» » Haftalik dayjest: Lavrovning tashrifi va taklifi, “Milliy tiklanish” va “Yuksalish” e’tirozi, Surxondaryoga tayinlangan hokim va Ramazonga tayyorgarlik

Haftalik dayjest: Lavrovning tashrifi va taklifi, “Milliy tiklanish” va “Yuksalish” e’tirozi, Surxondaryoga tayinlangan hokim va Ramazonga tayyorgarlik


“Daryo”da haftaning eng muhim xabarlari sharhini boshlaymiz.

Shavkat Mirziyoyev 30-aprel kuni Surxondaryo viloyatiga bordi. Yurtimizning eng janubiy viloyatida prezident To‘polang gidroelektr stansiyasini va Sharg‘un ko‘mir konidagi ishlarni ko‘zdan kechirdi, shuningdek, boysunlik oqsoqollar bilan uchrashdi.

Shavkat Mirziyoyev 1-may kuni Xalq deputatlari Surxondaryo viloyati kengashining navbatdan tashqari sessiyasida ishtirok etib, viloyat hokimining iqtisodiyot va tadbirkorlik masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari vazifasida ishlab kelayotgan To‘ra Bobolov nomzodini viloyat hokimi lavozimiga tavsiya qildi. To‘ra Bobolov viloyat hokimi etib tasdiqlandi. Aprel oyining boshida Surxondaryo hokimi Bahodir Po‘latov ishdan olingan edi.

* * *

Yurtimiz musulmonlariga Ramazon oyi 6-may kunidan boshlanishi ma’lum qilindi. Ta’kidlash lozimki, Rossiya va Yaqin Sharq davlatlarida ham Ramazon 6-maydan boshlanadi. O‘zbekiston musulmonlari idorasi ro‘za tutish bilan bog‘liq savollarga javob beruvchi chaqiruv markazi tashkil etdi (telefon raqamlari: 90 9026910 va 90 9170580). Ramazon oyida masjidlar yonida tirbandlik yuzaga kelmasligi uchun IIBB Toshkentda haydovchilarni masjidlarga jamoat transportida kelishga chaqirdi.

* * *

Yurtimiz onalari birvarakayiga uchtalik egizaklarni dunyoga keltirishda davom etmoqda. Garchi Cobalt taqdim etish an’anasi boshqa yengilroq mashina va kitob sovg‘a qilish bilan almashgan bo‘lsa-da, prezident oilasining ism-shariflarini qo‘yish urfi saqlanib qolmoqda. 1-may kuni Farg‘onada tug‘ilgan chaqaloqlar — ikki qiz va bir o‘g‘il bolaga Shavkatjon, Ziroatxon va Saidaxon ismlari qo‘yildi. Ziroatxon va Saidaxon Shavkat Mirziyoyevning rafiqasi va katta qizining ismidir.

* * *

2-may kuni mamlakatimizga Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov keldi. Shavkat Mirziyoyev Sergey Lavrovni qabul qildi. Shuningdek, Abdulaziz Komilov Rossiya tashqi ishlar vaziri bilan uchrashdi. Uchrashuvda Rossiyaning MIFI, VGIK, Moskva energetika instituti va Rossiya kimyo texnologiyalari universiteti filiallarini O‘zbekistonda ochish masalalari muhokama qilindi. Sergey Lavrov “engil narkotiklar” sabab xalqaro konvensiyani tubdan qayta ko‘rib chiqish kerakligini aytdi hamda Markaziy Osiyo davlatlari va ularning hamkorlari o‘rtasida tezkor axborot almashinuvini kuchaytirish lozimligini bildirdi.

* * *

3-may kuni jurnalistika bo‘yicha “Oltin qalam” milliy mukofotini topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda Xalqaro press-klub rahbari Sherzodxon Qudratxo‘jayev va boshqa qator jurnalistlar taqdirlandi. Shuningdek, qoraqalpog‘istonlik marhum jurnalist Furqat Yusupovga ham “Oltin qalam” mukofoti berilishi ma’lum qilindi.

* * *

Oliy Majlis Senatining 19-yalpi majlisida bosh prokuror Otabek Murodovning prokuratura organlarining faoliyati to‘g‘risidagi hisobot berdi. Murodovning keltirishicha, O‘zbekistonda o‘tgan yili 2 mingga yaqin mansabdor korrupsiya tufayli javobgarlikka tortilgan. Otabek Murodov o‘z nutqida “Biz olishni emas, berishni to‘xtatishimiz kerak. Berishni yo‘qotsa, olishni tugatgan bo‘lamiz”, deya fuqarolarni “bermaslikka” chaqirdi.

* * *

Gulnora Karimovaning sobiq eri Rustam Madumarovga tegishli 7 milliard so‘mdan ortiq mulk auksionga qo‘yildi. Kimoshdi savdosi 8-may kuni o‘tkaziladi. Sobiq qo‘shiqchi Rustam Madumarovga qarashli hisoblanadigan EDEL VEYS-ALI ma’suliyati cheklangan jamiyatiga FM 101,5 to‘lqinida joylashgan Radio Grand radiosi ham tegishliligi aytiladi. Ammo kecha Radio Grand ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida Rustam Madumarov bilan aloqalarini inkor qilib post qo‘ydi.

* * *

O‘tgan haftada asosan san’at ahlidan iborat bir guruh “o‘zbek ziyolilari” O‘zbekistonda rus tiliga rasmiy maqom berilishi taklifi bilan chiqdi. Biroq taklif ko‘plab yozuvchilar va adabiyotshunos ziyolilar tomonidan kuchli e’tiroz bilan qarshi olindi. Rus tiliga rasmiy maqom berilishiga taniqli adiblar Murod Muhammad Do‘st, Xurshid Davron, Evril Turon, Nurulloh Muhammad Raufxon, adabiyotshunos Zuhriddin Isomiddinov, Milliy tiklanish demokratik partiyasi va “Yuksalish” umummilliy harakati o‘ziga xos tarzda e’tirozini bildirdi.

“Daryo” yangiliklarini kuzatib boring. O‘zbekiston va dunyo xabarlaridan eng birinchi xabardor bo‘ling.



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (5-05-2019, 11:44)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Кто вы по знаку зодиака?

КТО НА САЙТЕ?
( 100) ( 0) ( 99) ( 1)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют