» » Deputatlar taklifi: Tez tibbiy yordam xizmati mashinalari haydovchilariga ma’muriy chora ko‘rilmasin

Deputatlar taklifi: Tez tibbiy yordam xizmati mashinalari haydovchilariga ma’muriy chora ko‘rilmasin


Bugungi kunda O‘zbekistonda aholiga davlat tomonidan kafolatli bepul tibbiy yordam berishni ta’minlaydigan shoshilinch, kechiktirib bo‘lmaydigan tibbiy yordam ko‘rsatishning yaxlit tizimi yaratildi, deb yozadi O‘zA.

Ayniqsa, shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatishning samaradorligini oshirish, zamonaviy asbob-uskunalar va malakali kadrlar bilan ta’minlash, shoshilinch tibbiy yordam berishning zamonaviy, yuqori texnologik samarali tizimini shakllantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Shu bilan birgalikda, aholiga kechiktirib bo‘lmaydigan shoshilinch tez tibbiy yordam ko‘rsatish masalalarida o‘z yechimini kutayotgan qator muammolar ham saqlanib qolmoqda. Jumladan, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari joylardagi amaliy muloqotlar va tahlillari natijasida tez tibbiy yordam ko‘rsatish mashinalarining tez, belgilangan muddatda chaqiruvlarga yetib borishi, bemorni shifoxonaga yetkazishiga to‘siq bo‘layotgan obyektiv sabablar ham mavjudligini kuzatdi.

Xo‘sh, bu obyektiv sabab nimalardan iborat?

Deputatlarga tez tibbiy yordam xizmati mashinalari haydovchilari maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish texnika vositalari orqali qayd etilgan yo‘l harakati qoidalarini (belgilangan tezlikni oshirish, svetoforning taqiqlovchi chirog‘iga bo‘ysunmasdan o‘tish va hk.) buzganligi bo‘yicha ayrim holatlarda javobgarlikka tortilayotganini bildirishdi.

Deputatlar Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlarni tahlil qilganida, maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish texnika vositalari orqali tez tibbiy yordam xizmati haydovchilari tomonidan 2017-yilda 339 ta shunday holat aniqlangan bo‘lsa, 2018-yilda 968 ta, 2019-yilning birinchi choragida esa 350 tadan oshib ketgani ma’lum bo‘ldi.

Tez tibbiy yordam xizmati ko‘rsatish maqsadida zudlik bilan ketayotgan holda shunday qoidabuzarlik sodir etgan deya baholangan huquqbuzarliklar uchun 2017-yilda 16 nafar, 2018-yilda 110 nafar “Tez tibbiy yordam“ haydovchisi jarima to‘lagan. 2019-yil 1-mart holatiga ko‘ra, 89 ta shunday hal etilmagan, muammoli holat sifatida baholanayotgan ishlar mavjud.

Bu esa tez tibbiy yordam xizmati mashinalari haydovchilarining asosli e’tirozi va noroziligiga sabab bo‘lmoqda. Natijada tez tibbiy yordam ko‘rsatilishi zarur bo‘lgan hollarda ularning svetofor taqiqlangan chirog‘ida kutib turishi, belgilangan tezlikdan oshirmasdan harakatlanishi oqibatida bemorga o‘z vaqtida yordam ko‘rsatish imkoniyati pasaymoqda.

Shundan kelib chiqib, Qonunchilik palatasi deputatlari qonunchilikka o‘zgartish kiritish taklifi bilan chiqdi. Unga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 8-avgustdagi farmoni bilan tasdiqlangan “Norma ijodkorligi faoliyatini takomillashtirish konsepsiyasi”ga muvofiq, qonunlarning to‘g‘ridan-to‘g‘ri amaliyotga qo‘llanishini ta’minlash maqsadida qonunchilikka qo‘shimcha kiritish to‘g‘risidagi qonun loyihasi ishlab chiqildi.

Deputatlar tashabbusi bilan tayyorlangan qonun loyihasiga asosan O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 171-moddasi “Maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish texnika vositalari orqali tezkor va maxsus xizmat transport vositalari hamda ular kuzatib kelayotgan transport vositalari tomonidan yo‘l harakati qoidalariga muvofiq imtiyozdan foydalangan holda sodir etilgan ma’muriy huquqbuzarliklar qayd etilgan hollarda haydovchilarning kechiktirib bo‘lmaydigan xizmat vazifalarini bajarganliklarini tasdiqlovchi hujjatlar taqdim etilganda oxirgi zarurat holatida sodir etilgan deb topiladi va ma’muriy ish ushbu kodeksning 271-moddasiga muvofiq tugatiladi”, — degan mazmundagi beshinchi qism bilan to‘ldirilmoqda.

To‘g‘ri, tez tibbiy yordam xizmati mashinalarining haydovchilari kechiktirib bo‘lmaydigan xizmat vazifalarini bajarayotib, yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash sharti bilan yo‘l harakati qoidalarining talablaridan chetga chiqishlari mumkinligi ichki ishlar vazirining 2011-yil 31-maydagi buyrug‘iga bilan tasdiqlangan Yo‘l harakati qoidalarining buzilishiga doir ma’muriy ishlarni ko‘rib chiqish tartibi to‘g‘risidagi yo‘riqnomaning 45-bandida belgilangan bo‘lsa-da, endilikda bu qonun darajasida mustahkamlanmoqda. Ya’ni ayrim qonunosti hujjatlaridagi normalarni qonunda aks ettirish orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishlaydigan huquqiy mexanizmlar amaliyotga joriy etilmoqda.

Mazkur qonun loyihasining qabul qilinishi kelgusida tez tibbiy yordam xizmati mashinalari haydovchilarining ish samaradorligini oshiradi. Asosiy maqsad esa bemorga o‘z vaqtida yordam ko‘rsatilib, ularni shifoxonaga o‘z vaqtida yetkazishni ta’minlashdir. Tez tibbiy yordam xizmatini ko‘rsatuvchi transport vositalari haydovchilarning esa asossiz yuridik javobgarligiga barham beriladi.

Kozim Tojiyev,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati.



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (23-07-2019, 19:14)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Кто вы по знаку зодиака?

КТО НА САЙТЕ?
( 67) ( 0) ( 66) ( 1)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют