» » “Maktabda konsertga bilet sotilgani yo‘q”. Qarshi shahridagi 23-maktabning 108 nafar o‘qituvchisi maktabda majburiy tartibda bilet sotilgani haqidagi xabarni bo‘hton deb atamoqda

“Maktabda konsertga bilet sotilgani yo‘q”. Qarshi shahridagi 23-maktabning 108 nafar o‘qituvchisi maktabda majburiy tartibda bilet sotilgani haqidagi xabarni bo‘hton deb atamoqda


“Daryo” tahririyatiga Qarshi shahridagi 23-maktabning 108 nafar o‘qituvchisidan murojaat maktubi kelib tushdi. Murojaatda o‘qituvchilar maktabda konsert uchun 35 ming so‘mdan majburiy tartibda pul yig‘ilganligi to‘g‘risidagi xabar g‘irt uydirma ekanligini aytib, bu kabi soxta ma’lumotlarni tarqatayotganlar maktab jamoasining obro‘siga putur yetkazganini yozadi. Shuningdek, ular negadir huquqshunos Xushnudbek Xudoyberdiyevni dastlabki ma’lumotni surishtirmasdan chop etishda ayblaydi.

“Daryo” muxbiri ushbu murojaatni yo‘llagan o‘qituvchilar bilan suhbatlashdi.

— Bu xabarni saytda o‘qib, hayratdan qotib qoldik, to‘g‘risi, xafa ham bo‘ldik, — deydi maktabning tarix fani o‘qituvchisi Gulnoza Eshonqulova. – Boisi bizda majburlab bilet sotish holati bo‘lgani yo‘q. Aslida o‘qituvchining ham ma’naviy dam olishga haqqi bor-ku. Agar konsertga bilet sotilsa, o‘z xohishimiz bilan olgan bo‘lardik. Jurnalist Xushnudbek Xudoyberdiyev voqea haqida yozishdan avval maktabimizga kelib o‘rganishi kerak edi-da. Shoshma-shosharlik bilan bu xabarni berib yubormasdan.

Kezi kelganda shuni alohida ta’kidlash lozimki, Qarshi shahridagi maktablarda xonanda Anvar Sanayev konsertiga 35 ming so‘mdan majburlab bilet sotilayotganligi haqidagi xabar dastlab, joriy yil 8-may kuni Telegram’dagi “O‘qituvchi” kanalida chop etilgandi. Bu haqda xabar bergan kanalda shunday deyiladi:

“Assalomu alaykum! Yuqoridagi konsert uchun chipta 35 ming so‘mdan Qarshi shahridagi maktab o‘qituvchilariga majburlab sotilmoqda. Shu bo‘yicha ham yordam qiling. Amfiteatrda sharoit yo‘q, 35 ming to‘lab quruq taxtaga o‘tirib kelamiz.... Iltimos.....”

Konsertlarga borib, madaniy hordiq chiqarib dam olib kelish yaxshi, lekin majburlab, o‘zlari xohlamagan narsa uchun emasda endi.

Shundan so‘ng bu xabar o‘sha kuniyoq “Rais buva” kanalida ham chop etildi. Ammo maktab o‘qituvchilarining ta’kidlashicha, o‘qituvchilarning aksariyati xabarni Xushnudbek Xudoyberdiyevning kanalidan o‘qigan. Shu boisdan ham dastlabki xabarni Xushnudbek Xudoyberdiyev tarqatgan degan xayolda yurishibdi.

Bloger Xushnudbek Xudoyberdiyev ham ushbu xabarni barcha saytlar qatori Xalq ta’limi vazirligi axborot xizmati tarqatgan ma’lumotga asoslanib, 14-may kuni Telegram kanalida omma e’tiboriga havola qildi. O‘sha xabarda ham bilet majburan sotilayotgani emas, biletni majburan sotgani uchun maktab direktori ishdan olingani haqida yozilgandi. Balki Xushnubdekning Telegram kanali o‘quvchilari birinchi manba o‘quvchilariga nisbatan ko‘pligi bois ham aksariyat o‘quvchilar xabarni Xushnudbek orqali o‘qigan va dastlabki manba ham shu ekan degan xulosaga kelgan bo‘lishi mumkin.

Maktabning rus tili fani o‘qituvchilari Nasiba Samadova hamda Ra’no Yunusovalar ham majburiy tartibda bilet sotilganini rad etib, Anvar Sanayevning konserti haqida shu xabarlar chiqqanidan so‘nggina bilishganini ta’kidlamoqda.

— Anvar Sanayevning Qarshi shahrida konsert berayotganidan bilet majburlab sotilgani haqidagi xabarlar chiqqach, boxabar bo‘ldim, — deydi Nasiba Samadova. — Ungacha bu haqda bilmaganman.

— Agar maktabimizda bilet majburlab sotilganda bu haqda o‘zimiz birinchi bo‘lib xabar berardik, — deydi Ra’no Yunusova. – Boisi, bizning maktab jamoasi o‘ziga ishongan jamoa. Har doim haqiqatga tik boqadi.

O‘qituvchi Matluba Jumaqulova hamda Nodir Choriyevlar internet saytlarida Qarshi shahridagi 19-, 23-maktablarda 100 ta bilet majburlab sotilgani haqida xabar berilganini, ammo 23-maktabda faoliyat yurituvchi 135 nafar o‘qituvchi buni tamoman rad etayotganini, 108 nafari hatto rasmiy izoh so‘rab xat yozganini aytar ekan, biletning 100 taligi haqidagi gap qayerdan chiqqanini so‘radi.

Ushbu savolga javob izlagan “Daryo” muxbiri bilan suhbatlashgan viloyat xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Maqsud Panjiyev buni vazirlikning huquqiy-nazorat xizmati xodimlari aniqlaganini bildirdi. Va “boshqarma bu haqda vazirlikka axborot bermagan”, – dedi.

Xalq ta’limi vazirligi matbuot kotibi Anvar Umarov taqdim etgan hujjatga ko‘ra, Huquqiy nazorat xizmati boshlig‘i I.To‘rayev va bosh mutaxassis J.Bozorovning 2019-yil 10-may kuni Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatovga bergan bildirishnomasida o‘qituvchilarga majburiy tartibda bilet sotilayotganligi haqidagi gap o‘z tasdig‘ini topgani bayon qilinadi. Anvar Sanayevning 23-may kuni Qarshi shahridagi amfiteatrda bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan konsert dasturiga biletlar shahardagi 19- va 23-maktab rahbariyati va konsert tashkilotchilari tomonidan kelishilgan holda 35 ming so‘mdan sotilayotgani va maktab rahbariga har bir biletdan 5 ming so‘mdan qolayotgani aniqlangani bildiriladi.

Huquqiy nazorat xizmati o‘z bildirishnomasida shuningdek, Qarshi shahar xalq ta’limi bo‘limi mudiri B.Ergashevga ham ijtimoiy tarmoqlardagi majburiy tartibda bilet sotilgani haqidagi xabarlarga e’tibor bermagani hamda o‘z vaqtida maktablarda profilaktika tadbirlari o‘tkazmagani uchun intizomiy jazo qo‘llash kerakligini bildiradi.

Ushbu jarayonlardan so‘ng, 14-may kuni vazirlik tomonidan e’lon qilingan ma’lumotlarga ko‘ra, holat yuzasidan Qarshi shahar XTB mudiri o‘rinbosari R.J.ga hayfsan intizomiy jazo chorasi berilgan. 23-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabi direktori v.v.b. R.N. egallab turgan lavozimidan ozod etilgan. 19-umumta’lim maktabi direktori S.A. joriy yilning 8-mayidan buyon sog‘lig‘i yaxshi emasligi tufayli davolanayotgani bois unga nisbatan intizomiy jazo chorasi ko‘rish keyinga qoldirilgan. Viloyat xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari B.U. va Qarshi shahar xalq ta’limi bo‘limi mudiri B.E.ga intizomiy jazo berish masalasi ko‘rilmoqda.

23-maktabning bo‘shatilgan direktori Renat Norov va direktorning ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Gulnora Ahmedovaning ma’lumot berishicha, 10-may kuni shahardagi 8 ta maktab direktori va o‘rinbosarlari shahar XTBga chaqirilgan. Gulnora Ahmedova hamda Renat Norovlarning eslashicha, yig‘ilishda 19-, 23-maktab rahbariyatidan tashqari 11-, 25-, 44-maktab direktorlari va o‘rinbosarlari ham bo‘lgan. Viloyat xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Maqsud Panjiyev, shahar XTB mudiri Bahodir Ergashevlar ishtirokida o‘tkazilgan yig‘ilishda 8 ta maktab rahbariyatidan tashqari konsert tashkilotchisi Sa’dulla Haydarov ham ishtirok etgan.

— Konsert tashkilotchisi Sa’dulla 8 ta maktab rahbariyatining hammasiga ham bilet olishni targ‘ibot qilmaganini, faqatgina 19-maktabga borib, unda ham ichkariga kirmasdan maktab darvozasi oldida 30 ta bilet sotib ketganini aytdi, — deydi Gulnora Ahmedova. – 23-maktabni tilga ham olmagandi. Lekin ko‘rib turganingizdek bizning maktab asosiy aybdorlardan bo‘lib qolyapti.

Ma’lum bo‘lishicha, o‘sha kungi yig‘ilishda 8 ta maktab direktori va o‘rinbosarlaridan vazir Sherzod Shermatov nomiga ariza va tushuntirish xati olingan. Vazir nomiga yozilgan ariza va tushuntirish xatlarida rahbarlar maktabida bilet sotilgan bo‘lsa sotilganini, sotilmagan bo‘lsa sotilmaganini yozgan.

19-maktab direktori o‘rinbosari Jongul Abdullayeva o‘z arizasida joriy yil 6-may kuni o‘zini “O‘zbekkonsert”dan deb tanishtirgan Sa’dulla Haydarov kelib, xohlovchi o‘qituvchilarning 23 nafariga 35 ming so‘mdan konsertga bilet berib ketganligini, ammo puli hali olinmaganini yozgan. Buni maktab direktori Surayyo Ahmedova ham tasdiqlagan. 23-maktab direktori o‘rinbosari Gulnora Ahmedova esa o‘z arizasida Sa’dulla ismli kishi bilet taklif qilganida rad etganini yozgan. 23-maktab direktorining o‘quv ishlari bo‘yicha o‘rinbosari, o‘sha paytdagi vaqtincha direktor vazifasini bajaruvchi Renat Norovning bu xususidagi tushuntirish xati va arizasiga ko‘zimiz tushmadi. Ammo shahar xalq ta’limi bo‘limi mudiriga o‘z xohishi bilan bo‘shatishlarini so‘rab yozgan arizasini ko‘rdik.

O‘rganishlarimiz natijasida aniqlanishicha, 10-may kuni shahar xalq ta’limi bo‘limiga chaqirilgan 8 ta maktab direktorlari orasidan faqatgina Renat Norov vazifasidan ozod etilgan. Vazifa ham vaqtinchalik bo‘lgan. Aslida Renat Norov o‘rinbosar sifatida o‘z ishini davom ettirmoqda. Norovning qo‘shimcha qilishicha, rahbariyat uchun aybdor sifatida bo‘shatilishi oson bo‘lgan birgina nomzod u bo‘lgan. Shuning uchun rahbariyat undan tez va oson voz kechgan. Renat Norovga ko‘ra, tez kunlarda uni o‘rinbosarlik lavozimidan ham olishmoqchi.

Jarayonni o‘rganar chog‘i 23-maktab jamoasidan qariyb 100 ga yaqin o‘qituvchilar bilan suhbatlashdik. Barchasi biletning nafaqat majburiy tartibda sotilganini, umuman bilet sotilganini rad etdi. Qolaversa, maktab o‘qituvchilari ushbu xabarlar chiqqach vazirlikning huquqiy nazorat xizmati ham, xalq ta’limi boshqarmasiyu, shahar xalq ta’limi bo‘limi mas’ullari ham biror marta maktabga kelmaganini aytdi. Hech qaysi o‘qituvchidan bu haqda bir og‘iz ham so‘ramaganini bildirdi. Qiziq, unda sotilgan biletlar soni 100 ta ekanligi haqidagi gap qayerdan chiqqan? Vazirlik bunga izoh berar, albatta.



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (30-05-2019, 17:14)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Кто вы по знаку зодиака?

КТО НА САЙТЕ?
( 94) ( 0) ( 92) ( 2)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют