» » Kambag‘allarning umri nega qisqarmoqda? Jahon siyosatining rok-yulduzlari kimlar? Jahon matbuoti sharhi

Kambag‘allarning umri nega qisqarmoqda? Jahon siyosatining rok-yulduzlari kimlar? Jahon matbuoti sharhi


“Daryo” o‘tayotgan haftada dunyo matbuotida keng yoritilgan, ko‘pchilikning qiziqishiga sabab bo‘lgan maqolalar sharhiga to‘xtalib o‘tadi.

Kambag‘allik — bechoralikkina emas

O‘rtacha olganda qashshoqlar ko‘proq pul topadiganlarga qaraganda ko‘proq kasalga chalinadi va ertaroq olamdan o‘tadi, deb yozadi Finlyandiyaning Suomen Kuvalehti nashri. Bunday xulosalar Finlyandiyadagi ijtimoiy taraqqiyot va sog‘liqni saqlash muassasasi olib borgan bir qancha tadqiqotlar natijasida yuzaga keldi. Boylar va qashshoqlar yashash davri o‘rtasidagi farqlar erkaklar o‘rtasida 10,6 yilni, ayollar o‘rtasida 5,6 yilni tashkil qildi. Bu esa qashshoq erkaklar boy erkaklarga nisbatan shuncha yil kam yashashini anglatadi.

Tadqiqotlarga ko‘ra, Finlyandiya va Buyuk Britaniyadagi qashshoqlar boylarga nisbatan nosog‘lom ovqatlanadi, sport bilan kamroq shug‘ullanadi, spirtli ichimliklarni ko‘proq iste’mol qiladi va kashandalikka moyil. Bu hayot tarzidagi tafovutdir.

Moliyaviy qiyinchiliklar tug‘ilishi xavfi omilllari to‘planib, ota-onadan bolaga o‘tishi mumkin ekan. Fin tadqiqotchilarining aniqlashicha, ota-onalarning chalasavodligi va ishsizligi bolalarga ham o‘tar ekan. Buni tadqiqotchilar “qashshoqlik madaniyati” deb ham atadi.

AQSh, Buyuk Britaniya va Kanada olimlari Science nashrida tadqiqot natijalarini e’lon qildi va unda moliyaviy qiyinchilik miya faoliyatiga ham salbiy ta’sir qilishini jamoatchilikka bildirdi. Moliyaviy qiyinchiliklar miyani shunday qamrab oladiki, natijada boshqa ma’lumotlarni qabul qilish va fikrlash zarar ko‘radi, deb xulosalaydi olimlar.

Tirikchilik tashvishi va ahvolning yomonligi insonni ichidan yemirib boradi. Adrenalin va kortizol kabi stress gormonlari ko‘proq ishlab chiqariladi. Himoyasizlik hissi saqlanib turaversa, organizm doimo o‘zini xavfda deb biladi. Tunda ham organizm tiyrak bo‘ladi hamda bu apatiya va depressiyani keltirib chiqaradi. Doimiy stress miyadagi neyron aloqalarini qisqartiradi va bu mantiqiy fikrlashning sifatiga yomon ta’sir qiladi.

Doimiy stress immun tizimni holsizlantiradi va kasallikka chalinish ehtimolini oshiradi. Qon bosimi yuqorilaydi, yurak-qon tomir kasalliklari xavfi ortib boradi. Stress gormonlari metabolizmni ishdan chiqarib, semizlik va qand kasalligiga chalinishni keltirib chiqaradi.

Stressning uzoq davom etishi qarish jarayonini tezlashtiradi. Bu holat esa organizmga “tezroq yasha va yosh bo’lib olamdan o’t” instinktiv holatini paydo qiladi. Yosh ayollar tezroq farzand ko’rish payida bo’ladi, bu esa homila genlariga ta’sir qilib, aqli zaif bolalarning tug’ilishiga olib keladi.

Birgina umid bor, u ham bo’lsa millat genofondi bo’lgan aholi haqida qayg’urish uchun hukumat rahbarlarida siyosiy iroda, tengsizlikka qarshi kurash, aholi farovonligi haqida qayg’urish.

Xitoy Rossiyani Markaziy Osiyodan siqib chiqaradimi?

Sho‘ro davlati parchalanganidan so‘ng Markaziy Osiyo respublikalari iqtisodiyoti sekinlik bilan o‘smoqda. Markaziy Osiyoning besh mamlakati — O‘zbekiston, Qozog‘iston, Tojikiston, Qirg‘iziston va Turkmaniston Tyanshan tog‘laridan Kaspiy dengiziga qadar bo‘lgan hududgacha cho‘zilib ketgan. Bu mintaqada barcha narsa — ulug‘vor tog‘lar, hosildor vodiylar, foydali qazilmalar, neft va gazning ulkan zaxiralari mavjud. Bular Xitoyning xalqaro savdo yo‘llarini o‘zgartirish rejalarida muhim vazifa bajaradi.

Ko‘pgina G‘arb siyosatchilari Rossiya an’anaviy ravishda hukmronlikni egallab kelgan Markaziy Osiyoda Xitoy asosiy o‘rinni egallaydi degan fikr bor. Hozir Rossiya iqtisodiyoti turg‘unlik davrida qolar ekan, Xitoy vaziyatni qo‘ldan boy bermay, arzon iste’mol mollari, ulkan bozori va ko‘p milliardli o‘ziga jalb qiladigan avtomobil va temir yo‘llari bilan Markaziy Osiyo mamlakatlarining Moskvaga qadalgan nigohlarini Pekinga qaratish payida.

Ammo Bishkekda vaziyat boshqacha. To‘g‘ri, Xitoy Qirg‘iziston iqtisodiyotida muhim o‘rin tutadi, lekin Moskva ta’siri birinchi o‘rinda. Ko‘pchilik qirg‘izlar vaziyat shunday bo‘lib qolishini istaydi.

Buning sabablaridan biri shuki, Pekin sarmoya beradi, Rossiya — ish. Rossiyadan kelayotgan pul jo‘natmalari Qirg‘iziston yalpi ichki mahsulotining uchdan birini tashkil qiladi va ko‘p oilalar uchun tirikchilik imkoniyatini tashkil qiladi. Bu esa Rossiya Bishkekka boy bo‘lmagan budjetidan hech qanday mablag‘ ajratmay ta’sir qila olishi belgisidir. Agarda Rossiya qirg‘iz ishchilarini ishlash imkoniyatidan mahrum qilgudek bo‘lsa, bu Qirg‘iziston uchun ulkan zarba bo‘ladi va siyosiy keskinlikni keltirib chiqaradi.

Rasmiy Kremlning qirg‘iz armiyasi va maxfiy xizmatlari bilan mustahkam aloqalari mavjud. Qirg‘iz matbuotining aksari rusparast bo‘lib, Kremlning propagandasini yoyadi.

Rossiya Qirg‘iziston bilan aloqalarini mustahkamlamoqda. Mart oxirida Putin Bishkekka kelib, 6 milliard dollarlik kelishuv imzolangani va rus harbiy bazasi kengaytirilishi haqida bayonot berdi. Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Rossiya Qirg‘izistonda ikkinchi harbiy bazani ochishidan manfaatdor ekanligiga sha’ma ham qildi.

Qirg‘izistonda Xitoy sarmoyasi bir xil qabul qilinmayapti. Mamlakatning Xitoydan qarzi tez o‘sib borayotgan bir vaziyatda sobiq prezident Almazbek Atambayevga yaqin siyosiy doiralar atrofidagi korrupsiyaga oid mojaro keng muhokamalarga sabab ham bo‘ldi. Qirg‘iz aholisining Xitoy kompaniyalariga qarshi chiqishlari holatlari kuzatilmoqda.

Xitoyning “Bir makon, bir yo‘l” rejasi ham qirg‘izlarda shubha uyg‘otmoqda. Xitoy Qirg‘iziston hududidan o‘tadigan temir yo‘l sharqdan g‘arbga qarab o‘tishini istaydi, rasmiy Bishkek esa bu temir yo‘l mamlakatning qashshoq mintaqasi — janubdan shimolga qarab o‘tishini xohlaydi.

Qolaversa, musulmon uyg‘urlarning Xitoydagi sharoiti ham Qirg‘iziston ahlining noroziligiga sabab.

Ko‘pchilik o‘ylaganidek, Xitoyning Markaziy Osiyodagi istiqboli xursand qiladigan darajada emas, ammo Rossiyaning ta’siri sezilarli. Ammo bu mintaqa uchun xavf ham tug‘diradi.

Siyosatning rok-yulduzlari davri

Donald Tramp, Emmanuel Makron, Jastin Tryudo, Jair Bolsonaro, Matteo Salvini va Pedro Sancheslarni qanday umumiylik birlashtiradi? “Ularning barchasi — siyosat meteoritlaridir”, — deb yozadi Vensan Martini o‘zining “Hukmdorning qaytishi” asarida. “Ularning hokimiyatga kelishi bir xil. Ular populistmi yoki yo‘q, farqi yo‘q, ular siyosatning rok yulduzlaridir”, — deb iqtibos keltiradi Vensan Martinining kitobidan Le Monde nashri.

Mazkur davlat rahbarlari hokimiyat tepasiga dastur va g‘oyalar bilan emas, vatandoshlarining hissiyotlariga ta’sir qilish, o‘z hayot yo‘llari va tajribalariga tayangan holda erishdi.

Bu yangi hukmdorlar “jamoatchilik bilan yuzma yuz” turib hokimiyatni boshqarishmoqda. Chunki odamlar siyosatda yangi shaxslarni ko‘rishni istab qolgan.

Yangi hukmdorlar harakat qilish zaruratidan xalos bo‘lib, faqat harakatni tasvirlab beryapti. Ular o‘zlarining  qonuniyligini isbotlash maqsadida o‘tmishni ham bo‘yab ko‘rsatishga urinmoqda. Hattoki Emmanuel Makron Fransua Mitteranga taqlid qilib, prezident etib saylangach, Luvr maydonida chiqish qildi. Bu — yaqqol taqlid.

O‘tmish siyosatdonlaridan o‘z hokimiyatini mustahkamlashda foydalanishda Makron yolg‘iz emas. Siyosiy dastur yo‘qligini yashirishda Donald Tramp ko‘tarib chiqqan “Amerikaga buyukligini qaytaramiz” shiori ham yaqqol misol. Bu shior aslida o‘tgan asrning 80-yillarida Ronald Reygan tomonidan ishlatilgan edi. Viktor Orban vengrlarning o‘tmishi haqida, Jair Bolsanaru esa ispan diktaturasiga ko‘proq murojaat qiladi.

Rahbarda aniq, rejali siyosiy dastur bo‘lmagach, hissiyotlarni junbushga keltiradigan shoirlardan foydalanish ko‘zni shamg‘alat qilish uchun yaxshi vosita.

Ijtimoiy tarmoqlarning borligi rahbar va oddiy odamlar o‘rtasida bog‘liqlik bor degan puch xomhayolni yuzaga chiqaradi. Bu esa g‘oyalar qanchalik zarar keltirishida davom etishini isbotlaydi.

Aynan shu puch g‘oyalar Fransiyada “sariq nimchalar”, Ispaniyada “g‘azabnoklar”, Italiyada “besh yulduz” harakati namoyishlariga sabab bo‘lib turibdi. G‘oyalardan amallarga o‘tish vaqti esa noma’lum, deb, Vensan Martini kitobida iqtibos keltirib fikrini tugatadi Le Monde nashri.

Jahongir Ergashev tayyorladi.



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (4-05-2019, 09:59)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Что нужно улучшить на нашем сайте?

КТО НА САЙТЕ?
( 93) ( 0) ( 91) ( 2)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют