» » O‘zbekistonda 2016-yil davomida valyuta sohasida 771 ta huquqbuzarlik aniqlandi

O‘zbekistonda 2016-yil davomida valyuta sohasida 771 ta huquqbuzarlik aniqlandi


29-mart kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Oliy Majlisi Senatining to‘qqizinchi yalpi majlisi o‘z ishini davom ettirdi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.

Senatorlar ishni O‘zbekiston Bosh prokurorining O‘zbekiston prokuratura organlarining 2016-yildagi faoliyati to‘g‘risidagi hisobotini eshitishdan boshladi.

Hisobotda qayd etilganidek, 2016-yilda qonuniylikni ta’minlash, fuqarolarning huquqlari va erkinliklarini, jamiyat hamda davlatning qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini himoya qilish, huquqbuzarliklarning oldini olish borasida prokuratura organlari tomonidan katta ishlar amalga oshirildi.

Xususan, aholini ijtimoiy himoyalashga, fuqarolarning salomatligini muhofaza qilishga doir qonun hujjatlari ijro etilishi, “Sog‘lom ona va bola yili” Davlat dasturi, Ish o‘rinlari tashkil etish va aholi bandligini ta’minlash dasturi, Investitsiya dasturi bajarilishi muntazam nazorat qilib borildi.

Hisobot yilida tadbirkorlik sub’ektlarini ishonchli huquqiy himoya qilish prokuratura organlari faoliyatining eng muhim ustuvor yo‘nalishlaridan biri bo‘ldi. Tadbirkorlarning, shu jumladan, tadbirkorlarga xizmat ko‘rsatuvchi davlat organlari mansabdor shaxslarining huquqiy bilimlarini oshirish yuzasidan 43 mingdan ortiq tadbir o‘tkazildi.

Nazorat tadbirlari davomida tadbirkorlik sub’ektlari huquqlari buzilgan 19 752 ta holat, shu jumladan, ularning faoliyatiga noqonuniy aralashilgan 129 ta holat, noqonuniy tekshiruv o‘tkazilgan 54 ta holat, noqonuniy qarorlar qabul qilingan 1 657 ta holat, ortiqcha yig‘imlar undirilgan 657 ta holat, jismoniy va yuridik shaxslar murojaatlarini ko‘rib chiqishda qonun hujjatlari buzilgan 887 ta holat aniqlandi. Ushbu holatlar bo‘yicha prokuratura tomonidan tegishli choralar ko‘rildi.

Soliq va valyuta jinoyatlariga hamda jinoiy daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish bo‘yicha muayyan ishlar bajarildi. 832,7 milliard so‘mlik soliqlar va to‘lovlarning qo‘shimcha hisoblanishi ta’minlandi, valyuta sohasida 771 ta huquqbuzarlik aniqlandi.

Prokuratura organlari tomonidan jinoyatchilikka qarshi kurashish, huquqbuzarliklarning oldini olish, tezkor-qidiruv va tergov faoliyatini muvofiqlashtirish borasida idoralararo hamkorlikni takomillashtirish choralari ko‘rildi.

Bosh prokuratura huzuridagi telefon murojaatlarini qabul qilish markazining 34 ta vazirlik va idora bilan elektron aloqa tizimining samarali ishlashi ta’minlandi. 2016-yilda Markaz tomonidan 103 063 ta, tadbirkorlardan 3394 ta murojaat qabul qilindi. Prokuratura organlari tomonidan jami 194 817 ta murojaat ko‘rib chiqildi, 173 080 nafar fuqaroning qabul qilinishi ta’minlandi.

Aholining huquqiy madaniyatini oshirish borasida katta ishlar amalga oshirildi. Xalqaro hamkorlik yanada rivojlantirildi.

Senatorlar hisobotni har tomonlama tahlil qilib, 2017-yil 7-yanvar kuni prokuratura organlarining bir guruh hodimlari bilan uchrashuvda O‘zbekiston Prezidenti tomonidan qo‘yilgan hamda jamiyatda adolatni yanada mustahkamlashda, qonun ustuvorligini ta’minlashda, jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlari hamda qonuniy manfaatlarini himoya qilishda, aholining huquqiy madaniyatini yuksaltirishda prokuratura organlari roli va nufuzini oshirishga qaratilgan vazifalarni ro‘yobga chiqarish borasida O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi tomonidan ta’sirchan chora-tadbirlarni yanada kuchaytirish lozimligini ta’kidladilar.

“Yalpi majlisda Senat vakolatiga kiradigan boshqa masalalar ham ko‘rib chiqildi. Barcha ko‘rilgan masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi. Senat yalpi majlisi davomida 21 ta masala, shuningdek, sud-huquq tizimini izchil isloh qilishga, fuqarolar huquq va manfaatlarini himoya qilishga, bozor islohotlarini yanada chuqurlashtirishga qaratilgan 9 ta qonun ko‘rib chiqildi. Shuning bilan Oliy Majlis Senatining to‘qqizinchi yalpi majlisi o‘z ishini yakunladi”, — deyiladi O‘zA axborotida.

Опубликовано: admin (29-03-2017, 22:29)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Кто вы по знаку зодиака?

КТО НА САЙТЕ?
( 76) ( 0) ( 76) ( 0)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
- отсутствуют
Последние 20 посетителей... - отсутствуют