» » Namanganda bir sotix yer uchun ikki jiyanini o‘ldirgan amakiga nisbatan sud hukmi o‘qildi

Namanganda bir sotix yer uchun ikki jiyanini o‘ldirgan amakiga nisbatan sud hukmi o‘qildi


Jinoyat ishlari bo‘yicha Namangan viloyat sudida o‘z jiyanlarining qotiliga aylangan fuqaroga nisbatan hukm o‘qildi. O‘zAda ushbu jinoyat ishi haqida maqola chop etildi. Quyida maqola to‘liqligicha e’tiboringizga havola etiladi.

Qabristonda shuncha maydonda o‘ttiz-qirqta go‘r har biri o‘z egasining omonat dunyodagi taqdiridan shahodat berganday biri hashamdor, biri oddiy va yana biri qarovsiz tizilgan. Ehtimol, qarovsizlikdan cho‘kib, tekislanib borayotgan anovi qabr egasi bir vaqtlar hayhotdek hovli o‘rtasiga qurilgan uch qavatli “villa”da yashagandir... Lekin baribir bugun bir gaz yer ham ko‘plik qilib, tuproqqa qorishib yotibdi. Agar barcha insonlar hayot tenglamasining mana shu yechimidan kerakli xulosani chiqarib yashaganida, yer yuzida qabih jinoyatlar deyarli barham topgan bo‘lur edi. Afsuski...

Ochil Ermatov (maqoladagi sudlanuvchi va jabrlanuvchilar hamda ikki tomonga tegishli barcha shaxslarning ism va familiyalari o‘zgartirilgan) ehtimol bu haqiqatni endi anglab yetgandir. Ammo, juda kech-da! U hozir boshini qamoqxona devoriga urib yorgan taqdirda ham, tavba-tazarrusi-yu pushaymonligi yettinchi osmon qadar bo‘lganda ham, nafs qutqusi bilan jaholat, qabohat, razolat, qo‘ying-chi, g‘ayriinsoniy illatlarning bari mujassam jinoyatining oqibatini o‘nglab bo‘lmaydi. Sababi u ikki inson, ikki navqiron yoshdagi qizning umr kitobiga vahshiylarcha nuqta qo‘ydi.

Bu qotillikka yuqorida bejiz tilga olinmagan bir sotix yer sabab bo‘lgani va eng achinarlisi, Ochil qo‘lini o‘z jigarbandlari qoni bilan bo‘yagani edi.

O‘ttiz to‘rt yoshga to‘lgan, oilali, bir farzandning otasi Ochil ayni paytda egalik huquqi onasida bo‘lgan ota hovlida akasi Avaz va yangasi Ravza Ermatovlar oilasi (ularning qizlari Sharifa va Obidalar) bilan birgalikda yashab kelishardi. Qariyb yigirma yil muqaddam boshlangan hovli nizosi bu ikki oilaning halovatiga raxna solgan edi.

Nihoyat ish shu darajaga yetdiki, Ochil yangasi Ravza o‘rtasidagi o‘zaro beadog‘ janjallar sababini tuman hokimligi va mahalla fuqarolar yig‘ini faollaridan iborat komissiya o‘rganib, muhokama qilishga to‘g‘ri keldi. Buning natijasida 2017-yilning sentabr oyida hovlidan ikki sotix yerni Ravza Ermatovaga ajratib berilishiga erishildi. Mahalla ahli shu bilan tug‘ishganlar o‘rtasidagi notinchlik olovi alangalamasdan o‘chdi deb o‘ylab, xursand bo‘lgan edi.

Biroq 2018-yil fevral oyiga kelib Ravza Ermatova uchun o‘ziga ajratib berilgan yer maydoni kamlik qilib qoldi shekilli u Ochildan yana bir sotix yer maydoni berishni talab qila boshladi. Turgan gapki, Ochilning ham bu talabdan fe’li aynidi, niyati buzildi. U hovli-joyga mutlaq ega bo‘lish harakatiga tushdi. Shunday shaytoniy rejalar girdobida yurgan kunlarning birida, ya’ni 2018-yilning 31-iyul kuni soat 06:30 lar chamasida Ochil uyi oldida turgan Ravza Ermatova va uning qizi Sharifa bilan janjallashib, qo‘lidagi belkurak bilan onasining ko‘z o‘ngida Sharifaning boshiga shafqatsizlarcha uradi. So‘ng qotillikning oldini olish maqsadida qarshilik ko‘rsata boshlagan Ravzaning va shu xunrezlik ustiga yetib kelgan Obidaning ham boshiga belkurak bilan bir necha marta urib, ona va opa-singillarni behush ahvolga soladi.

Tuman tibbiyot birlashmasining jonlantirish bo‘limida yotgan Obida 2018-yil 31-iyulda, Sharifa esa 3-avgustda vafot etadi. Sho‘rpeshona ona Ravza Ermatova umrida bor ekan, yashab qoldi.

Namangan viloyatining Chortoq tumanida sodir etilgan mazkur mudhish jinoyat, jinoyat ishlari bo‘yicha Namangan viloyat sudining sudyasi A. G‘apporovning raisligida ko‘rib chiqildi va 2019-yil 16-yanvar kuni sudlanuvchi Ochil Ermatovni O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 97-moddasi 2-qismi “a”, “v”, “g”, “j”, “i” bandlari, 25,97-moddasi 2-qismi “a”, “v”, “g”, “j”, “i” bandlari, 219-moddasi 2-qismida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor deb topildi.

“Jinoyat Kodeksining 59-moddasi tartibida tayinlangan jazolarni qisman qo‘shish yo‘li bilan uzil-kesil 23 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlab, tayinlangan ozodlikdan mahrum qilish jazosining dastlabki 3 yilini turmaga qamash tariqasida o‘tattirish to‘g‘risida hukm chiqardi. Bunday holatlarga qonun albatta, o‘zining huquqiy bahosini beradi, lekin o‘rnini hech narsa bilan to‘ldirib bo‘lmaydigan yo‘qotishlarga sabab bo‘ladigan, zamirida arzimagan o‘tkinchi muammolar, hayot murakkabliklari yotgan jinoyatlarga jamiyatimizning har bir a’zosi vijdon va insoniylik ‘sudyasi’ sifatida baho bermas ekan, bu kabi noxush hodisalar takrorlanmasligiga hech kim kafolat berolmaydi”, – deydi JIB Namangan viloyat sudi sud amaliyotini tahlil qilish bo‘limi boshlig‘i A. Aripov.



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (21-05-2019, 10:29)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Что нужно улучшить на нашем сайте?

КТО НА САЙТЕ?
( 102) ( 0) ( 100) ( 2)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют