» » U hech qachon asabiylashmaydigan “muz odam”. “Real”ning “yuragi” Toni Kroos haqida

U hech qachon asabiylashmaydigan “muz odam”. “Real”ning “yuragi” Toni Kroos haqida


Germaniya terma jamoasi hamda “Real” klubi yarim himoyachisi Toni Kroos haqida hujjatli film olindi. Filmda nemis futbolchisining ko‘pchilikka notanish qirralari ochib berishga harakat qilingan. Quyida o‘sha filmdagi e’tiborga molik o‘rinlar matnli ko‘rinishda “Daryo” tarjimasi orqali taqdim etiladi.

“Bilaman, ko‘pchilik meni savdoyi deb o‘ylashi mumkin. Biroq oyoqlarimda oppoq butsilar bo‘lishi men uchun juda muhim. Ruhiy muammolarim bormi, yo‘qmi, bilmayman. Biroq qulay bo‘lishi va yaxshi o‘yin ko‘rsatishim uchun butsilarim toza bo‘lishi shart. Aks holda men o‘zimni noqulay his qilaman” , — deydi Kroos.

“Uning 2-3 juft oppoq butsilari bor. U bu oyoq kiyimlarini tozlashni hech kimga ishonmaydi. Butsilari ozoda ko‘rinishi uchun doim ularni o‘zi tozalaydi”, — deydi Kroosning jamoadoshi Garet Beyl.

“Toni — hissiyotlarga to‘la inson. Ammo u ba’zan notanish odamlarga darhol ochilishni xohlamaydi. Shu boisdan atrofiga devor qo‘yadi. Tonini do‘stlarimga tanishtirgan vaqtimda undan samimiyroq bo‘lishini so‘radim. Axir uning o‘zini tutishi o‘zgalarga g‘alatiroq ko‘ringan bo‘lardi-da. Gohida u qiziqish bildirmayotgandek yoki boshqalar singari suhbatlarda ishtirok etishni xohlamayotgandek ko‘rinadi, biroq aslida Tonining ochilishi uchun biroz vaqt kerak. Madridda o‘tkazayotgan besh yil ichida hech qachon shaharda bo‘lmaganmiz. Biz shahar odamlari emasmiz. Uyda xuddi keksalardek vaqt o‘tkazishni afzal ko‘ramiz. Toni bilan avvalroq qayergadir borish mumkin edi, biroq 2014-yildan buyog‘iga qayergadir borish imkonsiz ishga o‘xshab qolgandek tuyuladi”, — deydi Tonining rafiqasi Jessi.

“Uyda bo‘lishni yoqtiraman. Germaniya terma jamoasi o‘yinlaridan so‘ng uyga tunab qolish uchun shoshilaman. Bu menga kuch beradi. Eshikdan kirgan zahotim yutdikmi, yutqazdikmi, farqi yo‘q — har qanday natijani unutaman. Birinchi navbatda o‘z uyimda, avvalo, turmush o‘rtoq va otaman. Bu esa menga olg‘a borishimda yordam beradi”, — deydi Toni Kroos.

“Toni bilan Fuerteventura orolida tanishganmiz. U vaqtda men 20, Toni esa 18 yoshda edi. Men buni bir ko‘rishdagi muhabbat demagan bo‘lardim. Ammo Toni — qoyilmaqom inson. Keyinroq biz Germaniyada yana ko‘rishdik. Shundan so‘ng birga bo‘lishimizni tushunib yetdik”, — deya xotirlaydi Jessi Toni bilan uchrashuvini.

“Jessi hayotimga kirib kelishi bilan atrofimdagilar turli ranglarda namoyon bo‘la boshladi. Shunda futboldan ham muhimroq narsaga ega bo‘lganimni tushundim. Agar hech qachon tortishmaymiz, desam aldagan bo‘laman. Lekin hech qachon yolg‘iz uxlashimga to‘g‘ri kelmaydi — biz juda tez yarashib olamiz”, — deydi Toni rafiqasi bilan munosabati haqida.

Katta avlod vakillaridan o‘gitlar

“Birinchi bo‘limda keragidan ortiq yugurma. Ikkinchi bo‘lim uchun kuchingni saqla”, — derdi bobom (U “Real” muxlisi) deydi Toni.

“Men ko‘p bora darvozabonlarning maydonda uzala tushib yotishini, bu vaqtda esa futbolchilarning darvozaga zarba bera olmasliklarini guvohi bo‘laman. Shuning uchun Toniga darvoza tomon ko‘proq zarba berishi kerakligini aytaman. Toni bunday darajadagi texnika bilan asabiylashishi mumkin emas”, — deydi Tonining bobosi.

Toniga bunday xotirjamlik mendan emas, balki uning otasidan o‘tgan. Toni nimalarga qodir ekanligini yaxshi biladi. Menga yoqmagan yagona narsa esa uning qo‘llaridagi tatuirovka. Bu haqida uning o‘zi ham biladi”, — deydi Tonining buvisi.

“Toni hech qachon asabiylashmaydi. Uning maydonga tushishdan bir necha daqiqa oldin Jessi bilan qanday gaplashganini ko‘rganman. U ayoli bilan gaplashdi, so‘ngra telefonini sumkaga solib, maydonga chiqib ketdi. Tanaffusda esa telefonni olib, ayoliga shunday SMS xabar yubordi: “Uyga qaytishda yo‘l-yo‘lakay pomidor ola kel!”. Keyin esa yana maydonga yo‘l oldi. Hamma ham bunday vaziyatlarda u kabi sovuqqon bo‘la olmaydi”, — deydi Tonining jismoniy tayyorgarliklar bo‘yicha shifokori.

“Toni avval boshdan “Bavariya”ni o‘ziniki deb his qilmagan”, — deya yodga oladi Jessi.

“Toni “Bayer”da baxtli edi. U “Bavariya”ga qaytishni umuman xohlamagan edi. Biroq shartnoma shartlari sabab Myunxenga qaytishga majbur bo‘lgandi”, — deydi Tonining agenti.

“Oxir-oqibat o‘zim uchun eng qiyin yo‘lni tanladim: “Bavariya”da o‘z o‘rnimni egallash uchun ortga qaytdim. Qaytdim va shartnomani uzaytirdim. Lekin oradan 10 daqiqa o‘tiboq o‘z qarorimdan afsuslandim: klubdagi hech kim qaytganimdan xursanddek ko‘rinmayotgandi”, — deya xotirlaydi Kroos. (Toni 2014-yil “Bavariya”ni tark etib, “Real”ga ko‘chib o‘tadi).

“Biz Toniga taklif qilishimiz mumkin bo‘lgan eng katta summani taklif etdik. Shundan so‘ng unga bunga rozi bo‘lishi yoki rozi bo‘lmay ketishi mumkinligini aytdik. U esa bir lahzaning o‘zida ketishini aytdi. Javob meni hayron qoldirdi. Ammo menga Toni kabi o‘z prinsiplariga ega insonlar yoqadi”, — deydi “Bavariya” prezidenti Uli Hyoness.

“Rafiqam bundan mamnun. Bu esa klub uchun yaxshi belgi-a? Shunday emasmi?”, — deydi Toni.

“Bu juda yaxshi. Agar ular bu yerda baxtli bo‘lmaganida hammasi bu darajada yaxshi kechmasdi. Toni bilan shartnoma uzaytirilganidan mamnunmiz. “Madrid” safida harakat qilgan barcha nemis futbolchilari ajoyib edi. Biroq Toni ular orasida o‘ziga xos o‘rin egallaydi. Qarang, bizda kimlar o‘ynagan: Paul Braytner, Gyunter Netster, Uli Shtilike...”, — deydi “Real” bosh va ijrochi direktori Xose Anxel Sanches.

“Kiyim almashtirish xonasida Tonini “muz odam” deb chaqirishadi”, — deydi “Real” shifokori.

“Madridga chet ellik futbolchilar doimiy ravishda keladi. “Rondo” mashqlarini bajarayotgan vaqtimizda, ular buni alohida bajaradi. Biz esa buni “xorijliklar rondosi” deb ataymiz. Ammo Toni “Real”ga keliboq bizni hayratlantirdi. U “ispancha rondo”ga kelib qo‘shildi va yaxshi moslashib ketdi”, — deydi Serxio Ramos.

“Otam men uchun 50% ota, 50% murabbiy bo‘lgan. Bizning oramizdagi munosabatlarda biroz yanglish tushuncha bor edi: agar sen o‘z otang bilan mashg‘ulot o‘tkazsang, u senga nisbatan boshqalar kabi munosabatda yoki yanada qattiqqo‘lroq bo‘lishi kerak edi. Albatta, men ham bunga qarshi emasdim. Fikrimcha, bu normal holat edi. Biroq hozir bunday deb hisoblamayman. Ya’ni o‘sha qattiqqo‘llik ortiqcha bo‘lgan. Bu esa bizning ota-bola sifatidagi munosabatlarimizga kichik bo‘lsa-da, ta’sir o‘tkazgan”, — deya yodga oladi Toni.

“Bolaligida o‘yinlar tugagach biz ularni tahlil qilardik. Agar hozir shunday bo‘lganida bunday qilmasdim. Bolalarga o‘yin natijasidan qat’i nazar, o‘yinning o‘zidan rohat olishga, xotirjam bo‘lishga imkoniyat berish kerak deb o‘ylayman”, — deydi Tonining otasi.

“Toni “Bavariya”da futbol o‘ynash uchun 16 yoshidan uydan ketgan. O‘shanda menga juda og‘ir bo‘lgan: juda ko‘p yig‘laganman. Toni uyda bo‘lmasa ham doim dasturxonni 4 kishilik qilib tuzardim. O‘shanda o‘g‘lim xuddi uyga endi qaytmaydigandek tuyulardi”, — deydi Tonining onasi.

“Toni “Real”da hamma narsani yutib bo‘ldi, shuning uchun undan “Manchester Yunayted”ga kelishini so‘rab qolardim. Angliya chempionatini dunyodagi eng yaxshi liga deb bilaman. Biroq bitta narsa meni qattiq ranjitmoqda: “Real” o‘zimni to‘laqonli baxtli his etishimga yo‘l qo‘ymayapti”, — deydi Toni Kroosning muxlisi, do‘sti bo‘lgan mashhur qo‘shiqchi Robbi Uilyams.

Finalda Argentina mag‘lub etilgach, Germaniya terma jamoasi futbolchilarining kiyim almashtirish xonasiga mamlakat kansleri Angela Merkel kirib boradi. Hamma xursand holda Merkel xonim bilan suratga tushadi. Faqat Kroos chetda butsilari ipini yechish bilan ovora edi. Bunga Toni quyidagicha izoh bergandi:

“Ich-ichimdan barcha futbolchilar kabi g‘alabadan baxtli edim. Ammo o‘sha suratdagi hamma kabi men o‘zi his-tuyg‘ularimni shunchaki barchaga ko‘z-ko‘z qila olmayman. Ushbu surat mening kolleksiyamda yo‘qligidan afsuslanmayman. Diqqat markazida bo‘lish uchun menda hech qanday sabab yo‘q”.

“2014-yilgi Rojdestvo bayrami vaqtida Kroosga mundial kubogi va uning tasviri tushirilgan suratni sovg‘a qilmoqchi bo‘ldik. Biroq unga surat yoqmadi. Toni na uni kiyim almashtirish xonasi va na maydonda qo‘liga olib ko‘rdi”, — deydi Tonining jamoatchilik bilan aloqalar bo‘yicha agenti Maks Geys.

O‘zbek tiliga Asror Abdunazarov tarjima qildi.



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (7-02-2020, 15:57)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Понравился ли Вам наш сайт?

КТО НА САЙТЕ?
( 102) ( 0) ( 99) ( 3)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют