» » Dunyodagi eng maxfiy hududlardan biri — Orol dengizining qoq markazidagi Vozrojdeniye oroli qayta uyg‘onadimi? (foto)

Dunyodagi eng maxfiy hududlardan biri — Orol dengizining qoq markazidagi Vozrojdeniye oroli qayta uyg‘onadimi? (foto)


O‘tgan asrning 40-yillaridan to 90-yillarigacha — yarim asr davomida butun dunyodagi eng maxfiy hududlardan biri sanalib kelgan Orol dengizining qoq markazidagi Vozrojdeniye oroli hamon sirliligicha qolmoqda. Tajriba sinovlari tugaganiga 27 yil bo‘lyapti, ammo hamon bu yerda sovuq urush davridan qolgan zaharli sarqitlar saqlanib kelayotganligi aytilmoqda. Bu haqda O‘zA muxbiri Yesimxan Qanoatov hikoya qilgan.

Orol dengizi to‘lin paytlarda unda 300 ga yaqin katta-kichik orollar mavjud bo‘lgan. Shularning eng yirik 3 tasi Ko‘korol, Barsakelmes va Vozrojdeniyedir.

Vozrojdeniye oroli XVI-XVII asrlarda Orol dengizi sathi pasaygan vaqtda hosil bo‘lgan. Mahalliy aholi tomonidan Qantubek deb nomlanib kelingan ushbu joy 1848-yilda leytenant Aleksey Butakov ekspeditsiyasi tomonidan kashf qilinib, Nikolay oroli deb nomlangan. Keyinchalik yangi hukumat davrida Vozrojdeniye nomi bilan atala boshlagan. Atrofi feruza rangli suv bilan o‘ralgan orolda minglab sayg‘oqlar to‘dasini uchratish mumkin bo‘lgan, dengiz esa baliqlarga boy bo‘lgan.

Qadimdan baliqchilar makon qilib kelingan so‘lim manzarali orol o‘tgan asrning 40-yillaridan boshlab biologik qurollarni sinovdan o‘tkazadigan hududga aylantiriladi. Shu paytdan boshlab baliqchilarga va boshqa begonalarga hududga yaqinlashish qat’iyan man qilingan.

Shartli ravishda hudud “Barxan” yoki “Aralsk 7” deb nomlagan. Hudud o‘ta maxfiy sanalgan va dunyoning hech bir xaritalarida aks etmagan edi. Maxfiylik darajasi shu qadar bo‘lganki, poligonda xizmatda yurgan xodimlar qayerda ishlashayotganini bilmagan.

Vozrojdeniye haqida ko‘p eshitar edik, internetda esa u haqida ma’lumotlar bisyor, lekin shu kungacha u yerga borib ko‘rish nasib qilmagan edi. Joriy yil boshidan mazkur hududda quduqlar qazilib, saksovullar ekilib, yashil oazislar paydo qilinishi bahonasida arvoh shaharni ko‘zimiz bilan ko‘rish ishtiyoqi yana oshdi.

Vozrojdeniyega kirib borar ekanmiz, sahro tabiatining go‘zalligi lol qoldirdi. Joriy yilga bahorda yog‘ingarchilik mo‘l bo‘lgani bois atrof yam-yashil edi. Quyon ko‘p ekan. Saksovul qalin bo‘lib o‘sib ketgan.

Shaharga kirishimiz bilan qandaydir xavotir vujudimizni egallab oldi. Bo‘m-bo‘sh ko‘p qavatli uylar, binolar. Shamol huvillab, qo‘rqinchli ovozlar qulog‘ingga chalinadi. Bir burchakdan noma’lum hayvon chiqib keladigandek tuyulaveradi.

Tashlandiq shahar marodyorlar tomonidan shunday talanganki, binolar ichiga kirish xavfli bo‘lib qolgan.

Shahar ikkita qismdan iborat: shimoliy qismida bir yarim mingga yaqin poligon xizmatidagi harbiylar, ularning oila a’zolari va askarlar yashagan, janubiy qismida esa laboratoriyalar faoliyat yuritgan.

Aholi yashagan qismini 4 soat aylanib yurganimiz bilan hammasini ko‘rib chiqishga ulgura olmadik. Bizga har bir ob’ekt qiziq edi. Ha, bu yerda maktab, shifoxona, bolalar bog‘chasi, oshxona, do‘kon, hammom-kirxona kombinati, omborxona, avtobaza, hattoki, turmasi ham bo‘lgan. Maktab bilan shifoxona butunlay qo‘porib olib ketilgan. Shaharning g‘arbida kamida 40 tonna keladigan ko‘mir uyundisi qolib ketgan. Avtomashinalar, hatto tanklar ham tashlab ketilgan. Bugungi kunda ularning faqat skeleti qolgan.

Xavfli hudud bo‘lgan bo‘lsa ham bu yerda aholining yashashi uchun juda yaxshi sharoit yaratilgani yaqqol ko‘zga tashlanadi. Atrofi dengiz bilan qurshalgan hudud haqiqiy go‘zal manzaraga ega bo‘lganligi aniq.

Shaharning janubida 3 kilometrda joylashgan qismida laboratoriyalar mavjud. Xavfli bo‘lishiga qaramasdan, marodyorlar tomonidan laboratoriyalarning materiallari ham ayovsiz tunalgan. Hozirgacha ushbu binolardan dorilarning hidi anqib turibdi.

Ikkita shaharning o‘rtasida qozonxonaga o‘xshash binoni ko‘rdik. Ma’lum bo‘lishicha, krematoriy pech ham bo‘lgan ekan. Ya’ni, tajriba o‘tkazilgan hayvonlar shu yerda yoqib yuborilib, jasadlarning kuli maxsus joyga ko‘milgan. Ba’zi ma’lumotlarga ko‘ra, kasallik yuqtirgan odamlar ham shu yerda yoqib yuborilgan.

Tashlandiq shaharda qiziqarli ob’ektlar ko‘p-ki, ularni bir kun ichida aylanib chiqib bo‘lmaydi.

Xo‘sh, Vozrojdeniye xavfli hududmi yoki yo‘q? Bu savolning boshi hamon ochiq qolmoqda.

Ko‘plab davlatlarda, xususan, Chernobilda ham arvoh shaharlar turistik maqsadda foydalanib kelinmoqda. Vozrojdeniye hududining xavfsizligi isbotlansa, sayyohlik yo‘nalishida tezda mashhur bo‘lishi aniq.

Hozirning o‘zida Vozrojdeniyega yaqin joyda, Shag‘ala massivida quduqlar qazilib yashil oazis barpo qilinmoqda. Maqsad sayyohlik salohiyatni ko‘tarish.

Vozrojdeniye esa nomiga mos tarzda qayta uyg‘onmoqda.



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (9-06-2019, 17:14)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Кто вы по знаку зодиака?

КТО НА САЙТЕ?
( 65) ( 0) ( 64) ( 1)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют