» » Deputatlar davlat budjetining 2018-yildagi ijrosini ko‘rib chiqdi

Deputatlar davlat budjetining 2018-yildagi ijrosini ko‘rib chiqdi


28-may kuni Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda deputatlar Vazirlar Mahkamasi tomonidan taqdim etilgan O‘zbekiston Davlat budjetining va davlat maqsadli jamg‘armalari budjetlarining 2018-yildagi ijrosi to‘g‘risidagi hisobotni ko‘rib chiqdi, deb xabar beradi O‘zA.

Taqdim etilgan hisobot palataning Budjet va iqtisodiy islohotlar qo‘mitasida, siyosiy partiyalar fraksiyalarining va Ekoharakat deputatlar guruhi, parlament qo‘mitalarining majlislarida dastlabki tarzda ko‘rib chiqilgan edi.

Vazirlar Mahkamasi tomonidan taqdim etilgan O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetining va davlat maqsadli jamg‘armalari budjetlarining 2018-yildagi ijrosi yuzasidan hisobotni O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari, moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov taqdim etdi.

2018-yil yakuniga ko‘ra, mamlakatning yalpi ichki mahsuloti (YaIM) 407,5 trillion so‘mni tashkil etgan holda 2017-yilga nisbatan 5,1 foizga o‘sdi. YaIM o‘sish sur’atiga sanoat tarmog‘i eng katta ta’sir ko‘rsatdi (2,1 foiz). Xizmatlar sohasining ijobiy ta’siri esa 1,8 foizni tashkil etdi. Qurilish ishlari hajmi o‘tgan yil bilan taqqoslaganda 9,9 foizga o‘sdi va YaIMning mutlaq o‘sishida qurilish tarmog‘ining ijobiy hissasi 0,5 foiz darajasida baholandi. Qishloq, o‘rmon va baliq xo‘jaligida 0,3 foiz darajasida ijobiy o‘sish sur’ati qayd etildi. Mazkur tarmoqning YaIM mutlaq o‘sish sur’atiga ta’siri 0,1 foizni tashkil qildi.

O‘zbekiston Davlat budjetining 2018-yilgi ijrosida ijtimoiy sohalarni yanada rivojlantirish, aholining turmush darajasini oshirish va ularning ijtimoiy himoyasini ta’minlash borasidagi masalalarning moliyalashtirilishiga alohida e’tibor qaratilgani qayd etildi. Jumladan, hisobot davrida aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirilgan xarajatlar Davlat budjetining 53,8 foizini, ya’ni YaIMga nisbatan 10,5 foizni tashkil etdi.

2018-yilda aholi umumiy daromadlari 286,3 trillion so‘mni tashkil etdi va 2017-yilga nisbatan 110,3 foiz real o‘sish sur’atiga erishildi. Yil yakunlariga ko‘ra, respublikada tashqi savdo aylanmasi 33,8 milliard AQSh dollarini tashkil etib, 2017-yilga nisbatan 27,3 foizga o‘sdi.

2018-yil davomida Davlat budjeti daromadlari 79 trillion 99 milliard so‘mni tashkil qildi va 2017-yilga nisbatan 59,2 foizga o‘sdi hamda belgilangan 62 trillion 500 milliard so‘m reja 16 599 milliard so‘mga ortig‘i bilan (126,6 foiz) bajarildi. O‘z navbatida, Davlat budjeti daromadlarining Yalpi ichki mahsulotdagi ulushi 19,4 foizni tashkil qildi.

Hukumat hisoboti yuzasidan har bir siyosiy partiya fraksiyasi hamda O‘zbekiston Ekologik harakati deputatlar guruhi vakillari o‘z nuqtai nazarini bayon qildi.

Xususan, “Adolat” SDP fraksiyasi vakillari o‘zlarining asosiy yo‘nalishlaridan bo‘lgan sog‘liqni saqlash sohasiga 2018-yilda Davlat budjetidan yo‘naltirilgan mablag‘lar miqdori 9,4 trillion so‘mni yoki ijtimoiy xarajatlarga ajratilgan mablag‘larning 21,9 foizini tashkil etganini ijobiy baholadi. Lekin sohadagi ayrim kamchiliklar ham mavjudligi qayd etildi. Xususan, bu borada Davlat budjetidan yo‘naltirilgan mablag‘lar yil sayin o‘sib borayotgan bir sharoitda, Prezident tomonidan qabul qilingan hujjatlar ijrosi uchun rejalashtirilgan 121,7 milliard so‘m mablag‘lar o‘zlashtirilishi ta’minlanmagani fraksiya a’zolarining haqli e’tiroziga sabab bo‘ldi.

O‘zbekiston XDP fraksiyasi a’zolari Davlat budjetining 2018-yilgi ijrosiga doir hisobotda ijtimoiy sohalarni qo‘llab-quvvatlash, aholining turmush darajasini oshirish va ijtimoiy himoyasini ta’minlash borasidagi tadbirlarni moliyalashtirishga alohida e’tibor qaratilganini e’tirof etdi. Hisobot davrida ijtimoiy xarajatlarni moliyalashtirish uchun Davlat budjetidan 42 883,3 milliard so‘m yoki umumiy xarajatlarning 53,8 foizi miqdorida mablag‘ sarflangani bevosita O‘zbekiston XDPning elektorati manfaatlariga mos keladi. Shu bilan bir qatorda, hisobot davrida hanuzgacha davlat budjeti sohasidagi munosabatlarda huquqbuzarliklarning oldini olish, bu bilan budjet mablag‘larini maqsadli va samarali ishlatish muammosi saqlanib qolayotgani, mazkur yo‘nalishda sezilarli ijobiy natijalarga erishilmagani ko‘rsatib o‘tildi.

Muhokamalar davomida deputatlar mahalliy davlat organlari mansabdor shaxslarining ijro intizomini oshirish, Davlat budjetining va davlat maqsadli jamg‘armalari budjetlarining kelgusi davr uchun o‘z vaqtida, sifatli ijro etilishi ustidan parlament nazoratini kuchaytirish, buning uchun xalq deputatlari tegishli Kengashlari bilan hamkorlik qilish yuzasidan aniq vazifalarni belgilab olish zarurligini ta’kidladi.

Majlis yakunlariga ko‘ra, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Davlat budjetining va davlat maqsadli jamg‘armalari budjetlarining 2018-yildagi ijrosi to‘g‘risidagi hisobot yuzasidan tegishli qaror qabul qildi.

Deputatlar parlament Qonunchilik palatasining vakolatlariga taalluqli boshqa masalalarni ham muhokama qildi.



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (29-05-2019, 09:14)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Кто вы по знаку зодиака?

КТО НА САЙТЕ?
( 48) ( 0) ( 47) ( 1)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют