» » DXX Namangan va Andijonda og‘ufurushlarga qarshi tezkor tadbirlar o‘tkazdi. Natija — 15 kg “gashish”

DXX Namangan va Andijonda og‘ufurushlarga qarshi tezkor tadbirlar o‘tkazdi. Natija — 15 kg “gashish”


Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan Namangan va Andijon viloyatlarida o‘tkazilgan tezkor tadbirlar natijasida giyohvand moddalar savdosi bilan shug‘ullanuvchi bir nechta shaxs faoliyatiga chek qo‘yildi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.

Jumladan, Namangan shahrida yashovchi Erkin Mavlonov, Mirzohid Lutfillayev va Bahodir Turg‘unov giyohvandlik moddasini xarid qilish maqsadida Qirg‘iziston Respublikasining Jalolobod viloyati Axsi tumaniga borgan. U yerda Elnur ismli shaxsdan 2,942 kilogramm “gashish”ni 15 ming dollariga sotib olishga kelishgan. Pulni olib kelgunga qadar garov tariqasida Mirzohid Lutfullayevning fuqarolik pasporti hamda Bahodir Turg‘unovning o‘zi Qirg‘iziston hududida qolgan.

Shundan so‘ng Erkin Mavlonov O‘zbekistonga qaytib kelgan. Mirzohid Lutfullayev esa giyohvand moddani aylanma yo‘llar orqali respublikaga olib kirgan, lekin og‘uni Mavlonovga berayotgan vaqtda ularning ikkalasi ham qo‘lga olingan.

Shundan so‘ng, tezkor tadbir davom ettirilib Bahodir Turg‘unov ham qo‘shni mamlakatdan olib kelingan. Tekshiruvlar davomida uning uyidan 158 gramm “gashish” moddasi topilgan.

Shuningdek, Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan o‘tkazilgan boshqa bir tezkor tadbir davomida 1973-yilda Namangan shahrida tug‘ilgan, muqaddam sudlangan, Ma’sum Rahmatjonov viloyat markazidagi Sarbon tantanalar majmuasi oldida Qirg‘iziston Respublikasidan kontrabanda yo‘li bilan keltirilgan 7,667 kilogramm “gashish” moddasini olib ketayotgan vaqtida ushlangan.

Bu kabi holatlar Andijon viloyatida ham qayd etilgan. 1987-yil Andijon shahrida tug‘ilgan O‘tkirbek Xolmatovga qirg‘izistonlik Dilbar ismli ayol o‘zbek—qirg‘iz davlat chegarasini ajratib turuvchi Shahrixonsoy kanaliga qo‘shni davlat hududida turib, “gashish” giyohvandlik moddasi joylangan besh dona yelim idishni oqizib yuborgan. Xolmatov esa kelishilgan vaqtda ushbu yelim idishlarni kanalning Qo‘rg‘ontepa tumani “Ma’murobod” MFY hududidan oqib o‘tgan qismidan qabul qilib olgan. Shundan so‘ng O‘tkirbek Xolmatov hamtovog‘i Jasurbek Xalilov boshqaruvidagi Cobalt avtomobilida giyohvandlik moddasini Andijon shahriga olib ketayotgan vaqtda DXX xodimlari tomonidan qo‘lga olingan. Tekshiruv davomida ularning yonida 1,982 kilogramm “gashish” moddasi borligi ma’lum bo‘lgan.

Bundan tashqari, Qo‘rg‘ontepa tumani Qorasuv shahrida yashovchi, 1996-yilda tug‘ilgan Lochinbek Latipjonov ham qirg‘izistonlik Abdulaziz ismli shaxs tomonidan Shaxrixonsoy kanali orqali oqizib yuborilgan 2,81 kilogramm “gashish” moddasini qabul qilib olib, kelgusida sotish uchun o‘z yashash xonadoniga yashirib qo‘ygan. DXX xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida ushbu giyohvand modda ham tegishli tartibda rasmiylashtirib olingan.

O‘tkazilgan tezkor tadbirlar natijasida og‘ufurushlardan jami 15,559 kilogramm “gashish” giyohvand moddasi ashyoviy dalil sifatida olingan.

Hozirda ushbu holatlar yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining tegishli moddalariga muvofiq jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (19-10-2019, 06:43)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Понравился ли Вам наш сайт?

КТО НА САЙТЕ?
( 110) ( 0) ( 109) ( 1)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют