» » O‘zA muxbiri Dehqonoboddagi jin ko‘prikni qurilmagan deya “fotofakt” berdi. Holbuki jin ko‘prik ta’mirlangani haqida hech qaysi OAV yozmagandi

O‘zA muxbiri Dehqonoboddagi jin ko‘prikni qurilmagan deya “fotofakt” berdi. Holbuki jin ko‘prik ta’mirlangani haqida hech qaysi OAV yozmagandi


6-avgust kuni O‘zAda “FOTOFAKT: Dehqonoboddagi mashhur “Jin ko‘prik” hamon yangilanmagan” sarlavhali maqola chop etildi. Maqola muallifi Sherali Otaboyev o‘z qarashlarini bayon etar ekan, Dehqonoboddagi o‘sha mashhur jin ko‘priklar ko‘pchilikda qiziqish uyg‘otganini, bu borada ko‘plab o‘rganishlar qilinganini ta’kidlaydi. Hamda Dehqonobodda yangi qurilgan ko‘prik aholiga topshirilganligini haqida so‘z ochib, “Oradan bir yarim oy o‘tib Dehqonobod tuman mutasaddilari “tumanda jami 27 ta ko‘prik quriladi. 13 ta ko‘prik foydalanishga topshirildi. Unda Choshtepa qishlog‘idagi 110 va 170 metrlik ikkita xavfli ko‘prik ham qayta quriladi”, deya va’da bergan edi, deb dastlabki maqoladan iqtibos keltiradi.

Jurnalistning sinchkovlik bilan hududni ko‘zdan kechirgani, jin ko‘priklarga e’tibor qaratgani tahsinga loyiq albatta, ammo muxbir shu o‘rinda o‘zining e’tiborsiz jurnalist ekanligini ham oshkor qilib qo‘yadi. “Daryo” internet nashrida berilgan xabarda yangi qurilgan ko‘prik Dehqonobod tumanining “Mustaqillik” mahallasi aholisi uchun qurilganligi, “Mustaqillik” mahallasi va tuman markazini bog‘lovchi ushbu ko‘prikning uzunligi 40 metr ekanligi yoziladi. Va xabar so‘ngida jin ko‘priklar haqida so‘z ochilib, ularning qachon ta’mirlanishi noma’lumligi yoziladi.

O‘zA muxbiri esa o‘quvchiga yuzlanib, o‘sha xabarda jin ko‘prikning yangi qurilgani haqida xabar berishgandi deya uqtirishga urinadi. Jumladan u shunday deydi: “...yangi ko‘prik qurilgani haqidagi xabarlar ijtimoiy tarmoqlarni qamrab oldi. Hattoki, sharlar bilan bezatilgan yangi ko‘prik suratlari ommaga namoyish etildi. Unda oddiy xalqning quvonchi ham aks ettirildi. Go‘yoki, “Jin ko‘prik”lardan qutuldik qabilidagi gaplar ham tarqatildi...” deydi.

Jurnalistning Dehqonobodda yangi ko‘prik qurilgani haqidagi xabarni sinchiklab o‘qimagani maqola sarlavhasidayoq seziladi. “FOTOFAKT: Dehqonoboddagi mashhur “Jin ko‘prik” hamon yangilanmagan”. Sarlavhani o‘qiboq, savol tug‘iladi. Ilgari qaysidir OAVda, xususan “Daryo”da jin ko‘prik yangilandi degan xabar berilganmikin o‘zi? Berilmagan, bo‘lsa jurnalist bu faktni kimga ko‘rsatyapti? “Daryo” logotipi ko‘rsatilgan rasm nega qo‘yildi unda?

Jurnalist Sherali Otaboyev maqolasida: “Ammo yaqindagina borib ko‘rganimiz, “Qil ko‘prik” o‘zining qiyofasini o‘zgartirmagan holda turibdi. Aholi hali-hanuz o‘zining “sevimli” ko‘prigidan o‘tib qaytib turgan ekan. Nazarimizda bu “qil ko‘prik”lar hali xalqqa uzoq yillar mobaynida xizmat qiladi”, — deb fikrida davom etadi.

Holbuki, “Daryo”da Dehqonoboddagi yangi ko‘prik qurilgani to‘g‘risidagi xabar yakunida shunday deyiladi: “Eslatib o‘tamiz “Daryo”da chop etilgan maqolada tumanning Choshtepa qishlog‘idagi uzunligi 170 va 110 metrlik ko‘priklar xususida so‘z borgandi. Mazkur qishloqdagi ko‘priklar zamonaviy tipdagi ko‘priklarga aylanadimi yoki yo‘qmi bunisi hozircha noma’lum. Biroq, hokimlik mutasaddilarining aytishicha tumanda yana 14 ta ko‘prik qurilishi rejalashtirilgan bo‘lib, ko‘prik qurish ishlari 2019-yil yakunlanadi”.

O‘zA jurnalisti maqola so‘ngida “Mana maktab o‘quvchilarining yozgi ta’tili ham tugab bormoqda, ammo va’da berilgan ko‘prikdan darak yo‘q. Hademay kuz ham o‘tib qish kirib kelsa, xatarli ko‘prikdan yosh bolalarning o‘tishi undan-da xatarli bo‘lishi aniq”, — deydi.

Binobarin, jin ko‘prik haqidagi xabarlarning birida tuman hokimligi mazkur qishloqdan 63-umumta’lim maktabiga qatnovchi 104 nafar o‘quvchining jin ko‘prikdan o‘tib yurishiga chek qo‘yish maqsadida asosiy ko‘prikdan o‘tgan joyda qad rostlagan Sanoat kasb-hunar kollejidan 4 ta sinfxona ajratib, ikki “smena”da o‘qishni yo‘lga qo‘yganligi haqida xabar bergandik. Bu ma’lumot ham fotofakt ilinuvchi hamkasbimizning e’tiboridan chetda qolgan ko‘rinadi. Yo‘qsa bu ko‘prikdan maktab o‘quvchilari o‘tmay qo‘yganligini allaqachon fahmlagan bo‘lardi.

Sherali Otaboyev butun boshli maqolaning faqatgina bir joyida haq gapni yozadi. MFY raisi Sherzod Bolliyev so‘zlarini keltirib, oradan oylar o‘tsa-da, ko‘prik ta’mirlanishi orqaga surilayotganini tanqid qiladi. Tan olish kerak, jurnalist bu borada haq.

O‘zA jurnalistining ko‘pchilikni qiziqtirgan va ommani o‘ziga tez jalb qiluvchi, ilgari ko‘tarilgan masalani ko‘tarib chiqib o‘quvchi e’tiborini qozonishga urinishini to‘g‘ri tushunamiz, albatta. Ammo bu degani o‘quvchiga noto‘g‘ri ma’lumot yetkazib, uni chalg‘itish kerak deganimas-ku.



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (10-08-2019, 13:14)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Сколько времени в день вы проводите в социальных сетях?

КТО НА САЙТЕ?
( 91) ( 0) ( 90) ( 1)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют