» » O‘zbekiston hududlarida texnoparklar tashkil etiladi

O‘zbekiston hududlarida texnoparklar tashkil etiladi


Toshkent, Farg‘ona vodiysi va mamlakatning turli hududlarida elektr texnika mahsulotlarini ishlab chiqarishga ixtisoslashgan sanoat-innovatsion texnoparklari tashkil etilishi rejalashtirilmoqda, bu haqda O‘zA xabar qiladi.

Bu Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2019-yil 30-maydagi “Elektrotexnika sanoatini yanada rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish va tarmoqning investitsiyaviy hamda eksport salohiyatini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorida ko‘zda tutilgan.

So‘nggi yillarda mamlakatda elektr texnika sanoati faol rivojlanmoqda. Tarmoq korxonalari yangi ishlab chiqarish texnologiyalarini samarali o‘zlashtirmoqda va ishlab chiqarilayotgan mahsulot turini kengaytirmoqda. O‘zbekistondagi elektr uskunalari ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida joriy yilning 1-iyulidan boshlab ularga yangi imtiyoz va preferensiyalar taqdim etiladi.

Xususan, elektr texnika va mahsulotlari bo‘yicha davlat xaridini amalga oshirishda mahalliy ishlab chiqaruvchilarga nisbatan 20 foizgacha bo‘lgan narx preferensiyasi qo‘llaniladi. Bundan tashqari, davlat budjeti hisobidan obyektlarni tayyor qurilish yoki rekonstruksiya qilish bo‘yicha tender hujjatlarida O‘zbekistonda ishlab chiqariladigan mahsulotni xarid qilish ko‘zda tutiladi.

Ayni damda “O‘zeltexsanoat” uyushmasi tarkibidagi korxonalar shaxsiy ehtiyojlari uchun zarur bo‘lgan O‘zbekistonda ishlab chiqarilishi hali yo‘lga qo‘yilmagan xomashyo, materiallar, butlovchi qismlar va uskunalarni olib kirishda 2020-yil 1-yanvarga qadar bojxona to‘lovlaridan ozod etiladi. Mahalliy bozorda sog‘lom raqobatni ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasi mamlakatga elektr texnika va mahsulotlarning noqonuniy olib kirilishiga yordam beradigan omillarni tahlil qiladi va ularni bartaraf etish choralariga doir dastur ishlab chiqadi.

O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining qaroriga muvofiq, “O‘zeltexsanoat" uyushmasi huzuridagi Elektr texnika sanoatini rivojlantirish jamg‘armasiga 20 milliard so‘m mablag‘ o‘tkaziladi. Mazkur mablag‘lar ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik ishlanmalarini moliyalashtirish, startaplarni qo‘llab-quvvatlash va ustav fondlarini shakllantirish, mahalliy korxonalarda xalqaro standartlarni joriy etish uchun sarflanadigan xarajatlarning 50 foizini qoplash uchun yo‘naltiriladi. Shuningdek, ushbu mablag‘lar sarmoyadorlarni jalb qilish va ishlab chiqarishlarni yo‘lga qo‘yish uchun bo‘sh yotgan bino va inshootlarni ta’mirlash va rekonstruksiya qilish uchun sarflanadi. Bundan tashqari, mahalliy korxonalar fond hisobidan tender savdolarida ishtirok etish uchun qisqa muddatli moliyaviy kafolat olishi ham mumkin.

Yangi hujjat yaqin istiqbolda mamlakat elektr texnika sanoatini rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlarini belgilab berdi. Ushbu qaror bilan 2019—2020-yillar uchun “yo‘l xaritasi” hamda 2019—2021-yillarda ishlab chiqarishni mahalliylashtirish va kengaytirishga tavsiya etiladigan mahsulotlarning amalga oshiriladigan va istiqbolli investitsiya loyihalari ro‘yxati tasdiqlandi.



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (4-06-2019, 05:44)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Понравился ли Вам наш сайт?

КТО НА САЙТЕ?
( 110) ( 0) ( 109) ( 1)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют