» » O‘zbekistonlik deputat qonunchilikda “kvartira” so‘zini “xonadon”ga almashtirishni taklif qildi

O‘zbekistonlik deputat qonunchilikda “kvartira” so‘zini “xonadon”ga almashtirishni taklif qildi


Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Sanoat, qurilish va savdo masalalari qo‘mitasi tomonidan “Ko‘p kvartirali uylarni boshqarish to‘g‘risida”gi qonun loyihasining muhokamasi bo‘yicha debat o‘tkazildi. Bu haqda palata matbuot xizmati xabar bermoqda.

Mazkur qonun loyihasi 2019-yil 2-may kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan birinchi o‘qishda qabul qilinib, 4-may kuni parlamentning rasmiy veb-sayti (parliament.gov.uz)ga joylashtirilgan edi.

O‘tgan davr mobaynida ushbu qonun loyihasi yuzasidan qanday taklif va tavsiyalar kelib tushdi? Hujjatning mazmun-mohiyati va ahamiyati nimadan iborat? Umuman, bu loyiha qabul qilinsa, xalqimiz qanday naf ko‘radi?

Qizg‘in kechgan bahs-munozara, tortishuvlarda parlament quyi palatasidagi barcha siyosiy partiyalar fraksiyalari hamda Ekoharakat deputatlar guruhi vakillari o‘z nuqtai nazarini bildirdi.

Odinaxon Jamoldinova, Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi fraksiyasi a’zosi:

– Ushbu qonun loyihasi amaldagi “Xususiy uy-joy mulkdorlarining shirkatlari to‘g‘risida”gi qonun (2006-yil) o‘rniga qabul qilinishi ko‘zda tutilmoqda. Avvalo, mazkur amaldagi qonun bugungi kungacha soha oldidagi muammolarni yechish o‘rniga, aholining haqli shikoyat va e’tirozlariga sabab bo‘lib kelmoqda edi. Zero, uning o‘zida chalkashlik mavjud. Masalan, qonunda uy-joy mulkdorlari shirkati notijorat tashkilot bo‘lib, ko‘p kvartirali bitta yoki bir necha uydagi xususiy turar joylar mulkdorlarining birlashmasi ekani qayd etilgan. Biroq qonunning 19-moddasida esa, shirkat a’zolari umumiy yig‘ilishining vakolatlaridan biri sifatida «shirkatning tadbirkorlik faoliyatidan olingan daromaddan (foydadan) foydalanish yo‘nalishlarini belgilash» qayd etilgan. Nodavlat notijorat tashkiloti tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishi yoki tijoriy faoliyatdan daromad (foyda) olishi mumkin emas. Axir bu uning faoliyatidagi asosiy tamoyilga zid. Bu, istaymizmi-yo‘qmi, bugungi kunda soha amaliyotida korrupsiyaviy holatlarni yuzaga keltirib, real hayotda qonunning ishlamasligiga sabab omillardan biri edi.

Ayni jihatlarni e’tiborga olgan holda, amaldagi qonun o‘rniga taklif etilayotgan yangi qonun loyihasini qo‘llab-quvvatlayman. Shu nuqtai nazardan, loyihaning 35-moddasidan shirkat a’zolari umumiy yig‘ilishining vakolatlaridan biri sifatida “shirkatning tadbirkorlik faoliyatidan tushgan daromadini (foydasini) ishlatish yo‘nalishini belgilash” bandini olib tashlash zarur, deb hisoblayman. Bu prinsipial masala. Aks holda, mazkur modda bugungi kun amaliyotidagi xatoning takrorlanishi hisoblanadi.

Davron Aripov, O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasi a’zosi:

– Qonun loyihasi bugungi kunda eng dolzarb bo‘lgan ijtimoiy masalalardan birini yechishga qaratilgani bilan ahamiyatli, deb o‘ylayman. Ammo “Ko‘p kvartirali uylarni boshqarish to‘g‘risida”gi qonun loyihasining nomiga e’tiroz bildirmoqchiman. “Ko‘p kvartira” nima degani o‘zi? “Ko‘p” deb nechta uy yoki qancha xonadon nazarda tutilmoqda? Vaholanki, loyihada “kvartira” so‘ziga ta’rif ham berilmagan. Boy o‘zbek tilida, nahotki, “kvartira” ma’nosini ifodalovchi muqobil so‘z topilmasa?! Topiladi, albatta. Qo‘llayotgan so‘zimizga, davlat tiliga mas’uliyat bilan yondashsak, “kvartira”, “dom” kabi so‘zlar o‘rniga mos ravishda “xonadon”, “uy” so‘zlarini qo‘llar edik.

Bugungi kunda amaliyotga nazar solsak, fuqaro rasmiy hujjatga uy manzilini yozayotganda, masalan, 45-uyning 15-xonadoni, deb qayd etsa, u ko‘p qavatli uyda yashashini anglatadi. Agar shaxs hovlida istiqom qilsa, bunda faqat turar-joy sifatida uy raqamining o‘zi qayd etiladi, xolos. Demak, real hayotdagi ushbu holat loyihaning nomini o‘zgartirishga monelik qilmaydi. Hujjatning nomlanishi xalqimizga tushunarli bo‘lsa, bu davlat tiliga hurmat, ayni paytda qonunchilikdagi muhim yutuq hisoblanadi.

Akmal Umaraliyev, O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi a’zosi:

– Rostini aytish kerak, 2006-yilgi amaldagi qonunda joriy etilgan shirkat xizmati va uning faoliyati xalq ishonchini oqlamadi. Yangi qonun loyihasi, garchi ko‘p kvartirali uylarni boshqarishga yo‘naltirilgan bo‘lsa ham, yana o‘sha amaldagi shirkat xizmati va uni boshqarish masalasi alohida 26 ta moddada qayd etilgan. Boshqacha aytganda, qonunning deyarli yarmi avvalgi qonun moddalarini takrorlaydi.

Bu kimga va nimaga kerak?

Amaliyotda o‘zini oqlamagan birlashma faoliyatini aks ettiruvchi 26 ta moddadan bugungi kunda ishlamaydiganlarining bahridan o‘tish shart. Gap moddalarning sonida emas, balki qabul qilinayotgan qonun normalarining sifatida va uning ishlashida. Menimcha, ushbu qonun loyihasidan turli havolaki normalarni chiqarib tashlash, uni amaliyotda to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishlaydigan, xalq koriga yaraydigan hujjat sifatida qabul qilish zarur.



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (10-06-2019, 17:59)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Кто вы по знаку зодиака?

КТО НА САЙТЕ?
( 98) ( 0) ( 96) ( 2)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют