» » Endilikda Oliy Majlis Senati Raisi boshchiligidagi komissiya odam savdosi va majburiy mehnat masalalari bilan shug‘ullanadi

Endilikda Oliy Majlis Senati Raisi boshchiligidagi komissiya odam savdosi va majburiy mehnat masalalari bilan shug‘ullanadi


Bugun, 30-iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmonni imzoladi. Mazkur hujjat 30-iyul — Odam savdosiga qarshi kurashish kunida qabul qilingani bejiz emas, albatta.

Sababi, mamlakatimizda odam savdosi qurbonlarini aniqlash, himoyalash, ijtimoiy reabilitatsiya qilish, ularga tibbiy, psixologik hamda boshqa yordam ko‘rsatish bo‘yicha samarali faoliyatlar yo‘lga qo‘yilmoqda.

Eng muhimi, bolalar mehnatiga barham berildi, qishloq xo‘jaligi ishlari, hududlarni obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish davrida kattalarning majburiy mehnatidan foydalanishga chek qo‘yish bo‘yicha misli ko‘rilmagan chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Shunga qaramay, hozirgi vaqtda odam savdosiga samarali qarshi kurashishga va majburiy mehnatdan foydalanishga to‘sqinlik qilayotgan  bir qator salbiy omillar ham saqlanib qolinmoqda.

Davlatimiz rahbarining mazkur Farmoni, eng avvalo, odam savdosi va majburiy mehnatga qarshi kurashishda, mamlakatimizning xalqaro maydondagi ijobiy imijini yaratishda davlat organlari faoliyatini muvofiqlashtirishning ta’sirchan tizimini yaratishda dasturilamal bo‘ladi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

Farmonga binoan Odam savdosiga qarshi kurashish bo‘yicha Respublika idoralararo komissiyasi Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish milliy komissiyasi etib qayta tashkil etildi. Qolaversa, uning O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi boshchiligidagi yangilangan tarkibi ham tasdiqlandi.

Davlat organlari va hududiy organlarning, fuqarolarning o‘zini-o‘zi boshqarish organlari va nodavlat notijorat tashkilotlarining odam savdosiga hamda majburiy mehnatga qarshi kurashish sohasida ular faoliyati samaradorligini, mustahkam hamkorlik qilishlari va bahamjihat ishlashlarini ta’minlash maqsadida ularning faoliyatini muvofiqlashtirish Milliy komissiyaning asosiy vazifalaridan sanaladi. Bundan tashqari, milliy qonunchilik va huquqni qo‘llash amaliyotini takomillashtirish, ularning ijrosini nazorat qilish maqsadida odam savdosiga hamda majburiy mehnatga qarshi kurashish sohasida davlat dasturlari hamda boshqa dasturlarni ishlab chiqish va amalga oshirishni tashkillashtirish, qolaversa, odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlarni tahlil qilish, baholash, monitoring qilish va samaradorligini oshirish, ushbu sohadagi jinoyatlarni aniqlash, taftish qilish, oldini olish va ularga chek qo‘yish amaliyotini o‘rganish nazarda tutilmoqda.

Shuningdek, odam savdosiga hamda majburiy mehnatga qarshi kurashish sohasida samarali xalqaro hamkorlik va bahamjihat harakatni tashkil etish, mazkur sohada axborotlarni yig‘ish, tahlil qilish va ma’ruzalar tayyorlash ham asosiy vazifalar hisoblanadi.

Farmon bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi raisi, viloyatlar, Toshkent shahar, tumanlar (shaharlar) hokimlari zimmasiga odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish bo‘yicha hududiy komissiyalarga rahbarlik qilish vazifasi yuklanmoqda.

Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Farmoni bilan Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish bo‘yicha milliy ma’ruzachi  instituti ta’sis etildi, uning funksiyalari Milliy komissiya raisi zimmasiga yuklandi. U odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish sohasida mamlakatimiz va jahonda yuzaga kelayotgan vaziyat to‘g‘risida, ushbu jinoyat turiga daxldor shaxslarni taqdim qilish va jazolash hamda odam savdosi qurbonlarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar haqida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga har yili ma’lumot taqdim etib turadi.

Shu bilan birga, mazkur sohada respublikamizda ko‘rilayotgan chora-tadbirlar haqidagi ishonchli axborotni keng jamoatchilikka va xalqaro hamjamiyatga yetkazish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi akkreditatsiya qilingan xorijiy davlatlarning diplomatik korpusi va xalqaro tashkilotlarning vakolatxonalarini jalb etgan holda ommaviy axborot vositalari uchun muntazam brifinglar tashkil etiladi.

Milliy ma’ruzachi odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish sohasida xalqaro hamjamiyat bilan, ushbu sohada ixtisoslashayotgan tashkilotlar va huquq himoyachilari bilan samarali hamkorlik va hamjihatlikni ta’minlaydi. Shuningdek, mazkur sohada respublikaning xalqaro maydondagi milliy manfaatlarini himoya qilish Milliy ma’ruzachiningyana bir muhim vazifasidir.

Muxtasar qilib qilib aytganda, ushbu Farmon bilan odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish borasida yana bir muhim qadam qo‘yildi. Bu esa mazkur sohadagi qonunchilik takomillashib, pirovard maqsadida inson huquqlari va erkinliklarini ta’minlashga xizmat qiladi.

Sayyora BARATOVA,

Oliy Majlis Senati a’zosi.  



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (30-07-2019, 21:44)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Понравился ли Вам наш сайт?

КТО НА САЙТЕ?
( 66) ( 0) ( 64) ( 2)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют