» » Prezident taqiqiga qaramay, Qarshidagi mahalla mas’ullariga soliq yig‘ish majburiyati yuklatildi

Prezident taqiqiga qaramay, Qarshidagi mahalla mas’ullariga soliq yig‘ish majburiyati yuklatildi


Qarshi shahridagi mavjud 62 ta mahalla mas’ullariga har oy aholidan 10 million so‘mlik soliq tushumlarini tushirish majburiyati yuklatildi. Bu haqda “Daryo” muxbiriga ismi oshkor etilsa, ishdan bo‘shatilishidan qo‘rqqan mahalla mas’ullari ma’lum qilmoqda.

Suhbatdoshlarning so‘ziga ko‘ra, 10-iyun kuni ertalab Qarshi shahar hokimligida barcha tashkilot rahbarlari ishtirokida yig‘ilish tashkil etilgan. Yig‘ilishda ishtirok etgan mahalla raislariga shahar hokimi tomonidan aholining yer va mulk solig‘idan to‘lanmay kelinayotgan qarzdorligini undirish mas’uliyati yuklangan.

“Aralovul” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Boqi To‘raboyev “Daryo” muxbiri bilan suhbati davomida 10-iyun kuni ertalab shahar hokimligida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda hokim tomonidan shunday topshiriq berilganini tasdiqladi.

“Zaxokimaron” MFY kotibi Nodira Toshpo‘latovaning tasdiqlashicha, 10-iyun kuni ertalab mahalla raislari uchun, tushdan so‘ng soat 15:00 da mahalla kotiblari uchun yig‘ilish tashkil etilib, ushbu majburiyat haqida ogohlantirishgan. Mahalla raislariga soliq majburiyatini shahar hokimi aytgan bo‘lsa, kotiblarga Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish Qarshi shahar Kengashi raisi Normurod Hamzayev eslatgan. Normurod Hamzayev mahalla kotiblarga mahalla raislari o‘qishda bo‘lgani bois, ushbu majburiyat ularning zimmasiga yuklatilishi, har kuni tushdan keyin soat 15:00 gacha soliq qarzdorligini tushirish bilan shug‘ullanishlari lozimligini uqtirgan.

Yig‘ilishda qatnashgan Nodira Toshpo‘latovaning aytishicha, mahalla kotiblari Kengash raisiga “kotiblar o‘z ishi bilan mashg‘ul bo‘lishi kerakmi yoki aholining soliqdan qarzdorligi bilan shug‘ullanishi lozimmi?”, deya savol ham bergan. Bunga javoban esa mahalla kotiblari buyruqni bajarishlari lozimligi xususida ogohlantirilgan.

Nodira Toshpo‘latova ushbu topshiriq sabab o‘z zimmasiga yuklatilgan vazifalar qolib ketishidan cho‘chimoqda.

“Daryo” muxbiri Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish Qarshi shahar Kengashi raisi Normurod Hamzayev bilan bog‘lanib, mahalla kotiblari zimmasiga yuklatilgan mas’uliyat haqida so‘radi.

— Haqiqatdan ham shunday topshiriq berildi, faqat hududlarga chiqish majburiyati qo‘yilmagan, — deydi Normurod Hamzayev. — Mahallaga “spravka” so‘rab kelgan fuqarolarga qo‘lidagi ro‘yxat asosida agar soliqdan qarzdorligi bo‘lsa, qarzdorligi borligini aytib, to‘lashi lozimligini tushuntirish mas’uliyati yuklatildi. Mahalla fuqarolariga ushbu qarzdorlik xususida Majburiy ijro byurosiga xabar berilganini, agar vaqtida to‘lamasa, mol-mulki musodara qilinishi mumkinligini tushuntirishi lozim bo‘ladi. U yoqqa chiq, bu yoqqa bor degan topshiriq berilmagan.

“Sho‘rtangaz” MFY kotibi Feruza Eraliyevaning fikricha, ushbu topshiriq ular mahalla aholisini yaxshi bilganligi uchun ularga yuklatilgan.

— Nimayam qilardik, eplashga harakat qilamiz, — deydi Feruza Eraliyeva “Daryo” muxbirining “ushbu vazifani o‘z ishingizdan ortib bajarishga imkoningiz va kuchingiz yetadimi?”, deya bergan savoliga javoban.

“Shayxali shaharcha” MFY kotibi Jahongir Abdurahmonovning aytishicha, mahalla mas’ullarining soliq tushumlarini yig‘ishga jalb qilinishi bir oy oldin boshlangan jarayon. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu majburiyat yuklatilganda har bir mahallaga kuniga 3 million so‘mlik qarzdorlikni undirish vazifasi biriktirilgan.

— Ammo kuniga aholidan 3 million so‘m qarzdorlikni undirish juda mushkul ish, — deydi Jahongir Abdurahmonov. – Ba’zan 3 million bo‘ladi. Ba’zan esa yo‘q. Ammo hech bo‘lmaganda kuniga 700–800 ming so‘m qarzdorlikni undiryapmiz.

Jahongir Abdurahmonovning ma’lum qilishicha, shahar soliq inspeksiyasi tomonidan aholining qarzdorligi bo‘yicha berilgan ro‘yxat bilan asl holat to‘g‘ri kelmay qolish holatlari ham mavjud.

— Bunday paytlarda fuqaroni soliq idorasiga yuboramiz va muammoni shu yo‘sinda bartaraf etyapmiz, — deydi Jahongir Abdurahmonov. — Soliq idorasiga borganda real qarzdorlik kelib chiqyapti.

“Eski anhor” MFY kotibi Fazilat Safarovaning aytishicha, mahalla mas’ullariga soliq yig‘ish majburiyati may oyining so‘nggi o‘n besh kunligida topshirilgan.

Aniqlanishicha, “Eski anhor” mahallasida 321 ta xonadon mavjud bo‘lib, soliq majburiyati oyiga 2 million so‘m etib belgilangan. Ammo bu ko‘rsatkichga yetish amrimahol. Oyiga 400–500 ming so‘m atrofida soliq tushumi yig‘iladi.

Fazilat Safarovaga ko‘ra, u faoliyat olib borayotgan mahallaga o‘tgan oy 64 million so‘m soliqdan qarzdorlik mavjudligi bildirilgan. Iyun oyida esa qarzdorlik ko‘rsatkichi 56 milliondan oshiqroq ekanligi ma’lum bo‘lgan.

— Mahallamizda umuman yashamagan 5 nafar fuqaro ham soliqdan qarzdorlar ro‘yxatiga kiritilib, bizning mahalla hisobiga qarzdorlik yozilgan, — deydi Fazilat Safarova. — Shuning uchun mahallamiz aholisining yer va mulk solig‘idan qarzdorligi katta ko‘rsatkichga yetyapti. Masalan, Dilafro‘z Qurbonova ismli fuqaroga 3 million 93 ming so‘m qarzdorlik yozilgan. Holbuki bu fuqaro bizning mahallada umuman yashamagan.

Fazilat Safarovaning aytishicha, mahallasiga biriktirilgan soliq xodimi Shuhrat Alimardonov boshqa mahallalarga ham mas’ul bo‘lgani bois doimo ham mahallaga kelaverishga vaqt topolmaydi. Kelgan paytlari ham ikki soat yurib, keyin boshqa mahallaga o‘tib ketadi.

— Soliq to‘layman deguvchilar bo‘lsa, soliq xodimiga telefon qilib bildiramiz va manzilini aytamiz. Kelib to‘lovni qabul qilib ketadi, — deydi Fazilat Safarova.

Qashqadaryo viloyati Davlat soliq boshqarmasining Jamoatchilik bilan aloqalar va huquqiy axborot sho‘basining “Daryo” muxbiriga ma’lumot berishicha, Qarshi shahridagi mavjud 62 ta mahalladagi aholining soliqdan qarzdorligini undirish uchun 18 nafar inspektor mas’ul etib belgilangan.

Ushbu masalani ko‘tarib chiqishdan maqsad shuki, joylardagi mutasaddilarga Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan 2019-yil 2-aprel kuni qabul qilingan “Aholi muammolari bilan ishlashda mahalla institutining mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonida “Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahar va tuman (shahar) kengashlari hamda fuqarolar yig‘inlari xodimlarini ularning vazifalari va faoliyat yo‘nalishlari bilan bog‘liq bo‘lmagan yig‘ilishlar va boshqa tadbirlarga jalb qilish, ularning faoliyatiga asossiz aralashish, taalluqli bo‘lmagan vazifalarni yuklash, shuningdek fuqarolar yig‘inlari balansida bo‘lgan binolarni boshqa shaxslarga biriktirish yoki asossiz ravishda olib qo‘yish taqiqlanadi” – degan jumlalarni eslatib qo‘yishdan iborat. Zero davlat rahbarining shaxsan o‘zi bu kabi holatlarga qarshi. Shunday ekan, har bir qadamni o‘ylab bosaylik o‘rtoq mutasaddilar!



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (12-06-2019, 12:59)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Что нужно улучшить на нашем сайте?

КТО НА САЙТЕ?
( 76) ( 0) ( 73) ( 3)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют