» » Shavkat Mirziyoyev epidemiyaga qarshi kurash qoidalarini buzganda javobgarlik kuchayishi to‘g‘risidagi qonunni imzoladi

Shavkat Mirziyoyev epidemiyaga qarshi kurash qoidalarini buzganda javobgarlik kuchayishi to‘g‘risidagi qonunni imzoladi


O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Jinoyat, Jinoyat-protsessual kodekslariga hamda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqidagi qonunni imzoladi. Qonun matni O‘zA tomonidan e’lon qilindi.

Qonunga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksi 244-5-modda (Karantinli va inson uchun xavfli bo‘lgan boshqa yuqumli kasalliklar tarqalishi haqida haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan ma’lumotlarni tarqatish) bilan to‘ldirildi.

Mazkur moddaga ko‘ra, karantinli va inson uchun xavfli bo‘lgan boshqa yuqumli kasalliklarning paydo bo‘lishi hamda tarqalishi sharoitida karantinli va inson uchun xavfli bo‘lgan boshqa yuqumli kasalliklar tarqalishi haqida haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan ma’lumotlarni tarqatish bazaviy hisoblash miqdorining 200 baravarigacha miqdorda jarima yoki 300 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.

Ushbu moddaning birinchi qismida ko‘rsatilgan ma’lumotlarni nashr qilish yoki boshqacha usulda ko‘paytirilgan matnda yoki ommaviy axborot vositalari, shuningdek, Internet butunjahon axborot tarmog‘i orqali tarqatish bazaviy hisoblash miqdorining 200 baravaridan 400 baravarigacha miqdorda jarima yoki 300 soatdan 360 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud ikki yildan uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki uch yilgacha ozodlikni cheklash yoki uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Jinoyat kodeksining 257-1-moddasiga kiritilgan o‘zgarishga ko‘ra, sanitariyaga oid qonun hujjatlarini yoki epidemiyaga qarshi kurash hamda karantin qoidalarini buzganlik uchun jazo choralari kuchaytirildi.

257-1-moddaga ko‘ra, sanitariyaga oid qonun hujjatlarini yoki epidemiyaga qarshi kurash qoidalarini buzish, shu jumladan, karantinli va inson uchun xavfli bo‘lgan boshqa yuqumli kasalliklar paydo bo‘lishi hamda tarqalishi sharoitida davlat sanitariya nazorati organlarining tibbiy tekshiruvidan o‘tish va davolanish, karantinni o‘tash uchun belgilangan joylarga yetib borish va ushbu joylarni belgilangan muddat davomida tark etmaslik, kasallik yuqish xavfi mavjud bo‘lgan davrda muloqotda bo‘lingan shaxslar va borilgan joylar haqidagi ma’lumotlarni oshkor qilish to‘g‘risidagi yoki boshqa qonuniy talablarini uzrli sabablarsiz bajarmaslik odamlarning ommaviy kasallanishi yoki zaharlanishi real xavfini keltirib chiqarsa yoxud odamlarning ommaviy kasallanishiga yoki zaharlanishiga olib kelsa, bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravaridan 100 baravarigacha miqdorda jarima solish yoki besh yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilish yoki ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki bir yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoxud besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

O‘sha qilmish odamning o‘limiga sabab bo‘lsa, ikki yildan uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki uch yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoxud besh yildan yetti yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

O‘sha qilmish odamlarning o‘limiga sabab bo‘lsa, yetti yildan o‘n yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksi 29-2-modda (Karantinli va inson uchun xavfli bo‘lgan boshqa yuqumli kasalliklar paydo bo‘lishi hamda tarqalishi sharoitida tibbiy yo‘sindagi majburlov chorasini qo‘llash) bilan to‘ldirildi.

Mazkur moddaga ko‘ra, karantinli va inson uchun xavfli bo‘lgan boshqa yuqumli kasalliklar paydo bo‘lishi hamda tarqalishi sharoitida epidemiyalarga qarshi kurash qoidalarini buzishga oid huquqbuzarlik sodir etgan shaxsga nisbatan tegishli tibbiy asoslar mavjud bo‘lgan taqdirda davlat sanitariya nazorati organlari tomonidan karantinda saqlash yoki davolanish tarzidagi tibbiy yo‘sindagi majburlov chorasi qo‘llanilishi mumkin.

Tibbiy yo‘sindagi majburlov chorasi 30 sutkagacha bo‘lgan muddatda ma’muriy jazo tayinlash bilan birga qo‘llaniladi hamda davlat sanitariya nazorati organlari tomonidan belgilangan joylarda ijro etiladi.

Tibbiy yo‘sindagi majburlov chorasining ijrosi davlat sanitariya nazorati, ichki ishlar va O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi organlari tomonidan ta’minlanadi.

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 54-moddasiga ham karantin qoidalarini buzganlik uchun jazoni kuchaytiruvchi o‘zgartirishlar kiritildi.

Unga ko‘ra, karantinli va inson uchun xavfli bo‘lgan boshqa yuqumli kasalliklar paydo bo‘lishi hamda tarqalishi sharoitida vakolatli organning maxsus talablariga zid ravishda jamoat joylarida niqobsiz bo‘lish bazaviy hisoblash miqdorining besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Karantinli va inson uchun xavfli bo‘lgan boshqa yuqumli kasalliklar paydo bo‘lishining yoki tarqalishining oldini olish maqsadida belgilangan majburiy qoidalarni buzish, shu jumladan, karantinli va inson uchun xavfli bo‘lgan boshqa yuqumli kasalliklar paydo bo‘lishi hamda tarqalishi sharoitida shifoxonadagi ichki tartibga rioya etmaslik, davlat sanitariya nazorati organlarining tibbiy tekshiruvdan o‘tish va davolanish, karantinni o‘tash uchun belgilangan joylarga yetib borish va ushbu joylarni belgilangan muddat davomida tark etmaslik, kasallik yuqish xavfi mavjud bo‘lgan davrda muloqotda bo‘lingan shaxslar va borilgan joylar haqidagi ma’lumotlarni oshkor qilish to‘g‘risidagi yoki boshqa qonuniy talablarini uzrli sabablarsiz bajarmaslik fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining 20 baravaridan 30 baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa 30 baravaridan 50 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Bundan tashqari, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 257-moddasiga kiritilgan o‘zgartirishga ko‘ra, davlat sanitariya nazorati organlari nomidan ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqish va jarima solish tariqasida ma’muriy jazo chorasi O‘zbekiston Respublikasi bosh davlat sanitariya vrachi va uning o‘rinbosarlari, O‘zbekiston Respublikasi bosh davlat sanitariya inspektori va uning o‘rinbosari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati boshqarma boshliqlari va ularning o‘rinbosarlari, davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati boshqarmalari tuman (shahar) filiallarining mudirlari tomonidan qo‘llanilishi mumkin.

Avvalroq Toshkent, Samarqand va Farg‘onada niqobsiz yurgan fuqarolar jarimaga tortilgani haqida xabar berilgan edi. Qashqadaryoda karantin qoidalarini buzgan ikki choyxonachi va bir “qochoq” jarimaga tortildi. Shuningdek, O‘zbekistonda karantinga olinganlar va uning qoidalarini buzganlik uchun javobgarlikka tortilganlar soni ma’lum qilingan edi.



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (26-03-2020, 18:56)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Сколько времени в день вы проводите в социальных сетях?

КТО НА САЙТЕ?
( 50) ( 0) ( 49) ( 1)
Юзеры:
- отсутствуют
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют