» » “Odam yollab tadbirkorni turolmaydigan qilib kaltaklash buyurildi”. Dehqonobodda tadbirkorlar o‘rtasida mojaro kelib chiqdi

“Odam yollab tadbirkorni turolmaydigan qilib kaltaklash buyurildi”. Dehqonobodda tadbirkorlar o‘rtasida mojaro kelib chiqdi


“Daryo” internet nashriga Dehqonobod tumanidagi bozorlardan birining achinarli ahvoli aks etgan video kelib tushdi. Video muallifining yozishicha, mazkur bozor tumanning Boyqo‘rg‘on qishlog‘idagi “Tursunxon Bibizulayho dehqon (oziq-ovqat) bozori” mas’uliyati cheklangan jamiyatiga qarashli bo‘lib, har dushanba kuni bo‘lib o‘tadi.

Videodan anglashilishicha, bozorda savdo qilmoqchi bo‘lgan savdogarlar ikki haftadan beri sanitariya talablariga javob bermaydigan hududda savdo qilishga majbur bo‘lgan.

Videotasvirdagi savdogarlarning shikoyat qilishicha, savdo qilish uchun ajratilgan joy talabga javob bermaydi.

Tadbirkorlardan biri “Tepaga chiqaylik, baland, keng joy. Top-toza qilib qo‘yibdi, desa. Yana biri 20 yildan beri bozor qilgan mas’ullar biror bir sharoit yaratmaganidan noliydi. Yana bir savdogar esa “Pulni, chekni olishni bilgan odam hamma joyni topa-toza qilib sharoit yaratmaydimi?”, deydi.

Ma’lum bo‘lishicha, Boyqo‘rg‘on qishlog‘idagi “Tursunxon Bibizulayho dehqon (oziq-ovqat) bozori” MChJga qarashli bozor 2007-yil tashkil etilgan bo‘lib, 2019-yil iyul oyiga qadar faoliyat yuritgan. O‘tgan 12 yil davomida bozorda birorta qurilish yoki ta’mirlash ishlari olib borilmagan.

“Tursunxon Bibizulayho dehqon (oziq-ovqat) bozori” MChJ mas’uli Hamdam Mahmudovning aytishicha, 2019-yil iyul oyidan tuman hokimi farmoyishiga muvofiq “Boyqo‘rg‘on bekligi dehqon bozori” MChJ tashkil etilgan va uning rahbarligidagi bozor faoliyati to‘xtatilgan. Ammo bozor mas’ullari bundan xabardor qilinmagan.

— Viloyatning sobiq hokimi Zafar Ro‘ziyev vaziyatni o‘rgangach, mol bozorini yuritish uchun bizga ruxsat berdi, oziq-ovqat bozorga esa “Boyqo‘rg‘on bekligi” mas’ullari ega chiqishi kerakligini aytdi, — deydi Hamdam Mahmudov. — Ammo ular kelishuvga amal qilmadi. Mol bozorini yuritishda davom etdi. Boz ustiga olti oy bizni sarson qildi.

Dehqonobod tuman hokimligi mas’ullarining ta’kidlashicha, Hamdam Mahmudov 2019-yil iyun oyidagi tuman hokimi farmoyishidan norozi bo‘lib, Prezident virtual qabulxonasiga murojaat yo‘llagan.

Qashqadaryo hokimi o‘rinbosari O‘tkir Bo‘tayevning murojaatga javoban yo‘llagan xatidan ma’lum bo‘lishicha, “Tursunxon Bibizulayho dehqon oziq-ovqat bozori” MChJ O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 27-martdagi “2017—2019-yillar davrida dehqon bozorlarni rekonstruktsiya qilish va ularning hududida zamonaviy savdo majmualari qurish dasturini tasdiqlash va ularning hududida zamonaviy savdo majmualari qurish dasturini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori hamda Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 28-avgustdagi qarorlari talablariga mos kelmaydi. Shuningdek, bozor faoliyati talabga javob bermasligi haqida tuman DSENM, tuman favqulodda vaziyatlar bo‘limi xulosa bergan. Tuman soliq inspeksiyasi esa bozor rahbariyati tushumlar rejasini bajarmay kelayotgani haqida ma’lumot kiritgan. Tuman hokimi Zoir Aliqulov esa mazkur xulosalarga tayanib, bozorni yopish haqida qaror qilgan va yangi bozor tashkil etgan. Biroq tuman prokurori Laziz Hamrayev bozorni yopish haqidagi hokim farmoyishiga protest kiritadi. Natijada hokim farmoyishi o‘zgartirilib, “Tursunxon Bibizulayho dehqon oziq-ovqat bozori” MChJga bozordagi kamchiliklarni bartaraf etish uchun o‘n kunlik muddat beriladi. Viloyat ishchi guruhi tomonidan 2019-yil 27-noyabr kuni holat o‘rganilganda kamchiliklar haligacha bartaraf etilmagani aniqlanadi.

— 2019-yil iyul oyidan e’tiboran qonuniy tartibda faoliyatimizni davom ettirayotgandik, — deydi “Boyqo‘rg‘on bekligi dehqon bozori” rahbari Bekzod Berdiyev. – Shu paytga qadar savdogarlar uchun barcha shart-sharoitni yaratdik. Endi esa eski bozor egalari zo‘ravonlik bilan bizning bozorimizga o‘tayotgan savdogarlar yo‘lini to‘sib, talabga javob bermaydigan xarobada savdo qilishga majburlashyapti.

Bekzod Berdiyevning ma’lumot berishicha, qishloq ahli uchun bozor bo‘lib o‘tadigan kun — dushanba kuni “Tursunxon Bibizulayho dehqon (oziq-ovqat) bozori” MChJ mas’ullari tuman markazidan kelayotgan savdogarlar yo‘lini to‘sib, yangi tashkil etilgan bozorga o‘tishiga yo‘l qo‘ymagan. Oqibatda o‘rtada kelishmovchilik kelib chiqqan. O‘zaro janjal bir-biriga qo‘l ko‘tarishgacha borgan.

— Ikki haftadan buyon eski bozor egalari bizni urush uchun, odam yollayapti, — deydi Bekzod Berdiyev. – O‘tgan hafta bozor bo‘ladigan kun mening yo‘qligimdan foydalanib, odam yollab aka-ukalarimni rosa urishgan. Bu hafta ham maktab o‘quvchilarini yollab, bizning ta’zirimizni bermoqchi bo‘lishdi.

“Daryo” muxbiriga taqdim etilgan videoyozuvda o‘zini maktab o‘quvchilari deya tanishtirgan A. hamda B. ismli o‘quvchilar 500 ming so‘m evaziga yollanganini, ko‘rsatilgan odamni turolmaydigan darajada kaltaklash buyurilganini aytadi.

— Ko‘rsatilgan odamni turolmaydigan qilib urasizlar, evaziga 500 ming so‘m pul beramiz deyishdi, — deydi A.O‘.

A. hamda B. ismli yollanganlarning ma’lumot berishicha, ularni Shahboz ismli haydovchi bozor hududiga olib kelgan. Buyurtmachilar bilan ko‘rishgach, ularga kimni urushi lozimligi haqida topshiriq bergan. Haydovchi esa Damas rusumli avtomobilining davlat raqamini yechib olib, davlat raqamisiz harakatlangan. Yollangan maktab o‘quvchilari ko‘rsatilgan odamni kaltaklab, voqea joyidan qochib ketgan. Ammo tuman IIB xodimlari harakati bilan qo‘lga olingan.

Dehqonobod tuman IIB tergovchisi Alisher Nosirovning “Daryo” muxbiriga ma’lumot berishicha, dastlabki holat — “Boyqo‘rg‘on bekligi dehqon bozori” mas’ullarining kaltaklanishi va ularning ham bunga javoban ikkinchi tomonga qo‘l ko‘tarish holati bo‘yicha Jinoyat kodeksining 109-modda 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Ammo maktab o‘quvchilarining yollangani haqida hali bir to‘xtamga kelinmagan. Tergov-surishtiruv jarayoni davom etmoqda.

Vaziyatni o‘rgangan viloyat ishchi guruhi nafaqat eski bozorni, balki hokim farmoyishiga ko‘ra yangi tashkil etilgan “Boyqo‘rg‘on bekligi” dehqon bozorini ham o‘rganib, bozor atrofi devor bilan o‘ralgani ammo savdo-sotiq uchun sharoit yaratilmaganini bildirgan. Shuningdek, mol bozori xususiy maktabgacha ta’lim muassasasi bilan bir devor oraliqda joylashganini qayd etgan. Ishchi guruh “Boyqo‘rg‘on bekligi” bozori mas’ullariga bog‘cha yonidagi mol bozorini buzishni, o‘rniga avtoturargoh qurishni tavsiya qilgan bo‘lsa, “Tursunxon Bibizulayho dehqon oziq-ovqat bozori” MChJ ga esa yangi mol bozor qurish bo‘yicha tegishli ko‘rsatma bergan.

Dehqonobod tuman hokimligi axborot xizmatining “Daryo”ga ma’lumot berishicha, holat bo‘yicha 2019-yil 21-dekabr kuni tuman hokimi Zoir Aliqulov tomonidan iqtisodiy ishlar bo‘yicha Qashqadaryo viloyat sudiga da’vo ariza kiritilgan. Da’vo arizada javobgarlar — “Tursunxon Bibizulayho dehqon (oziq-ovqat) bozori” MChJ mas’ullariga mol bozor uchun munosib shart-sharoit yaratish, “Boyqo‘rg‘on bekligi dehqon bozori” MChJ uchun oziq-ovqat bozorida munosib shart-sharoit yaratish va mol bozorini tugatib, o‘rnida avtoturgoh qurish mas’uliyatini yuklash so‘ralgan.



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (28-12-2019, 15:28)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Что нужно улучшить на нашем сайте?

КТО НА САЙТЕ?
( 46) ( 0) ( 45) ( 1)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют