“Real Madrid” — “Bavariya”. Garet Beyl jamoadoshlariga yordam bera olmaydi
Madridning “Real” klubi bugun — 18-aprel kuni Yevropa Chempionlar ligasining yarim finaliga yo‘llanma olish uchun Myunxenning “Bavariya” klubiga qarshi javob o‘yinida maydonga tushadi.
AS nashrining ma’lumot berishicha, mezbonlarning yetakchi futbolchilaridan biri bo‘lgan Garet Beyl o‘yinda ishtirok eta olmaydi. Buni bosh murabbiy Zinedin Zidan ham tasdiqlab bo‘lgan.
Beyl oldinroq operatsiya qilingan bo‘lib, bir necha kun oldin o‘sha eski jarohatini yana yangilab olgan va “Real”ning so‘nggi mashg‘ulotida ishtirok eta olmagan.
Ma’lumot uchun, diskvalifikatsiyalari sabab bugun yana ikki futbolchi maydonga tushmaydi. Biri “Bavariya” vakili Xavi Martines bo‘lsa, ikkinchisi “Lester” himoyachisi Robert Xut. Shuningdek, ertangi o‘yinda Fabinyo “Monako”ga yordam bera olmaydi.
“Real” — “Bavariya” o‘yinida mezbonlardan uch, mehmonlardan esa ikki nafar futbolchi ehtiyot bo‘lib harakat qilishi talab etiladi. Yana bitta sariq kartochka ularni ehtimoliy yarim finalning birinchi o‘yinidan mosuvo qilishi mumkin. Bular: Toni Kroos, Luka Modrich, Serxio Ramos, Jerom Boateng hamda Arturo Vidal.
Добавить комментарий!
