bo‘lgan o‘sib turgan navqiron va yosh nihol teraklarni majburiy kestirib tashlab ekologiyaga zarar yetkazishayotganlarini aytib berdim va ularni ya’ni inspeksiyani bunga munosabati qandayligini hamda terak daraxtlarini majburiy kestirish uchun yuqoridan ko‘rsatma yoki topshiriq bor-yo‘qligini so‘radim.

Inspektor menga haqiqatan ham tuman hokimi prokuror bilan birga joylarga chiqishib tumanni obodonlashtirish maqsadida yo‘l chekkasidagi teraklarni kestirib tashlayotganligidan xabardor ekanliklarini, lekin teraklarni yoppasiga kestirishga yuqoridan topshiriq yoki ko‘rsatma yo‘qligini, bu haqda qaror yoki farmon ham chiqmaganligini, tuman rahbarlari kestirib tashlangan teraklar o‘rniga archa yoki boshqa mevali daraxtlar ektirishni rejalashtirganini aytdi va tuman rahbarlarining harakatlari qonunga xilof emasligini, chunki terak va mevali daraxtlarni kesish uchun ekologiyadan ruxsat talab qilinmasligini bayon qildi. Men inspektordan agar imkoni bo‘lsa, o‘sha qonundan ko‘chirma ko‘chirib berishini iltimos qildim. Inspektor oldin yo‘q deb tixirlik qilmoqchi bo‘ldi, keyin men avzoyimni ko‘rib mardlik qilib qonundan ko‘chirma ko‘chirib berdi. Mana o‘sha qonunda ko‘chirma: “2016-yil 21-sentabr yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi “O‘simlik dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to‘g‘risida”gi qonunning 45-moddasi 5-bandiga asosan “Yog‘och olish va mevalar yetishtirish uchun maxsus ekilgan, yuridik va jismoniy shaxslarning mulki bo‘lgan daraxtlar va butalarni (terak va boshqa tez o‘sadigan turlari, tutzorlar, mevali daraxtlar va butalar) kesish uchun ruxsatnoma talab etilmaydi”. Bu qonunni mulohaza qilib sharhlasangiz qonun faqat daraxtlarni ekib parvarishlagan egasi mulkdan foydalanishi, mulkini tasarruf etishiga doir huquqlarni amalga oshirishini ta’minlashni ko‘zda tutganligini, ya’ni daraxtning egasi o‘z daraxtini xohlagan paytida kesib undan foydalanishi mumkinligini, buning uchun hech kimdan ruxsat olish shart emasligini ta’min etgan. Tuman hokimi va prokurori esa o‘zgalarning mulki bo‘lgan daraxtlarni o‘zboshimchalik bilan majburiy, yoppasiga g‘ayriqonuniy ravishda kestirib tashlab mulkdorga va tabiatga, ekologiyaga va atrof muhitga ko‘p miqdorda zarar yetkazmoqda. Ularning ya’ni tuman hokimi va prokurorining g‘ayriqonuniy harakatlarida O‘zbekiston MJTKning 200-moddasidagi — o‘Zboshimchalik; 79-moddasidagi — Daraxtlarni, butalarni, boshqa o‘rmon o‘simliklari va nihollarni g‘ayriqonuniy ravishda kesish, shikastlantirish yoki yo‘q qilish; JKning 198-moddasi 2-qismidagi – O‘rmon yoki boshqa dov-daraxtlarni qonunga xilof ravishda kesish ko‘p miqdorda zarar yetkazilishiga sabab bo‘lsa, — degan javobgarliklarni tarkibi mavjud ekanligini, ularning ushbu qonunbuzarlik harakatlarini isbotlab tegishli chora ko‘rish yuqoridagi nufuzli tashkilotga yuklatilganligini nahotki inspektor Mahkamov Xondamir bilmasa?! Yana bilmadik, tuman prokurori ta’kidlaganidek biz oddiy fuqaro bo‘lsak.

Oddiy fuqaro haq-huquqlari faqat Konstitutsiyadagina emas hayotda, amalda ham ta’min etilishi lozim. Shuning uchun biz haqiqiy demokratik, huquqiy qonun ustuvor bo‘lgan adolatli, fuqaroviy davlat qurmoqdamiz.

Biz Bog‘dod tumani hokimi vazifasini bajaruvchi Tursunov Alibek va tuman prokurori Nazarov Mirzabedillarning g‘ayriqonuniy harakatlariga xolisona huquqiy baho berilishini va sodir etilgan qonunbuzarliklar oqibatida yuzaga kelgan salbiy holatlarni bartaraf etilishiga umid qilamiz.

Bog‘dod tumani, Maylavoy MFY Oqsoqollar kengash a’zosi Hoshimov Qahhorjon

Ushbu axborotni men 2019-yil 23-mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining pm.gov.uz veb-sayti orqali rasmiy shikoyat arizasi tariqasida yuborgan edim. U yerda meni shikoyat arizamni 24625-s/19 raqami bilan qabul qilib olishganligini ma’lum qilishdi. Oradan 7 kun o‘tgach, ya’ni 2019-yil 30-mart kuni menga Elyor ismli shaxs telefon qilib o‘zini Farg‘ona viloyati Prokuraturasining bo‘lim prokurori ekanligini, meni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti veb-saytiga yozgan shikoyatimni tekshirish uchun viloyat prokuraturasiga yuborilganligini, shuning uchun ariza yuzasidan viloyat prokuraturasiga kelib tushuntirish berishim lozimligi aytdi. Shunga ko‘ra men 2019-yil 2-aprel kuni viloyat prokuraturasiga borib Elyor Isomiddinov bilan uchrashdim va uning talabiga asosan shikoyat arizasi bo‘yicha tushuntirish xati yozib berdim va men unga meni tushuntirish xatim bilan masala hal bo‘lmasligini, shikoyatimni voqea joyiga chiqib ishchi guruh ishtirokida Mahalla fuqarolari yig‘ini kengashi a’zolarining hamda teraklari noqonuniy kesib tashlangan fuqarolarning ishtirokida tekshirib hal qilishligini va tekshirish natijasi bo‘yicha aybdor shaxslarga qonuniy chora ko‘rishligini, aks holda men internet tarmoqlari orqali chiqish qilishimni aytdim. Elyor Isomiddinov menga albatta men aytganimdek tekshirib hal qilishligini bayon qildi. Biroq oradan 4 kun o‘tgach, ya’ni 6-aprel kuni kech soat 18:40 da uyimizga 2 nafar yosh yigit kelishib Bog‘dod tumani hokimiyatidan kelishganliklarini, meni Prezident qabulxonasiga yozgan shikoyatim bo‘yicha men bilan suhbatlashish uchun kelishganliklarini aytishdi. Men ularga ism va familiyalarini va qayerda qanday lavozimda ishlashlarini so‘radim. Shunda ulardan biri o‘zini Umirzoqov Xusanjon Botirjon o‘g‘li ekanligini, Bog‘dod tuman hokimiyatida qurilish bo‘limi mutaxassisi ekanligini aytdi. Men qanaqa mutaxassis ekanligini so‘radim. Shunda u sherigiga: “Yuring ketdik, bu masalani biz hal qila olmas ekanmiz!” – deb sherigini boshlab chiqib ketdi. Sherigi menga “Tumanimiz bo‘yicha teraklar hokimning og‘zaki buyrug‘i bilan kesilyapti, shikoyatingiz noto‘g‘ri”, — deb aytib ketdi.

Shundan keyin hech qanday tekshirish-pekshirish o‘tkazilmadi. Oradan 4 kun o‘tgandan keyin, ya’ni 2019-yil 10-aprel kuni 2019-yil 8-aprel kungi №6-raqam bilan ro‘yxatdan o‘tkazilgan Bog‘dod tumani hokimi A.Tursunov imzosi bilan meni murojaatimni ko‘rib chiqish uchun muddat 5 kunga uzaytirilganligi haqida bildirgi keldi.

Keyin esa yana tuman hokimi A.Tursunovning imzosi bilan 2019-yil 15-aprel kuni 10-son bilan ro‘yxatga olingan arizamni hal qilish uchun Prezidentning qabulxonasidan qo‘shimcha muddat so‘ralganligi ma’lum qilingan yana bitta bildirgi 2019-yil 17-aprel kuni keldi. Shu bilan yana jim-jit. Hech qanday tekshirish o‘tkazilgani yo‘q.

Bu yerda muhim masala ko‘tarilgan bo‘lib mening murojaatnomamda tuman hokimi A.Tursunov va tuman prokurori M.Nazarovlarning amaldagi qonun talablariga zid bo‘lgan harakatalari ustidan tekshirish o‘tkazilib ularga qonuniy jazo choralari qo‘llanilishi talab qilingan bir paytda shikoyat arizam Farg‘ona viloyati prokuraturasi tomonidan tekshirilishi lozim bo‘lgan bir paytda arizani tekshirib hal qilish uchun tekshirilishi lozim bo‘lgan shaxsning o‘ziga yuborilgan. Amaldagi O‘zbekiston Respublikasining “Jismoniy va Yuridik shaxslarining murojaatlarini hal qilish tartibi to‘g‘risida”gi qonun talabiga asosan esa arizani hal qilish uchun ustidan shikoyat qilingan tashkilotga (rahbar) yuborilishlik qat’iyan man qilingan. Nahotki qonunlarni bajarilishi ustidan nazorat olib boruvchi viloyat prokuraturasining mas’ul xodimlari bu talabni bilishmasa!?

Yo‘q, ular qonunning bu talabini bilishadi, lekin qasddan buzib tuman hokimiga jo‘natgan. Boz ustiga shikoyat faqat tuman hokimi ustidangina emas, balki tuman prokurori ustidan ham yozilgan bir paytda tuman hokimi o‘z aybi va prokurorning aybini qanday qilib, qaysi asoslarda tekshirib hal qilishi mumkin!?

Farg‘ona viloyati prokuraturasi xodimlari o‘z bilganicha yangi qonun ixtiro qilib olishganmi, yana bilmadim.

Axborot beruvchi: Hoshimov Qahhorjon Qodirovich 1942-yil 1-mayda tug‘ilgan, ma’lumoti oliy huquqshunos, Farg‘ona viloyati Bog‘dod tumani Maylavoy MFY Yoshlik 30 da yashaydi, pensioner, muqaddam sudlanmagan.



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (30-04-2019, 12:14)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Кто вы по знаку зодиака?

КТО НА САЙТЕ?
( 81) ( 0) ( 79) ( 2)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют